Maxmudov Jaxongir Komilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qor ko‘chkilari xavfi monitoringida geoaxborot tizimlaridan foydalanish (Ohangaron daryosi havzasi misolida)», 11.00.03 - Quruqlik gidrologiyasi. Suv resurslari. Gidrokimyo (geografiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Gr184. 
Ilmiy rahbar: Nishonov Bahriddin Erkinovich, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27/30.12.2019.Gr.47.01.
Rasmiy opponentlar: Xikmatov Fazliddin Xikmatovich, geografiya fanlari doktori, professor; Salimova Barno Djamalovna, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ohangaron daryosi havzasida qor ko‘chkilari monitoringida GAT texnologiyalarini qo‘llash va havzada qor ko‘chki rejimi elementlarining ko‘p yillik o‘zgarishlarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ohangaron daryosi havzasida sodir bo‘ladigan qor ko‘chki ko‘rsatkichlari va ularning shakllanishiga ta’sir etuvchi meteorologik omillar orasidagi bog‘lanishlar statistik baholangan, ularning regressiya tenglamalari tuzilgan;
havzada qor ko‘chkilarning ko‘p yillik rejimi elementlari (qor ko‘chkilar soni, qor ko‘chki hajmi, qor ko‘chki mavsumining davomiyligi, qor ko‘chkilarining takrorlanuvchanligi) miqdoriy baholangan;
Ohangaron daryosi havzasi tog‘li hududlarida qor qoplami qalinligining ko‘p yillik o‘zgarishlari masofadan zondlash va GAT texnologiyalari asosida aniqlangan;
havzaning xavfli qor ko‘chki mavjud hududlarining morfometrik raqamli xaritalari GAT texnologiyalari asosida yaratilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ohangaron daryosi havzasida qor ko‘chkilari xavfini baholashda geoaxborot tizimlari (GAT) yordamida olingan ilmiy natijalar asosida:
Ohangaron daryosi havzasida meteorologik ko‘rsatkichlarning qor ko‘chkilari sodir bo‘lishiga ta’siri va ular orasidagi statistik bog‘lanishlarni baholash natijalaridan Gidrometeorologiya xizmati agentligida havzada qor ko‘chkilarni sodir bo‘lishini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining 2025 yil 29 apreldagi 01-15/628-son ma’lumotnomasi). Natijada, Ohangaron daryosi havzasidagi qor ko‘chkilar sodir bo‘lishini meteorologik kuzatishlar asosida prognozlash imkoniyati yaratilgan;
Ohangaron daryosi havzasida qor ko‘chkilarining ko‘p yillik rejimi (qor ko‘chkilar soni, qor ko‘chki hajmi, qor ko‘chki mavsumining davomiyligi, qor ko‘chkilarining takrorlanuvchanligi) haqidagi ma’lumotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligida Dukantsoy, Qamchiqsoy, Naugarzansoy va Qizilcha daryolari havzalaridagi qor ko‘chkilar rejimini  aniqlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2025 yil 23 iyundagi 3/4/30-1737-son ma’lumotnomasi). Natijada, Ohangaron daryosi havzasida sodir bo‘lgan qor ko‘chkilari haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilgan;
Ohangaron daryosi havzasining tog‘li hududlarida shakllangan qor qoplami qalinligining o‘zgarishlarini masofadan zondlash va GAT texnologiyalari asosida baholash usulidan Gidrometeorologiya xizmati agentligida butun havza maydonida qor qoplami dinamikasini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining 2025 yil 29 apreldagi 
01-15/628-son ma’lumotnomasi). Natijada, Ohangaron daryosi havzasida er usti kuzatuvlari olib borilmaydigan hududlardagi qor qoplami maydoni va qalinligini masofadan aniqlash imkoniyati yaratilgan;
Ohangaron daryosi havzasidagi xavfli qor ko‘chki hududlari morfometrik ko‘rsatkichlarining GAT texnologiyalari asosida yaratilgan raqamli xaritalaridan Favqulodda vaziyatlar vazirligida qor ko‘chki o‘choqlarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2025 yil 23 iyundagi 3/4/30-1737-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qamchiqsoy va Kuindisoy daryolari havzalaridagi qor ko‘chki xavfli hududlarni aniqlashga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish