Raxmatov Feruz Kasimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Mahalliylashtirish va tarmoqlararo kooperatsiya jarayonlarini kengaytirish istiqbollari”, 08.00.02 – “Makroiqtisodiyot” va 08.00.03- “Sanoat iqtisodiyoti” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Iqt1965
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, DSc.14/30.12.2019.I.84.01.
Rasmiy opponentlar: Maxmudov Nosir Maxmudovich i.f.d., professor; Nuraliev Rustam Turg‘unovich, i.f.n. dosent
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy Universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda mahalliylashtirishni kengaytirish va tarmoqlararo kooperatsiya jarayonlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiya loyihalari samaradorligini baholash uslubiyoti “mahalliy va import buyurtmaning moliyaviy qiymati”, “ehtiyot zaxira saqlash xarajatlari”, “o‘zlashtirish xarajatlari” kabi ko‘rsatkichlardan foydalangan holda takomillashtirilgan;
tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida avtomobilsozlikda 763 turdagi (ayrim modellarning cho‘yan va po‘lat butlovchi qismlari, chiroqlar, shinalar, shovqinga qarshi va interer qismlari va b.) hamda tog‘-kon sanoatida 117 turdagi (shaxta vagonlari, konveer tasmasi, kon texnikalari uchun filtrlar va radiatorlar, moylash mahsulotlari va b.) yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari borligi asoslab berilgan;
mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘lab-quvvatlash maqsadida, ularga davlat xaridlarida ishtirok etishda ustuvorlik berish, “ofteyk shartnoma”lar tuzish, “B2B” va “B2C” formatida “marketpleys” shaklidagi erkin savdo maydonchasini tashkil etish, yirik investisiya loyihalarida mahalliylashtirish majburiyatlarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;
tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi va import o‘rnini bosuvchi mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga 2030 yilgacha yirik investisiya loyihalari doirasida “mahalliy kontent” ulushini 42 foizga yoki 31,2 mlrd. dollarga etkazishning prognoz parametrlari hisoblangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi O‘zbekiston Respublikasida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini samaradorligini aniqlash, kelajak istiqbollarini asoslash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar va amaliy takliflar asosida quyidagilar joriy etilgan:
mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiya loyihalari samaradorligini baholash uslubiyoti “O‘zavtosanoat” AJ hamda tarmoq korxonalarida loyihalar samaradorligini aniqlashda foydalanilgan (“O‘zavtosanoat” AJning 2024 yil 10 fevraldagi 21/06-25-0238 son xati). Mazkur uslubiyot asosida iqtisodiy samarasi o‘rganilgan 50 ta butlovchi qismlarini mahalliylashtirish hisobiga Onix va Treker modellari faralari va chiroqlarini xarid narxlarini 17 foizga hamda cho‘yan butlovchi qismlari narxlarini 5 foizga, Treker, Damas va Labo modellari shinalari narxlarini 9-39 foizga, Treker modeli tom qismi narxini 48 foizga tushirishga erishiladi. Natijada, 2025 yilda 26 ta mahalliy korxona bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, 98,9 mln.dollarlik yangi detallarni mahalliylashtirish va tannarxni 2,5 trln.so‘mga qisqartirish rejalashtirilgan;
tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar Respublika tarmoqlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etishda foydalanilgan (Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2024 yil 24 dekabrdagi 02-20-01569 – son xati). Mazkur ko‘rgazmada 5 254 ta mahalliy korxona qatnashib, 2 073 turdagi yangi mahalliylashtirilgan mahsulotlar namoyish etilgan, 30,4 trln. so‘mlik xarid shartnomalari imzolagan. Xususan, avtomobilsozlikda 79 ta korxona bilan 411 mln. dollarlik 763 tur yangi detallarni o‘zlashtirish, energetikada yirik “yashil” loyihalarda “mahalliy kontent” ulushini 25 foizdan 31 foizgacha etkazish, elektrotexnikada mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 23 foizga oshirib, 6,7 trln. so‘mga etkazish, tog‘-kon sanoatida kooperatsiya asosida 47 ta hududiy korxonani “shatakka olish” orqali 3,1 trln. so‘mlik 117 tur mahsulotni o‘zlashtirishga kelishilgan;
davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ustunlik berish bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 dekabrdagi PQ-417-son qarori loyihasini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqishda foydalanilgan (Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025 yil 5 fevraldagi 02/25-1-2528 – son xati). Mazkur takliflar asosida hududlar va tovarlar kesimida ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risidagi sanoat xaritasini ishlab chiqish, davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ofteyk shartnomalar tuzish imkoniyati yaratilgan, shuningdek «B2B» va «B2C» formatida «marketpleys» shaklidagi erkin savdo maydonchasi tashkil etilgan, davlat buyurtmachilari tomonidan ustuvor ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish mexanizmlari joriy qilingan;
2030 yilga qadar mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqishda Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan foydalanilgan (Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2024 yil 24 dekabrdagi 02-20-01569 – son xati). Ularni qo‘llash natijasida, 75,2 mlrd. dollarlik investisiya loyihalari doirasida 2025 yilda “mahalliy kontent” hajmini 6,2 mlrd. dollar yoki 32 foizga etkazish, 1 743 ta mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha 5,8 mlrd. dollarlik import o‘rnini bosuvchi yangi mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish, 786 ta hududiy korxonani “shatakka olish” hisobiga 825 mln. dollarlik yangi tur mahsulotlar ishlab chiqarish, yillik ishlab chiqarish hajmi 42 trln. so‘mlik 431 ta yangi quvvatlar yaratilishi ta’minlanadi.