Utebaev Salamat Maksetbay ulining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kontrabanda uchun javobgarlik: jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi va 12.00.15 – Kriminologiya (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Yu890
Ilmiy rahbar: Najimov Miratdiyin Shamshetdinovich, yuridik fanlar doktori, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: O‘razaliev Murodbek Qoraevich – yuridik fanlar doktori, professor; Mirshaeva Kamola Olimovna – yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kontrabanda jinoyatining jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlarini tadqiq etish, amaldagi qonunchilikdagi mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda uni takomillashtirish yuzasidan ilmiy-nazariy xulosalar, qonunchilikka takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
so‘nggi yillarda uchuvchisiz uchadigan apparatlarning noqonuniy olib kirilishi xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganligi va ularning noqonuniy foydalanilishining oldini olish zarurati tufayli, mazkur apparatlarni olib kirganlik uchun birinchi marotaba ma’muriy, keyin esa jinoyiy javobgarlik belgilanishi lozimligi asoslantirilgan;
amaliyotda o‘qotar qurol qismlarining noqonuniy muomalasi keng tarqalayotgani va ular xavfsizlikka jiddiy tahdid tug‘dirayotganligi sababli, ushbu qismlarni kontrabanda jinoyatining predmeti sifatida qonunchilikda mustahkamlash zarurligi asoslantirilgan;
davlat suvereniteti va hududiy daxlsizlikni ta’minlash zarurati, shuningdek, amaldagi qonunchilikda uchrayotgan noaniqliklarni bartaraf etish ehtiyoji sababli, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi O‘zbekiston Respublikasining hududi doirasini (quruqlikni, suvni, er qa’rini va samoviy hududni) belgilovchi chiziqdan va bu chiziq bo‘ylab o‘tuvchi vertikal sathdan iborat ekanligi tushunchasi asoslantirilgan;
sud-amaliyotida turlicha talqinlarning oldini olish va yagona yondashuvni ta’minlash zarurati sababli, shaxsning bojxona chegaralaridan valyuta qimmatliklarini olib o‘tish bilan bog‘liq sodir etgan jinoyati kontrabandani tashkil etmasligi va bu valyuta qimmatliklarini olish yoki o‘tkazish jinoyati bilan ham qoshimcha kvalifikatsiya qilinmasligi asoslantirilgan;
mulk huquqi va fiskal manfaatlar muvozanatini ta’minlash nuqtayi nazaridan va huquqni qo‘llash amaliyotida adolatni ta’minlash sababli, bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tovar-moddiy boyliklar davlat egaligiga o‘tkaziladi. Agar tovar-moddiy boyliklar uchun bojxona to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu to‘lovlarni qaytarish masalasi hal qilinishi lozim ekanligi asoslantirilgan; 
sud amaliyotida bojxona qonunchiligini buzish va kontrabanda ishlarini ko‘rishda sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda dalillarni baholash jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilmasligi hollari uchrayotganligi, sudlar faoliyatida profilaktik va tartibga soluvchi mexanizmlarni kuchaytirish zarurati sababli, bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlarni ko‘rishda sudlar bunday jinoyatlar sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari, shuningdek ashyoviy dalillarni olish, hisobga qo‘yish, baholashda qonunchilikka rioya etilganligini sinchiklab tekshirishi va protsessual qonunchilik normalari buzilishi aniqlangan hollarda xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirishlari zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish uchun avval ma’muriy keyin esa jinoyiy javobgarlik belgilash yuzasidan berilgan takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 2444-moddasini takomillashtirishda foydalanilgan. Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasining “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 2024-yil 15-martdagi O‘RQ-921-son Qonunining 1-moddasida aks ettirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 9-iyuldagi №3/dn-145-son dalolatnomasi). Ushbu taklif, jazolashning mutanosibligi, bosqichma-bosqichligini va jinoyat siyosatini liberallashtirish tamoyilini ta’minlashga xizmat qilgan;
“qurol yoki o‘q-dorilarni” degan so‘zlar “qurolni, o‘q-dorilarni yoki o‘qotar qurolning asosiy qismlarini” degan so‘zlar bilan almashtirish bo‘yicha takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 246-modda birinchi qismi dispozisiyini takomillashtirishda foydalanilgan. Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 2022-yil 31-maydagi O‘RQ-772-son Qonunining 2-moddasi 1-bandida aks ettirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 9-iyuldagi №3/dn-145-son dalolatnomasi). Bu taklifning joriy etilishi kontrabanda jinoyatlarini aniqlashtirish va unga qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida o‘qotar qurolning asosiy qismlarini ham kontrabanda predmetlari qatoriga kiritishga xizmat qilgan;
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi O‘zbekiston Respublikasining hududi doirasini (quruqlikni, suvni, er qa’rini va samoviy hududni) belgilovchi chiziqdan va bu chiziq bo‘ylab o‘tuvchi vertikal sathdan iborat”ligi haqidagi taklifi O‘zbekistοn Respublikasining 2023-yil 13-sentyabrdagi O‘RQ–868-sοn O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qοnunining 
3-mοddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasining 2025-yil 8-yanvardagi №04\10-10-02-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi mamlakatimizda davlat chegarasi va bojxona chegarasi tushunchalari bilan bog‘liq noaniqliklarni bartaraf qilishga xizmat qilgan;
shaxsning valyutani qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali o‘tkazish bo‘yicha aybdorligi masalasini hal etishda, naqd valyuta bir necha shaxslarning ishtirokida, ular o‘rtasida taqsimlanib bojxona chegarasi orqali o‘tkazish holati aniqlanganida, qilmish naqd valyutaning jami miqdoridan kelib chiqib kvalifikatsiya qilinishi kerakligi, shuningdek, naqd valyutani bojxona chegarasi orqali o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlar JK 182-moddasi bilan qamrab olinib, JK 177-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmasligini anglatishi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda, jumladan mazkur qarorning 16-bandi beshinchi va oltinchi xatboshilarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025-yil 13-yanvardagi №01-30-25-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi bojixona sohasiga oid jinoyat ishlarini ko‘rishda qonun normalarini turlicha talqin qilish va qilmishlarga noto‘g‘ri huquqiy baho berish kabi xatoliklarning oldini olishga xizmat qilgan;
bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tovar-moddiy boyliklar davlat egaligiga o‘tkaziladi. Agar tovar-moddiy boyliklar uchun bojxona to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu to‘lovlarni qaytarish masalasi hal qilinishi lozimligini anglatishi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda, jumladan mazkur qarorning 21-bandi uchinchi xatboshisida aks etgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025-yil 13-yanvardagi №01-30-25-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi bojixona sohasiga oid jinoyat ishlarini ko‘rishda inson huquqlarini ta’minlashga xizmat qilgan;
bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlarni ko‘rishda sudlar bunday jinoyatlar sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari, shuningdek ashyoviy dalillarni olish, hisobga qo‘yish, baholashda qonunchilikka rioya etilganligini sinchiklab tekshirishi va protsessual qonunchilik normalari buzilishi aniqlangan hollarda xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirishlari zarurligini anglatishi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda, jumladan mazkur qarorning 23-bandini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025-yil 13-yanvardagi №01-30-25-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid jinoyatlarning sabab va sharoitlarini aniqlashga va mazkur jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish