Asanov Dauranbek Jadigerovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Impul’s-fotonli qayta ishlash yordamida yarimo‘tkazgichlar va metallar asosida olingan qattiq jismli tuzilmalarining xususiyatlari” mavzusidagi 01.04.10-Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2. PhD/FM665.
Ilmiy rahbar: Kamalov Amangeldi Bazarbaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti va Belarus milliy fanlar akademiyasi fizika-texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.09.2020.FM.55.04 Raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Zikrillaev Nurulla Fatxullaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor - Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti
Asatova Umida Palvanovna, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent - Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Dissertatsiya ishining maqsadi: maqsadli tuzilma va fizikaviy parametrlar bilan tavsiflangan materiallarni shakllantirish uchun InP, Al-Si va uglerod nanozarrachalari hamda TiSi2 va Mg2Si asosidagi yupqa qatlamlarni lazerli ablyasiya va tezkor termik ishlov berish usullari yordamida sintez qilish jarayonlarining qonuniyatlarini o‘rganish va ularning shakllanish mexanizmlarini nazariy hamda eksperimental jihatdan asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
suv muhitida indiy fosfidi (InP) nanobirikmalari ilk bor ikki impulsli lazer ablyasiyasi usuli yordamida sintez qilingan. Rastrli elektron mikroskopiya (REM) va optik spektroskopiya natijalariga ko‘ra, zarrachalarning o‘rtacha o‘lchamlari (15-800 nm) hamda ularning stexiometrik tarkibining lazer impulslarining parametrlariga bog‘liqligi asoslab berilgan;
suv muhitida Al-Si qotishmasining lazer ablyasiyasi natijasida alyuminiy va kremniydan iborat kristallik nanobirikmalar hamda o‘ziga xos krater tuzilmalari hosil bo‘lganligi tahlil qilingan. Ablyasiya mahsulotlarining morfologik xususiyatlari rastrli elektron mikroskopiya (REM) va energiyadispersiv mikroanaliz (EDS) usullari yordamida o‘rganilib, ularning turli energiya rejimlariga mos kelishi isbotlangan;
ilk bor suv muhitida MPG-6 grafitining lazerli ablyasiyasi orqali uglerod nanozarrachalari sintez qilingan. Rastrli elektron mikroskopiya (REM) va yorug‘lik sochilish spektroskopiyasi (YKS) tahlillari natijalariga ko‘ra, nurlanish sharoitlarini o‘zgartirish orqali zarrachalarning o‘lchami (30 nm–1 µm), shakli va tuzilishini boshqarish mumkinligi isbotlangan;
TiN/Ti/Si tuzilmasining impulsli lazerli ishlov berish rejimlari (100-370 J/cm2, 1-2 s) aniqlangan va ular turli kristallografik tuzilishga ega bo‘lgan TiSi2 fazalarining (C49 va C54) selektiv sintezini ta’minlagani asoslab berilgan. Fazaviy tarkib rentgen difraksion tahlil (RDT) yordamida tasdiqlangan;
ilk bor Si-Mg-Si yupqa qatlamli tuzilmalarda termik tavlash jarayonida Mg2Si qattiq fazasining sintez kinetikasi o‘rganilgan. Rentgen fazaviy tahlil (RFA) natijalariga ko‘ra, maqsadli fazani shakllantirish uchun optimal harorat-vaqt rejimlariga (700 °C dan boshlab, 10-20 daqiqa) mos kelishi isbotlangan
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Impuls-fotonli qayta ishlash yordamida yarimo‘tkazgichlar va metallar asosida olingan ilmiy-amaliy natijalar asosida:
“FOTON” AJda yuqori termobarqarorlik va tashqi muhit ta’siriga chidamlilikka ega yupqa qatlamlarni yaratishda amaliyotga joriy etilgan (Ma’lumotnoma № 01-20-09/393, 2025-yil 13-fevral). Natijada bu yuqori harorat sharoitida ishlaydigan datchiklar, elektron tizimlarning faol elementlari, mikromexanik tuzilmalar hamda issiqlikka sezgir funksional modullarning asosiy qismi hisoblangan yuqori harorat va tashqi ta’sirlarga bardoshli yupqa qatlamli materiallar olish imkonini bergan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2020-2024-yillarda bajarilgan “O‘ta o‘tkazuvchan birikmalar, sintetik metallar va yarimo‘tkazgich birikmalar asosidagi yupqa qatlamlarning strukturaviy va fizik-kimyoviy xossalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqotlar dasturi doirasida noyob xossalarga ega, fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan kremniy va alyuminiy zarrachalarining barqaror suvli kolloid eritmasi yaratilgan (Ma’lumotnoma № 17-02/10, 2025-yil 10-fevral). Natijada bu kremniy, indiy fosfidi, nikel va alyuminiy zarrachalarining barqaror suvli kolloid eritmasini oraliq texnologik jarayonlarsiz bevosita olish imkonini bergan.