Oripova Lobar Norboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «MDEAni ko‘pik hosil qiluvchi komponentlardan tozalash uchun modifikatsiyalangan faollashtirilgan ko‘mir olish jarayonining texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.08 – Neft va gaz kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T2043.
Ilmiy rahbar: Hayitov Ruslan Rustamjonovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qarshi davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat texnika universiteti, DSc.03/28.02.2022.T.101.01. 
Rasmiy opponentlar: Maxmudov Muxtor Jamolovich, kimyo fanlari doktori, professor; Azimova Shodiya Abrarovna, texnika fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: metildietanolaminni (MDEA) ko‘pik hosil qiluvchi komponentlardan tozalash uchun modifikatsiyalangan faollashtirilgan ko‘mir olish jarayonining texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gidrofob moddalar: parafin, naften, aromatik uglevodorodlar va kondensat fraksiyalari hamda turli noorganik tuzlar MDEAning  ko‘piklanish qobiliyatiga ta’siri qonuniyati o‘rnatilib, ko‘pikning balandligi va uning yashash vaqtini oshirishi, gidrofil moddalar: spirtlar va aminospirtlar esa ko‘piklanishni kamaytirishi yoki umuman yuzaga keltirmasligi ilmiy asoslangan;
meva danaglari po‘stlog‘i va turli daraxtlar yog‘ochi asosida mikro- va mezog‘ovakli faollashtirilgan ko‘mir olishda xomashyoni karbonizatsiyalash jarayonining harorati – 300-400°C, vaqti – 1 soat, karbonizatni suv bug‘i bilan faollashtirish jarayonining harorati – 800°C, vaqti – 4 soatga teng bo‘lgan maqbul rejimi ishlab chiqilgan;
suv bug‘i yordamida faollashtirilgan ko‘mirni akril kislotaning 15 % li eritmasini ko‘mirga shimdirish va namunani 100oC haroratda 30 minut vaqtda inisiator sifatida 3 % li vodorod peroksidni qo‘llash orqali modifikatsiyalash usuli ishlab chiqilgan; 
modifikatsiyalangan faollashtirilgan ko‘mir tarkibida poliakril kislota (C2H3COOH)n, akrilonitril (Ch₂=Ch-C≡N), polibutilmetakrilat (C8H14O2), polimetilmetakrilat  ((C5H8O2)n)  va shu kabi boshqa ko‘p funksional guruhlari bor moddalarning hosil bo‘lganligi hisobiga ko‘mir organik qo‘shimchalardan tashqari noorganik qo‘shimchalar, ya’ni Na+, K+, NH4+, Ca2+, Mg2+ metall kationlarini ham ion almashinish yo‘li orqali adsorbsiyalashi isbotlangan;
tabiiy gazni aminli tozalash jarayonida ishlatilgan alkanolaminlar eritmalarini filtrlash uchun quvvati 300 t/yil bo‘lgan meva danaglari po‘stlog‘i va turli daraxtlar yog‘ochlari asosida modifikatsiyalangan faollashtirilgan ko‘mir olish jarayoni texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. MDEAni ko‘pik hosil qiluvchi komponentlardan tozalash uchun modifikatsiyalangan faollashtirilgan ko‘mir olish jarayonining texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
mahalliy xomashyolar: o‘rik danagi po‘stlog‘i, tut va chinor daraxtlari yog‘ochi asosida faollashtirilgan ko‘mir olish va ularni modifikatsiyalash usuli Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining ishlab chiqarish jarayonlariga tadbiq qilish bo‘yicha istiqbolli rejasiga kiritilgan («O‘zbekneftgaz» AJning 2023-yil 22-avgustdagi 08-18-8-658-son ma’lumotnomasi). Natijada, MDEA eritmasi tarkibidagi ko‘pik hosil qiluvchi va metallar korroziyasiga sabab bo‘luvchi qo‘shimchalar: H2S miqdori – 0,06 dan 0,0015 mol/mol gacha; CO2 – 0,36 dan 0,01 mol/mol gacha; mineral tuzlar miqdori – 8,90 dan 2,63 g/kg gacha kamayishi imkonini beradi;
akril kislota bilan modifikatsiyalangan AU-KU, AU-T va AU-K rusumli faollashtirilgan ko‘mirlarni olish texnologiyasi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Muborak gazni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish jarayonlariga tadbiq qilish bo‘yicha istiqbolli rejalariga kiritilgan («O‘zbekneftgaz» AJning 2023-yil 22-avgustdagi 08-18-8-658-son ma’lumotnomasi). Natijada, MDEA eritmasining ko‘piklanish balandligi – 42 dan 15 mm gacha, ko‘piklanish vaqti – 33 dan 9 sek. gacha kamayishi, shuningdek,  MDEA eritmasi tarkibidagi ko‘pik hosil qiluvchi va metallar korroziyasiga sabab bo‘luvchi qo‘shimchalar: H2S miqdori – 0,13 dan 0,002 mol/mol gacha, CO2 – 0,43 dan 0,015 mol/mol gacha, mineral tuzlar – 9,48 dan 2,23 g/kg gacha kamayishi imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish