Rashidova Kamila Xamidovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy darajalar beriladigan fan tarmog‘i): “NiMP (M=Co, Fe, Cu) katalizatorlari: sintezi, tavsifi va elektrokimyoviy jarayonlarda qo‘llashning fizik-kimyoviy asoslari”, 02.00.04 – Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/K218.
Ilmiy maslahatchi: Kattaev Nuritdin To‘raevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Rahmanberdiev Gappar, kimyo fanlari doktori, professor; Yunusov Miraxmat Po‘latovich, texnika fanlari doktori, professor; Bekchanov Davron Jumazarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi NiMP (M = Co, Fe, Cu) katalizatorlari: sintezi, tavsifi va elektrokimyoviy jarayonlarda qo‘llashning fizik-kimyoviy asoslarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘tish metallari asosida yangi NiMP (Co, Fe, Cu) bimetall fosfidlarini gidrotermal usulda sintez qilingan;
bimetall fosfid Ni-Co-P birikma tarkibidagi [Ni2+], [Co2+], [P] ionlar nisbati 1:1:5 nisbatida turg‘un fosforli fazalar hosil qilishi, skanerlovchi elektron mikroskopiya (SEM) va energiya dispersion spektroskopiyasidan (EDS) olingan tahlillar asosida tasdiqlangan;
bimetall fosfidlarning TG–DSC tahlili natijasida katalizatorlar (Ni–Co–P, Ni–Cu–P va Ni–Fe–P) yuqori termik xususiyatga egaligi, faol fazalarning kristallanishi 600–620°C da, fosfidlanish va qayta kristallanish bosqichlaridagi aktivatlanish energiyasi 90–120 kJ/mol bo‘lib, termik barqarorligi isbotlangan;
nikel asosidagi bimetall fosfidlarning elektr o‘tkazuvchanlik xususiyatlari: kuchlanish 0,1 dan 1,0 V oralig‘ida turg‘un ekanligi tasdiqlangan;
nikel asosidagi bimetall fosfidlar tarkibidagi Ni elementi HER (vodorod ajralish reaksiyasi) va OER (kislorod ajralish reaksiyasi) uchun faol markazlarni hosil qilgan, Co, Cu va Fe esa elektron o‘tkazuvchanlikni oshirib, Ni atomlari bilan sinergik ta’sir ko‘rsatgan, P atomlari esa elektron zichligini boshqarib, faol markazlarning barqarorligini ta’minlagan. Faollik qonuniyati (HER uchun) Ni–Co–P > Ni–Cu–P > Ni–Fe–P qatorida ortib borishi isbotlangan;
bimetall katalizatorlar (Ni-Co-P, Ni-Fe-P, Ni-Cu-P,) ultrabinafsha nurlanish ta’sirida va yoritilmagan sharoitda ham Om qonuniga mos keladigan chiziqli oqim-kuchlanish xususiyatlariga egaligi, zaryad o‘tkazishning qarshilik qiymati, taqiqlangan soha kengligi Ni–Fe–P uchun 2,31 eV, Ni–Cu–P uchun 2,05 eV va Ni–Co–P uchun 1,96 eV ga tengligi tasdiqlangan;
ishqoriy muhitda HER jarayonida Ni–Co–P katalizatorining faolligi KOH konsentratsiyasining oshishi bilan kuchlanishning pasayishi kuzatilib, bu bimetal katalizatorning HER jaratonida vodorod ajralish reaksiyalari kinetikasini tezlashtirishi isbotlangan;
O–H bog‘ining uzilishida Ni–Co–P tarkibidagi Ni atomlari, Co atomlari esa vodorodning adsorbsiya barqarorligini oshirishda ishtirok etib, tok zichligi −10 mA/sm² bo‘lganda: 1 M KOH muhitida kuchlanish − 0,87 V ga, 3 M KOH muhitida esa − 0,81 V ga tengligi aniqlanib, HER kinetikasini tezlashishi tasdiqlangan;
nikel asosidagi Ni–Co–P bimetall fosfidining 20°C harorat va 730 ± 10 mm bosimda CO, NH₃, H₂, Ch₄ va CO₂ gazlariga nisbatan selektivligi hamda sensor xususiyatlari aniqlanib, vodorod gazi (H2) miqdorini aniqlashda sensor xatosi 4 % dan oshmasligi, bu esa ruxsat etilgan chegaradan past ekanligi tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yangi bimetall fosfid birikmalarining sintezi, ularning fizik-kimyoviy va elektr-kimyoviy xossalari, suv elektrolizi jarayonidagi katalitik faolligi hamda gazlarga nisbatan selektiv sensor sezuvchanligiga oid ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
elektr o‘tkazuvchan bimetall fosfidli katalizatorlarning yarim o‘tkazuvchanlik xususiyatlari “Vmax Building Materials” MChJ qo‘shma korxonasida o‘rganildi (№74/A-sonli ma’lumotnoma 2025 yil 11 aprel). Sintez qilingan bimetall fosfidlardan yarim o‘tkazuvchi komponentlar sifatida amaliyotga qo‘llash imkonini bergan;
elektr o‘tkazuvchan bimetall fosfid elektrokatalizatorlari “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” laboratoriyasida (“O‘zbekneftgaz” AJ “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ning 2025-yil 4-fevraldagi №AOE/ED-423-sonli ma’lumotnomasiga asosan) Ch4, CO, H2, NH3 va CO2 gazlarini aniqlash bo‘yicha muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi va amaliyotga joriy qilindi. Natijada ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan xavfli vodorod gazini aniqlash imkoniyati yaratilgan. Bu esa ishlab chiqarish hamda ma’muriy binolardagi yopiq tizimlarda vodorod konsentratsiyasini nazorat qilish imkonini bergan;
uch o‘lchamli o‘z-o‘zini qo‘llab-quvvatlaydigan ikki funksiyali bimetall fosfid elektrokatalizatorlarini sintez qilish uchun ishlab chiqilgan usullar 2023-2024 yillarda bajarilgan AL-5921333212 “CO2 ni C2+ mahsulotlariga yuqori samarali va selektiv konversiyasi uchun geteroo‘tuvchan fotokatalizatorlarning modifikatsiyasi” mavzusidagi xalqaro fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025 yil 18 apreldagi 03/10-1078-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi yuqori samarali elektrokatalizatorlari olish imkoniyatlarini ochib bergan.