Alikulov Begali Saydullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Ayrim galofitlarning galotolerant bakteriyalari: xususiyatlari, xilma-xilligi va ahamiyati», 03.00.04 – Mikrobiologiya va virusologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/B13.
Ilmiy maslahatchi: Ismoilov Zafar Fayzullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Shokirov Zoir Soatovich, biologiya fanlari doktori, professor; Tashpulatov Javlon Jamonidinovich, biologiya fanlari doktori; Sasmakov Sobirdjan Anarmatovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:O‘zbekistonda tarqalgan ayrim galofitlardan galotolerant endofit bakteriyalarini ajratish, biologik xususiyatlarini aniqlash, xilma-xilligini baholash va amaliyotda qo‘llashdagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Haloxylon aphyllum, Halocnemum strobilaceum va Halostachys belangeriana o‘simliklaridan 10% NaCl li ozuqada o‘stirish orqali 65 ta galotolerant bakterial izolyatlar ajratib olingan, ularning orasida 15 tasida fitopatogen zamburug‘lar                     (F. solani, F. oxysporum, R. solani) va shartli patogen bakteriyalar (E. coli, S. aureus, P. aeruginosa)ga nisbatan antagonistik faolligi yuqori bo‘lishi aniqlangan;
morfo-kultural tavsiflash va molekulyar-genetik tahlillar H. aphyllum, H. strobilaceum va H. belangeriana larda galotolerant endofit bakteriyalarning 3 ta  sinf, 3 ta tartib, 4 ta oila hamda 5 turkumga mansub 13 ta turi uchrashini ko‘rsatgan,  ushbu o‘simliklar mikrobiotasida Isoptericola halotolerans va Bacillus endophyticus turlari uchrashi ilk bor aniqlangan,  natijada o‘simliklar galotolerant endofit bakteriyalarining taksonomik tarkibi hamda xilma-xilligi bo‘yicha ma’lumotlar to‘ldirilgan;
stressli sharoitda Bacillus amyloliquefaciens HAPH2 (77,8±4,4 mkg/ml) va Bacillus subtilis SSU16 (73,2±3,2 mkg/ml) shtammlarida   ISK hosil qilish,  Bacillus pumilus  SSU4 (65,7±3,0 mkg/ml) shtammida  fosfat eritish, Pseudomonas chlororaphis  HAST17 (8,8±0,7 mkg/ml) shtammida siderofor hosil qilish, B. amyloliquefaciens HAPH2,  Planomicrobium soli HAPH15,  P. chlororaphis HAST17,  B. pumilus SSU4, Bacillus endophyticus  SSU7 shtammlarida ASK-deaminaza va N2 fiksatsiyalash hamda urug‘lar unuvchanligini stimullash xususiyatlari boshqa shtammlarga nisbatan  1,7-8,2 baravar yuqori bo‘lishi asoslangan; 
g‘o‘za, bug‘doy va bodring ustida olib borilgan vegetatsion hamda dala  tajribalarida B. amyloliquefaciens HAPH2, P. chlororaphis HAST17 va  B. pumilus SSU4 shtammlari suspenziyasi bilan urug‘ga ishlov berish sho‘rlanish sharoitida  ekin turiga qarab ildiz rivojlanishini 16% gacha, maysa shakllanishini 22%gacha yaxshilashi,  mahsuldor poya soni va diametri, ildiz massasi kabi hosildorlikni belgilaydigan biometrik ko‘rsatkichlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan;
B. amyloliquefaciens HAPH2,   P. chlororaphis HAST17 va   B. pumilus SSU4 shtammlari 3-metil-1-butanol, butanol-1, atsetofenon,  tetrametilpirazin kabi ikkilamchi metabolitlar hosil qilish orqali fitopatogenlarga nisbatan antagonistik faollik namoyon qilish va stressli sharoitda o‘simliklar o‘sishini stimullashi  asoslanib, ushbu shtammlarning bakterial kulturasi suspenziyasining hayvonlarga nisbatan toksik ta’sir ega emasligi aniqlangan;
galotolerant bakteriyalar faol shtammlarini o‘stirish uchun xashaki lavlagi ekstrakti (15 g/l), yomg‘ir chuvalchanggi uni (15 g/l) va  pivo achitqisi (5 g/l) dan iborat ozuqa muhiti tarkibi tanlangan,  B. amyloliquefaciens HAPH2, P. chlororaphis HAST17 va   B. pumilus SSU4 shtammlari faoliyatiga asoslangan “SB Shukrona” suyuq mikrob preparatini ishlab chiqish texnologiyasi yaratilgan va mazkur preparatni qo‘llash orqali ekin turiga qarab 12,9%-16,8% samaradorlikka erishish mumkinligi asoslangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda tarqalgan ayrim galofitlardan galotolerant endofit bakteriyalarni ajratish, biologik xususiyatlarini aniqlash, xilma-xilligini baholash va amaliyotda qo‘llashdagi ahamiyatini ochib berish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
galofitlardan ajratib olingan endofit bakteriyalarning 15 ta istiqbolli shtammlari 16S rRNK geni nukleotidlar ketma-ketligi National Center for Biotechnology Information (NCBI) ma’lumotlar bazasida MZ443975.1 (Bacillus amyloliquefaciens HAPH2), MZ443981.1 (Bacillus toyonensis HAPH8), MZ443985.1 (Isoptericola halotolerans HAPH12),  MZ443988.1 (Planomicrobium soli HAPH15), MZ443989.1 (Pseudomonas kilonensis HAPH16), OK594050.1 (Priestia megaterium HAST2), OK594051.1 (Priestia aryabhattai HAST7), OK594052.1 (Pseudomonas plecoglossicida HAST9), OK594053.1 (Pseudomonas putida HAST10), OK594054.1 (Pseudomonas chlororaphis HAST17), OK559720.1 (Bacillus pumilus SSU4), OK559721.1 (Bacillus endophyticus SSU7), OK559722.1 (Bacillus subtilis SSU16), OK559723.1 (Isoptericola halotolerans SSU18), OK559724.1 (Pseudomonas kilonensis SSU21) raqamlari bilan ro‘yxatga kiritilgan (https://submit.ncbi.nlm.nih.gov/subs/?search=SUB9907630). Natijada, ma’lumotlar bazasiga kiritilgan endofit bakteriyalar 16S rRNK genini nukleotidlar ketma-ketligi ulardan filogenetik tahlil uchun dunyo miqyosida foydalanish imkonini bergan;
Haloxylon, Halocnemum va Halostachys turkumiga mansub galofit o‘simliklardan ajratib olingan galotolerant endofit bakteriyalarning xilma-xilligi va xususiyatlarini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida olingan ma’lumotlardan yuqori impakt-faktorli (IF) 7 ta xorijiy jurnallarda mikroorganizmlarning antifungal va ekinlar o‘sishini stimullash xususiyatlarini aniqlash hamda o‘simlikda stress omil ta’sirini yumshatishda endofit bakteriyalar ishtirokida  amalga oshadigan jarayonlar mexanizmlarini tushuntirishda foydalanilgan: Environmental Science and Pollution Research (2023), IF-6.2, ISSN 1614-7499, (Scopus); Microorganisms (2022), IF-4.6, ISSN 2076-2607, (Scopus); Plans (2022; 2024), IF-4.5, ISSN 2223-7747 (Scopus); AIMS Microbiology (2024), IF-2.7, ISSN 2471-1888, (Scopus); Molecular Biotechnology (2024), IF-2.7, ISSN 1073-6085, (Scopus); Russian Journal of Plant Physiology (2023), IF-1.4, ISSN 16083407, (Scopus). Natijada, biologik mexanizmlarni tavsiflash orqali endofit bakteriyalarning  xilma-xilligini aniqlash imkonini bergan;
galofitlardan ajratib olingan endofit bakteriyalarining istiqbolli shtammlariga asoslangan mikrob preparati bilan chigitga ekishdan oldin ishlov berib ekish bo‘yicha tavsiyalar Buxoro viloyati Romitan tumanidagi  “BCT Cluster”,  Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Cluster” klasterlariga qarashli  fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za etishtirish jarayonlariga  jami 108 gektar maydonlarga joriy etilgan (O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasining 2023-yil 27-noyabrdagi 01/22-913 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, chigitni mikrob preparati bilan bakterizasiyalash g‘o‘za o‘sish va rivojlanishini stimullashi orqali sho‘rlanish sharoitida g‘o‘zadan gektariga 3,2 sentner qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
bug‘doy etishtirishda urug‘ga ekishdan oldin endofit bakteriyalarining istiqbolli shtammlariga asoslangan mikrob preparati bilan ishlov berish va NPK miqdorini 20% gacha kamaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi “SCT Cluster” klasteriga qarashli  fermer xo‘jaliklarida jami 84 gektar maydonlarga joriy etilgan (O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasining 2023-yil 27-noyabrdagi 01/22-913 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, urug‘ni mikrob preparati bilan bakterizasiyalash bug‘doy ildiz shakllanishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, mahsuldor poyalar sonini 14% gacha oshirishi orqali qurg‘oqchilik sharoitida bug‘doydan gektariga 2,7 sentner qo‘shimcha hosil olish, mineral o‘g‘itlar sarfini 20% gacha kamaytirish imkonini bergan;
galofit o‘simliklar endofit bakteriyalari, ularning o‘simliklar o‘sishini rag‘batlantirish xususiyatlariga oid takliflar 60510100-biologiya va 60710200-biotexnologiya ta’lim yoʻnalishlarida o‘qitiladigan talabalar uchun belgilangan Malaka talabi standartlari mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazining 2022-yil 17-noyabrdagi 02/01-01-73 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, malaka talablari mazmuniga singdirilgan ayrim mavzularni o‘qitish bo‘lajak biolog va biotexnolog mutaxassislarda sohaga oid ko‘nikmalarni chuqurroq shakllantirish imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish