Mirtadjieva Zilola Davranbekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘ng jigar bo‘lagiga yaqin qarindoshdan amalga oshirilgan transplantatsiyadan so‘ng transplantatning gemodinamik holatini baholash va monitoring qilishda MSKT-perfuziyaning ahamiyati», 14.00.19 – Klinik radiologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Tib5553
Ilmiy rahbar: Djuraeva Nigora Muxsumovna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik V.Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami:  Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc 04/07.06.2024 Tib 177.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupalieva Gulnora Akmalovna tibbiyot fanlari doktori, professor; Salimov Umid Ravshanovich tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Akademik V.I. Shumakov nomidagi Transplantologiya va sun’iy a’zolar Milliy tibbiyot ilmiy markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: MSKT-perfuziya ko‘rsatkichlarining o‘zgarish xususiyatlari va ularning prognostik ahamiyatini o‘rganish orqali jigarning o‘ng bo‘lagi qarindoshlar transplantatsiyasida transplantatning gemodinamik profillarini tashxislash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
perfuzion tahlil bilan multispiral KTdan foydalanish qon oqimining portal va arterial tarkibiy qismlarini miqdoriy baholash orqali qarindoshlar transplantatsiyasidan keyin erta muddatlarda jigar transplantatidagi gemodinamik buzilishlarni aniqlash imkonini berishi isbotlangan;
transplantatsiya qilingan to‘qima moslashuvining turli variantlariga xos bo‘lgan perfuzion parametrlarning (jigar arterial va portal qon oqimi, umumiy perfuziya, tranzit vaqti) o‘zgarishi asosida transplantatning funksional holatini dinamikada baholash uchun MSKT-perfuziyani qo‘llash asoslangan;
perfuzion ko‘rsatkichlarning og‘ishi transplantatsiyadan keyingi o‘ziga xos asoratlar, jumladan, portal gipoperfuziya sindromi, emirilish sindromi, shuningdek, transplantatning funksional etishmovchiligi rivojlanish xavfi bilan bog‘liqligi va parametrlarning aniq chegara qiymatlari isbotlangan;
resipientlarni operatsiyadan keyingi erta davrda asoratlar xavfini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beruvchi, MSKT-perfuziyani kompleks baholashga asoslangan transplantatning gemodinamik moslashuvi variantlarining prognostik mezonlari va tasnifi ishlab chiqilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning 2025 yil 20 iyundagi 20/41- xulosasiga ko‘ra:
birinchi ilmiy yangilik: perfuzion tahlil bilan multispiral KTdan foydalanish qon oqimining portal va arterial tarkibiy qismlarini miqdoriy baholash orqali qarindoshlar transplantatsiyasidan keyin erta muddatlarda jigar transplantatidagi gemodinamik buzilishlarni aniqlash imkonini berishi isbotlangan. Olingan ma’lumotlar asosida transplantat holatini ob’ektiv baholash usuli sifatida MSKT-perfuziyadan foydalanish zarurati asoslandi, bu transplantatsiya qilingan jigarda mikrotsirkulyatsiya buzilishlarining patogenezi to‘g‘risidagi mavjud tushunchalarni kengaytirishga sezilarli hissa qo‘shdi. Mazkur taklif Milliy tibbiyot markazining 2025 yil 3 maydagi 11-01/11-sonli buyrug‘i va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazining 2025 yil 14 maydagi 245-sonli buyrug‘iga asosan amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: qarindoshdon jigar transplantatsiyasidan so‘ng transplantatdagi erta gemodinamik o‘zgarishlarni MSKT-perfuziya orqali baholash asoratlarni o‘z vaqtida aniqlash va funksional etishmovchilik xavfini kamaytirishga yordam beradi. Bu shifoxonada qolish muddatini qisqartirish, davolash sifatini oshirish va takroriy gospitalizatsiyalar sonini kamaytirishga imkon beradi. Iqtisodiy samaradorligi: ushbu usulni qo‘llash shifoxonada qolishni o‘rtacha 3–5 kunga qisqartirib, takroriy operatsiyalar va qimmat davolash xarajatlarini oldini oladi, xamda bir nafar bemor uchun 4 kunlik qisqartirish hisobiga taxminan 4000000 so‘m tejam qilinadi.  Xulosa: MSKT-perfuziya transplantat holatini erta baholashda yuqori aniqlikka ega bo‘lib, klinik va iqtisodiy jihatdan maqbul usul hisoblanadi. U yashirin asoratlarni erta aniqlash, shaxsiylashtirilgan nazorat va davolash orqali transplantatsiya natijalarini yaxshilashga xizmat qiladi.
ikkinchi ilmiy yangilik: transplantatsiya qilingan to‘qima moslashuvining turli variantlariga xos bo‘lgan perfuzion parametrlarning (jigar arterial va portal qon oqimi, umumiy perfuziya, tranzit vaqti) o‘zgarishi asosida transplantatning funksional holatini dinamikada baholash uchun MSKT-perfuziyani qo‘llash asoslangan. Ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga Milliy tibbiyot markazining 2025 yil 3 maydagi 11-01/11-sonli buyrug‘i va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazining 2025 yil 14 maydagi 245-sonli buyrug‘iga asosan joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Jigar transplantatining funksional holatini dinamikada baholash uchun MSKT-perfuziya usulini qo‘llash invaziv muolajalarni talab qilmasdan gemodinamik og‘ishlarni erta bosqichlarda aniqlash imkonini bergan. Bu o‘z vaqtida korreksion davolash chora-tadbirlarini o‘tkazish, asoratlar rivojlanishi va transplantat rad etilishining oldini olishni ta’minladi. Iqtisodiy samaradorligi: Tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu usuldan foydalanish bitta bemorni davolash xarajatlarini o‘rtacha 6800000 so‘mga kamaytirish imkonini bergan. Har yili 50 nafar bemorda qo‘llash sharti bilan umumiy tejash yiliga 340000000 so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Laboratoriya va diagnostika muolajalari, dori-darmon ta’minoti va operatsiyadan keyingi kuzatuv xarajatlari qo‘shimcha ravishda kamaytirildi. Xulosa: jigarning qarindoshlik transplantatsiyasidan keyin bemorlarda MSKT yordamida olingan perfuzion ko‘rsatkichlarni tahlil qilish asosida transplantatning funksional holatini dinamikada baholash uchun taklif etilgan yondashuvdan foydalanish qon oqimining buzilishini erta aniqlash, terapevtik choralarni o‘z vaqtida ko‘rish va asoratlar rivojlanishining oldini olish imkonini berishi isbotlangan.
uchinchi ilmiy yangilik: perfuzion ko‘rsatkichlarning og‘ishi transplantatsiyadan keyingi o‘ziga xos asoratlar, jumladan, portal gipoperfuziya sindromi, emirilish sindromi, shuningdek, transplantatning funksional etishmovchiligi rivojlanish xavfi bilan bog‘liqligi va parametrlarning aniq chegara qiymatlari isbotlangan, xamda Milliy tibbiyot markazining 2025 yil 3 maydagi 11-01/11-sonli buyrug‘i hamda Respublika ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazining 2025 yil 14 maydagi 245-sonli buyrug‘i bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: transplantat gemodinamikasi variantlari va qon tomir qarshiligi holati o‘rtasidagi sabab-oqibat aloqalarini aniqlash bemorlarni operatsiyadan keyingi olib borishni shaxsiylashtirish, asoratlar chastotasini kamaytirish va umumiy omon qolish darajasini oshirish imkonini bergan. Bu hayot sifatini yaxshilashga va transplantatsiyadan keyingi reabilitatsiyani tezlashtirishga yordam beradi. Iqtisodiy samaradorligi: gemodinamik ssenariylarga asoslangan shaxsiylashtirilgan yondashuv asoratlarni davolash va takroriy muolajalarga samarasiz xarajatlarni oldini olishga imkon berdi. Bitta bemor uchun o‘rtacha tejash taxminan 7 million so‘mni tashkil etdi, bu 50 bemorga ko‘paytirilganda yiliga 350 million so‘mdan ortiq iqtisodiy samara beradi. Xulosa: transplantatning gemodinamik moslashuvi mexanizmlari va uning tabiatiga ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash xavflarni oldindan bashorat qilish va kuzatuv taktikasini optimallashtirish imkonini beradi, bu esa transplantatsion davolashning xavfsizligi va samaradorligini oshiradi.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: resipientlarni operatsiyadan keyingi erta davrda asoratlar xavfini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beruvchi, MSKT-perfuziyani kompleks baholashga asoslangan transplantatning gemodinamik moslashuvi variantlarining prognostik mezonlari va tasnifi ishlab chiqilgan, xamda Milliy tibbiyot markazining 2025 yil 3 maydagi 11-01/11-sonli buyrug‘i hamda Respublika ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazining 2025 yil 14 maydagi 245-sonli buyrug‘i bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: transplantat gemodinamik variantlarining prognostik mezonlari va tasnifini joriy etish xavflarni erta tabaqalashtirish va bemorlarni xavf darajasiga qarab kuzatishni moslashtirish imkonini berdi. Bu davolash xavfsizligini oshirish, bemorlarda xavotirni kamaytirish va rejadan tashqari aralashuvlar sonini kamaytirish, umumiy tibbiy yordam sifatini yaxshilashni ta’minladi. Iqtisodiy samaradorligi: gemodinamika variantlarining aniq tasnifi yuqori xavf guruhlariga resurslardan maqsadli foydalanish va barqaror bemorlarda ortiqcha tekshiruvlarga asossiz xarajatlarni oldini olish imkonini berdi, bu esa bir nafar bemor hisobiga o‘rtacha 5,5 mln. so‘m iqtisod qilish imkonini bergan. Xulosa: MSKT-perfuziya asosida gemodinamik moslashuvlar tasnifini ishlab chiqish va joriy etish klinik qarorlarning aniqligini oshirishni ta’minlaydi, kuzatuv algoritmlarini soddalashtiradi va asoratlar xavfi bo‘lganda o‘z vaqtida aralashuvni rag‘batlantiradi, shu bilan tizimli darajada transplantatsion davolash samaradorligini oshiradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish