Abdimuminov Oybek Bektemirovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Markaziy Osiyo davlatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan munosabatlari tarixi”, 07.00.05 – Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Tar353.
Ilmiy maslahatchi: Rahimov Mirzohid Akramovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03.31.01.2024.Tar.21.03.
Rasmiy opponentlar: 
Jo‘raev Qodir Asadovich, siyosiy fanlari doktori, professor.
Ubaydullaeva Saodat Fatxullaevna, siyosiy fanlar doktori, dotsent.
Ismatullaev Farxod Odilovich, tarix fanlari doktori, professor v.b.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1991-2024-yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining BMT bilan hamkorlik aloqalari tarixini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Markaziy Osiyo mamlakatlarining BMTga a’zo bo‘lishi mustaqillikdan keyingi muhim tarixiy voqea bo‘lganligi, Tashkilot faoliyatida ishtirok etish orqali jahon geosiyosiy maydoniga chiqish, xalqaro munosabatlarda faol ishtirok etish, mahalliy, mintaqaviy va global ahamiyatga ega bo‘lgan muammolar bo‘yicha taklif va tashabbuslarini ilgari surish uchun mazkur global tuzulmadan minbar sifatida foydalanish imkoni yuzaga kelganligi ochib berilgan; 
Markaziy Osiyo mamlakatlarining BMT doirasida ilgari surgan va amalga oshirgan: mintaqani yadro qurolidan xoli hudud deb e’lon qilish, mintaqada tinchlik, barqarorlik, jahonda ma’rifat va diniy bag‘rikenglikni tar’g‘ib etish (O‘zbekiston), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengash tashkil etish (Qozog‘iston), tog‘ ekotizimlarini himoya qilish (Qirg‘iziston), xalqaro muzliklarni muhofaza qilish (Tojikiston), BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazini yaratish (Turkmaniston) tashabbuslarining amaliy ahamiyati dalillngan;
BMT doirasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish, “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga oid rezolyusiyalar hamda iqlim migratsiyasiga oid Global pakt qabul qilish kabi yangi formatdagi tashabbuslarining amalga oshirilishi xalqaro va mintaqaviy barqaror rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etishi asoslab berilgan.     
Markaziy Osiyo mamlakatlarining BMT doirasidagi tashabbuslarida, jumladan,  O‘zbekiston va Qozog‘iston mahalliy, mintaqaviy va global masalalar, Qirg‘iziston tog‘lar diplomatiyasi orqali ekologik muvozanatni barqarorlashtirish, Tojikiston tomonidan tog‘ muzliklarini himoya qilish, suv diplomatiyasi, iqlim o‘zgarishlari, Turkmaniston neytralitet masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi, shuningdek, mintaqadagi muammolarga birgalikda, umumiy yondashuvlar asosida echim topishi maqsadida “BMT+Markaziy Osiyo” platformasini, BMTning suv masalalari bo‘yicha mintaqaviy vakilligini tashkil etish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib berilgan; 
Markaziy Osiyo mamlakatlarining BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan madaniy-gumanitar hamkorligi natijasida mintaqadagi tarixiy-madaniy meros obidalarining 25 tasi YuNESKOning “Butunjahon merosi”, 55 tasi “Nomoddiy madaniy meros”, 13 tasi “Jahon xotirasi” dasturi ro‘yxatlariga kiritilgani, 25 nafar tarixiy shaxs va 10 ta qadimiy shahar, 3 ta xalq eposi, 1 ta qadimiy tarixiy meros va 1 ta tarixiy-ilmiy muassasaning yubiley sanalarini xalqaro miqyosda nishonlanganligi, mintaqada 2 ta shahar “Ijodkor shaharlar tarmog‘i”ga kiritilganligi hamda ushbu ro‘yxatlarga yangi qo‘shma obektlarni kiritish zaruriyati asoslab berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi muzeyi ekspozisiyasini yaratish, xalqaro munosabatlar tarixi yoritib berilgan zallarini shakllantirishda, ularni mavzuga oid muhim hujjatlar, zarur eksponatlar hamda ilmiy ma’lumotlar bilan boyitishda, Ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazida respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlar, davra suhbatlarini tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining 2023-yil 6-iyundagi 1/99-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar Yodgorlik majmuasi muzeyi fondini boyitishga hamda ilmiy-tadqiqot ishlarining takomillashuviga xizmat qildi. 
O‘zbekistonning BMTga a’zo bo‘lishi, Markaziy Osiyoga oid maxsus dasturlari, o‘zaro hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari, madaniy-gumanitar sohadagi, jumladan, ilmiy-texnikaviy, ta’lim sohasidagi o‘zaro munosabatlar xulosalardan Fanlar akademiyasi Tarix institutida 2017-2020-yillarda amalga oshirilgan “FZ-2016-0908223644 “O‘zbekistonning eng yangi tarixi (4 jild)” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2024-yil 22-fevraldagi 3/1255-434-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasining BMT bilan munosabatlari tarixi va Tashkilot doirasida ilgari surilgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni ko‘rsatib berishga xizmat qilgan. 
O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillarida tashqi siyosat va xalqaro munosabatlarning yo‘lga qo‘yilishi, ikki va ko‘p tomonlama aloqalarning olib borilishi, O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik mustahkamlash, Afg‘oniston muammosi, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish, ekologik va suv muammolari, Orol fojiasi kabi masalalar yuzasidan o‘zaro hamkorligiga oid masalalar Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi markazida 2018-2020- yillarda bajarilgan “PZ-20170928749–“O‘zbekiston mustaqillikka erishishining tarixiy shart-sharoitlari: ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy omillar” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2024-yil 22-fevraldagi 3/1255-434-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi Oʻzbekistonning ko‘p tomonlama xalqaro munosabatlari, BMT doirasidagi mintaqaviy tashabbuslarini ko‘rsatib berish hamda monografik tadqiqot nashr etilishiga xizmat qilgan. 
Markaziy Osiyoda xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, mintaqada yadro qurolidan xoli hudud yaratish, Afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etish, ekologik masallarga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb etish borasida O‘zbekistonning BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslari Fanlar akademiyasi O‘zbekistonning eng yangi tarixi markazida 2018-2020-yillarda bajarilgan “OT-A1-31-«O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov zamondoshlari xotirasida” amaliy loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2024-yil 22-fevraldagi 3/1255-434-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlash va bu borada O‘zbekistonning BMT doirasidagi xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarini yoritib berishga xizmat qilgan. 
O‘zbekiston Respublikasi va BMT aloqalarining o‘rnatilishi, o‘zaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari, hamkorlik dinamikasi va tendensiyasining rivojlanish jarayonlari, Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, mintaqada ekologik hamda suv muammolari yuzasidan O‘zbekiston va BMT hamkorligi, O‘zbekiston tarixi, madaniyati va san’atini o‘rganish masalalari “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Mavzu” va “Aslida qanday?” dasturlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 16-oktyabrdagi 01-44-325-son ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, BMT va uning tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari dinamikasini ko‘rsatib berishga xizmat qilgan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish