Masharipov Norbek Kenjabaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mirzacho‘l vohasidagi bo‘z erlar va sug‘oriladigan tuproqlarning ekologik-meliorativ holati va biogeokimyosi (Xovos va Oqoltin tumanlari misolida)», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/B279.
Ilmiy rahbar: Parpiev G‘ofurjon Toxirovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/11.07.2025.B/Qx.01.17.
Rasmiy opponentlar: Turdaliev Avazbek Turdalievich, biologiya fanlari doktori, professor; Ismanov Abduvahob Jo‘raevich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mirzacho‘l vohasidagi bo‘z erlar, sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z, bo‘z-o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlarning ekologik-meliorativ holati va unumdorligini tabiiy va antropogen omillar ta’sirida o‘zgarishini, “tuproq - tabiiy va madaniy o‘simliklar” tizimida biogeokimyoviy xususiyatlarini aniqlash hamda erlardan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mirzacho‘l vohasi (Sirdaryo viloyati Xovos va Oqoltin tumanlari) hududida tabiiy va antropogen omillar ta’sirida bo‘z erlar → sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z → sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi → sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlar tomon ekologik-meliorativ holatida progressiv evolyusiya jarayoni vujudga kelganligi ilmiy asoslangan;
Sirdaryo viloyati Xovos va Oqoltin tumanidagi bo‘z erlar va sug‘oriladigan hududlarida “tuproq – tabiiy va madaniy o‘simliklar” tizimida siklik elementlardan Fe, Ca, Na, K, Mo, Mn, Ba, Sr, Cr, Zn, Ni, Co, Mg, Al, B, P, Cu, Pb, As, W va tarqoq elementlardan Rb, Cs, Ga, Li larning miqdori, sifati, konsentratsiya klarki, biologik singdirish koeffisientlari, biogeokimyoviy intensivligi va provinsiyalari aniqlangan;
Mn, Zn, Ni, Co, Cu va Pb elementlarining bo‘z erlar, sug‘oriladigan tuproqlardagi miqdori bilan tabiiy va madaniy o‘simliklar organlari o‘rtasidagi o‘zaro korrelyasiyasi “kuchsiz ijobiy” (r = 0,1-0,3), “o‘rtacha” (r = 0,4-0,6) va “kuchli ijobiy” (r = 0,7-1,0) ekanligi aniqlangan;
bo‘z erlarga nisbatan sug‘oriladigan tuproqlarda gidromorfizm jarayonlariga bog‘liq holda radial differensiatsiya koeffisienti “past holatda” (Kr = <1,0) ekanligi isbotlangan;
bo‘z erlar va sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z, bo‘z-o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlar ekologik-meliorativ holati baholangan, “ekologik jihatdan holati yaxshi” hududlar ekanligi ilmiy asoslangan hamda “Tuproq sho‘rlanganlik”, “Tuproqlarni zaharli tuzlar zahiralari bilan baholash” va “Agroekologik kartogramma”lari asosida hududda tabiiy o‘simliklarni asrab-avaylash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va foydalanishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mirzacho‘l vohasidagi bo‘z erlar va sug‘oriladigan tuproqlarning ekologik-meliorativ holati va biogeokimyosi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Mirzacho‘l vohasida tarqalgan bo‘z erlar va sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z, bo‘z-o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlarda siklik elementlardan – Fe, Ca, Na, K, Mo, Mn, Ba, Sr, Cr, Zn, Ni, Co, Mg, Al, B, P, Cu, Pb, As, W tarqoq elementlardan – Rb, Cs, Ga, Li larning miqdorlari, konsentratsiya klarki (KK), klark taqsimoti (Kt), radial differensiatsiya koeffisienti (Kr) aniqlangan va ularning ko‘rsatkichlari ekinlarni joylashtirishda Sirdaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 16 apreldagi 05/06-04-175-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu hududda siklik va tarqoq elementlarning aniqlangan ko‘rsatkichlari 0-2 metrlik tuproq-gruntlarni meliorativ, geokimyoviy, biogeokimyoviy baholash imkonini bergan va kelgusida olib boriladigan ilmiy-amaliy tadqiqotlar uchun fon miqdorlar sifatida xizmat qilgan;
Mirzacho‘l vohasida tarqalgan bo‘z erlar va sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z, bo‘z-o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlarning Mn, Zn, Ni, Co, Cu va Pb elementlari ko‘rstakichlari asosida ekologik xavfililik darajasi baholangan va 1:10 000 masshtabli “Agroekologik kartogramma”lari Sirdaryo viloyati Xovos tumani Hamza massividagi “Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi”, “Asilbek-Xovos” fermer xo‘jaligi va Oq oltin tumani Bobur massividagi “Oqoltin Tomorqa Servis” MChJ va “Indorama Agro” MChJ Xklarga qarashli jami 230,37 gektar maydonda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 16 apreldagi 05/06-04-175-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu erdan foydalanuvchilarga qarashli erlarning agroekologik holatlarini hisobga olgan holda tuproq unumdorligini yaxshilash, saqlash va oshirish, shuningdek, tabiiy va madaniy o‘simliklarni joylashtirish va erlardan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish imkonini bergan;
Sirdaryo viloyati Xovos tumani Xamza nomli massividagi “Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi”, “Asilbek-Xovos” fermer xo‘jaligi va Oqoltin tumani Bobur nomli massivdagi “Oqoltin Tomorqa Servis” MChJ va “Indorama Agro” MChJ XKlar uchun 1:10 000 masshtabli “Tuproq sho‘rlanganligi kartogramma”lari va “Tuproqlarni zaharli tuzlar zahiralari bilan baholash kartogramma”lari 230,37 gektar maydonda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 16 apreldagi 05/06-04-175-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu yerdan foydalanuvchilar qishloq xo‘jalik yerlari sho‘rlangan tuproqlarining mexanik tarkibi, sho‘rlanish darajasi va tipi hamda lokal xossa-xususiyatlariga ko‘ra ilmiy asoslangan sho‘r yuvish me’yorlari, soni va muddatlarini belgilash hamda 0-1 metrlik qatlamidagi zaharli tuzlar zaxiralari baholash va qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilash imkonini bergan;
“Mirzacho‘l vohasi tuproqlarining unumdorligini yaxshilashga doir tavsiyalar” mavzusida tavsiyanoma Sirdaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 16 apreldagi 05/06-04-175-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Mirzacho‘l vohasidagi qishloq xo‘jalik erlaridan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish uchun majmuaviy agrotexnik, agrokimyoviy, ekologik-meliorativ tadbirlarni amalga oshirishda ilmiy uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.