Usmanov Omonali Turgunovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mineral o‘g‘itlar me’yorlarini ildizmevali sabzavotlardagi samaradorligi (Namangan viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida)”, 06.01.04 – Agrokimyo (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Qx985
Ilmiy rahbar: Sulaymonov Inomjon Jamoldinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/05.04.2025.Qx.02.13.
Rasmiy opponentlar: Mashrapov Mansur Ibragimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo’yicha falsafa doktori, dotsent; Ibragimov Nazar Madrimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qadimdan sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlarning agrokimyoviy xususiyatlari, ildizmevali sabzavotlarning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi va hosil sifatiga qo‘llanilgan mineral o‘g‘itlar me’yorlarining ta’sirini aniqlash, o‘g‘itlar samaradorligini yanada oshirish, har bir ildizmevali sabzavotlar uchun maqbul o‘g‘itlar me’yorini hamda qo‘llash muddatlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Namangan viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida ildizmevali sabzavotlar (turp, sholg‘om, osh lavlagi, bryukva) navlari uchun mineral o‘g‘itlarni qo‘llashning maqbul me’yorlari ishlab chiqilgan;
ildizmevali sabzavotlar uchun mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yori N150P100K150 kg/ga ekanligi aniqlanib, mineral o‘g‘itlarning ushbu me’yorlarida ildizmevali sabzavotlar etishtirilganda tuproqdagi nitratli azot miqdori dastlabkidan 2,4-3,2 mg/kg oralig‘ida ortishi, harakatchan fosfor miqdori 1,2-2,0 mg/kg va almashinuvchan kaliy miqdori esa 46-47 mg/kg ga kamayishi aniqlangan;
mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorlari tabaqalashtirib qo‘llanilishi hisobiga ildizmevali sabzavotlarning o‘sishi va rivojlanishi yaxshilanganligi hamda oziq moddalarini 1:0,5:1,0 nisbatlarda o‘zlashtirganligi aniqlanib, maqbul o‘g‘it qo‘llash asosida ildizmevali sabzavotlar hosili bilan mineral o‘g‘itlar samaradorligi o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlangan;
o‘simlik-tuproq-o‘g‘it tizimida ildizmevali sabzavotlarning oziqlanish xususiyatiga bog‘liq holda ildizmeva hosili va ular tarkibidagi foydli moddalar miqdori oshishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ildizmevali sabzavotlar uchun mineral o‘g‘itlarning me’yorlarini turp, sholg‘om, osh lavlagi, bryukvaga bo‘lgan ta’siri bo‘yicha olingan ma’lumotlar asosida:
Respublikamizdagi mavjud fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun “Mineral o‘g‘itlar me’yorlarini ildizmevali sabzavotlardagi samaradorligi” (Namangan viloyatining och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida) nomli tavsiyanoma ishlab chiqilib, Namangan viloyatining Namangan tumani fermer va dehqon xo‘jaliklarida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 8-oktyabrdagi 05/06-02-876-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma ildizmevali sabzavotlar (osh lavlagi, turp, sholg‘om va bryukva) etishtiradigan fermer va dehqon xo‘jaliklarida ulardan yuqori hosil olish uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
ildizmevali sabzavotlar (osh lavlagi, turp, sholg‘om va bryukva) uchun mineral o‘g‘itlarni N150P100K150 kg/ga me’yorda qo‘llash texnologiyasi Namangan viloyatining Namangan tumanidagi “Azizxon Nosirov fermer xo‘jaligida 5 ga, “Xonobod Nurafshon” fermer xo‘jaligida 4 ga, “Nafis ko‘klam” fermer xo‘jaligida 6 ga, jami 15,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 8-oktyabrdagi 05/06-02-876-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida turp o‘simligining ildizmeva hosildorligi 235 s/ga ni, sholg‘omniki 216 s/ga ni, osh lavlaginiki 254 s/ga ni va bryukvaniki 214 s/ga ni tashkil etgan. Rentabillik darajasi ham mos ravishda 41,8; 36,1; 99,0 va 61,1% bo‘lishiga erishilgan.