Uralova Nigora Abduvalievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek tilida gastronomik frazeologik birliklarning lingvomadaniy tadqiqi”, 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligidan (filologiya fanlari).
Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Fil3065
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Ilmiy rahbar: Mamatov Abdug‘afur Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat pedagogika universiteti, PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02.
Rasmiy opponentlar: Buxoro davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Jo‘raeva Bibish Muxsinovna, Qarshi davlat unversiteti professori, filologiya fanlari doktori Jabborov Xujamurod.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat unversiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidagi gastronomik komponentga ega frazeologik birliklarni lingvomadaniy nuqtai nazardan tadqiq etish hamda ularning mazmunida xalqning turmush tarzi, madaniy qadriyatlari, urf-odatlari, an’analari va ijtimoiy munosabatlari qanday aks etishini ilmiy asosda yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
gastronomik diskursda o‘zbek tili frazeologik birliklarining lingvo-semiotik, lingvomadaniy xarakteri, leksik-semantik va pragmatik aspektlarda qiyosiy tahlil qilinib, bu leksemalar jahon va rus tili konteksti misolida komparativistik yondashuv vositasida asoslab berilgan;
gastronomik komponentli frazemalar leksik-semantik klassifikatsiya qilinib, o‘zbek tilida iboralarning lingvomadaniyatshunoslik, etnolingvistika va intermadaniy kommunikatsiya sohalaridagi o‘rni konseptual asosda mental va lingvomadaniy xususiyatlari ochib berilgan;
frazeologizmlar semantikasida realiyalar o‘zbek madaniyatning gastronomik obrazlari etalon sifatida ifodalanib, tilning madaniy va identifikatsion roli graduanimik, giponimik, partonimik munosabatlarda aks etganligi isbotlangan;
o‘zbek tili gastronomik frazeologik elementlarining madaniyatlararo muloqotdagi ahamiyati, tarjima muammolari va lingvomadaniy kodlarni anglashdagi roli isbotlanib, sotsiopragmatik va kontekstual yondashuv asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilida gastronomik frazeologik birliklarning lingvomadaniy tadqiqi mavzusidagi dissertatsiyaning ilmiy natijalaridan:
o‘zbek tili gastronomik komponentli frazeologik birliklarning shakllanish omillari, lingvistik tabiati, lingvomadaniy xususiyatlari leksik-semantik va pragmatik aspektda talqin qilinib, ularning milliy, tarixiy, ijtimoiy asoslari aniqlanganligi to‘g‘risidagi xulosalardan AM-FZ-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 25-oktyabrdagi №04/1-3030 son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida yaratilgan ishlarning yangi manbalar, ma’lumotlar bilan boyishiga erishilgan;
o‘zbek tilida pazandalik san’ati bilan bog‘liq qo‘li shirin, mazasi og‘zida qolmoq kabi, hayvonot dunyosi bilan bog‘liq nomaqul buzoqning go‘shtini emoq singari, oziq-ovqat va mahsulot nomi bilan bog‘liq xamir uchidan patir, noni yarimta kabi gastronomik frazeologik birliklar leksik-semantik guruhlarga ajratilib, ularning mental, lingvomadaniy xususiyatlari to‘g‘risidagi xulosalaridan PZ-202004165. “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarini rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 25-oktyabrdagi №04/1-3031 son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning nazariy qismining yangi manbalar bilan boyitilishiga erishilgan;
o‘zbek tilining pichoq suyakka etdi, quruq qoshiq og‘iz yirtar, qozon osmoq, nomi ulug‘, suprasi quruq kabi frazeologik birliklari semantikasida “pichoq, qozon, surpa, elak” so‘z realiyalari hisobiga madaniyatning oshxona anjomlari va asboblari obrazlari etalon sifatida namoyon bo‘lganligi, ularda o‘zbek xalqi turmush tarziga xos milliy-madaniy belgilarning aks etganligi to‘g‘risidagi xulosalaridan 60111800-Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan “Talabalar uchun yozish amaliyoti” nomli darslikda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 11-noyabrdagi 429-195-son guvohnomasi). Natijada ushbu darslikning gastronomik frazeologizmlar haqidagi ma’lumotlar, misollar, xulosalar bilan boyitilishiga erishilgan;
o‘zbek tilidagi kelinning qo‘lidan choy ichmoq, non sindirmoq, non tishladi, ataladan suyak chiqibdi, patir ushatish, surpa ochdi, surpa qoqdi, to‘qqiz tovoq, qozon to‘ldi kabi gastronomik frazeologik birliklarning lingvomadaniy kodini aniqlash orqali xalqning urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari, ijtimoiy munosabatlarining ifodalanish darajasi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Ma’daniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon”, “Jahon adabiyoti” dasturlar senariysini tayyorlashda foydalanilgan (“O‘zbekiston telekanali davlat muassasasi”ning 2024-yil 25-oktyabrdagi №04-36-1140 son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu dasturlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan va yangi ma’lumotlar bilan takomillashgan.