Abdujalilov Abdukamol Abdumutalovichning
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek xalq sehrli ertaklarida motiv” 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Fil3627
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti. Ilmiy rahbar: Turdimov Shomirza Ganievich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ulug‘bek Sattorov: filologiya fanlari doktori, professor; Ilhom Sayitqulov: filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek xalq sehrli ertaklardagi barcha motivlarni aniqlash va tizimlashtirish, motivning tashqi va ichki xususiyatlariga ko‘ra tip va turlarga ajratish, uning chegaralarini belgilash, motivni ifoda shakli va mazmuniga ko‘ra tasniflash, uning sujetdagi o‘rni bilan bog‘liq masalalarni ilmiy tadqiq qilishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
motivning ertak sujetini yaratishdagi ahamiyati hamda motiv epik tur janrlarida obrazlarning sujetga ta’sir qiladigan va o‘zgartira oladigan xatti-harakati va holatlari ekani isbotlangan;
o‘zbek xalq sehrli ertaklari sujetida qatnashuvchi barcha motivlarning sujet tarkibidagi o‘rni, ularning sehrli ertakdagi ifoda mazmuniga ko‘ra turlari – motiv-situatsiya, motiv-harakat, motiv-dialog va motiv-tasvir, hamda ifoda mazmuniga ko‘ra turlari – yashirin, yig‘iq, to‘liq va yoyiq kabilarga ajratilgan va har biri misollar bilan dalillangan;
ertak sujetidagi halqa – lavhaning bir qancha motivlardan tashkil topishi, lavhalar uyishib sujetni tashil etishi ko‘rsatilgan hamda misollar asosida ochib berilgan;
ertak sujetida keluvchi sujetning dinamikasiga ta’sir qilmaydigan, ertakda axborot beruvchi, to‘ldiruvchi hamda qo‘shimcha izohlovchi qismlar bog‘lama ekani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
o‘zbek xalq sehrli ertaklaridagi motivlarni tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sehrli ertaklardagi motivlarning tur va tiplari hamda ularning sujet bilan munosabati, motivlarning tahliliga doir ilmiy-nazariy natijalaridan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida bajarilgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zR FA ning 2025-yil 2-iyundagi №3/1255-1356-son ma’lumotnomasi). Natijada “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi tarkibidagi o‘zbek xalq sehrli ertaklaridan tuzilgan “Odamtoy” nomli ertak jildiga doir so‘zboshi hamda ilmiy izohlar tayyorlash, lug‘at tuzish, xususan, ertakchilar haqidagi biografik ma’lumotlar, ularning repertuaridagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlariga doir tahliliy materiallarni takomillashtirishga erishilgan;
o‘zbek xalq sehrli ertaklari hamda ularning ahamiyatini keng omma orasida targ‘ib qilishda tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Zamonlar osha” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 9-oktyabrdagi 01-44/291-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq ertaklarini ta’lim-tarbiyadagi ahamiyatini keng targ‘ib qilishga erishilgan;
shuningdek, Qoraqalpoq davlat universitetida 2024–2025-yillarda bajarilgan Al-662204393 raqamli “Qoraqalpog‘iston folklorshunosligi antologiyasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada mazkur tadqiqotning nazariy xulosalaridan foydalanilgan. (Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining 2025-yil 4-sentyabrdagi 01-21-04/2727-son ma’lumotnomasi). Natijada “Qoraqalpog‘iston folklorshunosligi antologiyasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha ilmiy-nazariy jihatdan boyitilgan va yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan.