Ruziqulova Nigina Bobomuratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Mahalliy xomashyolar asosida tayyorlangan katalizatorlar yordamida atsetilendan atsetaldegid va atseton olish texnologiyasi», 02.00.14 ‒ Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi, (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/K1049.
Ilmiy rahbar: Vapoev Husnitdin Mirzoevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Navoiy davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi DSc.17/7.06.2024.K/T.06.03 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Ilhom Ikromovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Kadirov Xasan Irgashevich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘z resursini ishlab bo‘lgan katalizatorlardan mahalliy xomashyolar asosida atsetaldegid va atseton sintezi uchun yangi turdagi katalizator tayyorlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘z resursini ishlab tugatgan KKF katalizatori qayta ishlanib tarkibidan kadmiy birikmalari ajratib olingan va ular asosida atsetaldegid va atseton sintezi uchun yangi turdagi katalizatorlar ishlab chiqilgan;
ajratib olingan Cd birikmalari asosida atsetilendan bir vaqtning o‘zida atsetaldegid va aseton sintez qilish uchun mahalliy xomashyolar (bentonit, kaolin), kadmiy oksidi, mis oksidi kabi birikmalardan yangi turdagi geterogen yuqori selektiv katalizatorlar ishlab chiqilgan;
atsetaldegid va aseton moddalarini sintez qilishda kaolin va bentonit minerali asosidagi yangi geterogen katalizatorlarning katalitik xossalari (faolligi, selektivligi va mexanik xususiyatlari) aniqlangan;
geterogen – katalitik sintez jarayonini vaqti davomiyligiga va haroratga, katalizatorlar tabiati va miqdorining asosiy mahsulotlar unumiga tasiri hamda katalitik tizimlarning faollik qatori aniqlangan;
kaolin va bentonit kabi mahalliy komponenetlar asosida tayyorlangan geterogen katalizatorlar asosida atsetaldegid va aseton moddalarini sintez qilish jarayononig mexanizmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy xomashyolar bilan o‘z resursini ishlab tugatgan (chiqindi) katalizator asosida atsetaldegid va atsetonlarning geterogen-katalitik sintezi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘z resursini ishlab tugatgan katalizatorlar tarkibidan kadmiy birikmalarini ajratib olish usuli “Navoiyazot” AJda amaliyotga joriy etilgan (“Navoiyazot” AJning 2025 yil 17 apraldagi 03/2470-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy chiqindi KKF katalizatori tarkibidan kadmiy birikmalarini 90 % unum bilan ajratib olish imkonini bergan;
atsetaldegid va atsetonni geterogen-katalitik usulda sintez qilish texnologiyasi “Navoiyazot” AJda amaliyotga joriy etilgan (“Navoiyazot” AJning 2025-yil 17-apraldagi 03/2470-son ma’lumotnomasi). Natijada, KKM-4 markali katalizator ishtirokida geterogen-katalitik usulda atsetaldegid va atseton moddalarini mos ravishda 76 va 22% unum bilan sintez qilish imkonini bergan.