Charshanbiev Umurzoq Yuldashevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘za, kuzgi bug‘doy, takroriy ekinlarda gerbisidlar va organik o‘g‘itlarni qo‘llashning ilmiy asoslari”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Qx340
Ilmiy maslahatchi: Allanov Xoliq Keldiyarovish, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent r.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Qoraboev Ikromjon To‘raevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Jumaboev Zuhriddin Muminovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rizaev Shuxrat Xudoyberdievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi G‘o‘za, kuzgi bug‘doy, takroriy ekinlardan (amarant va jo‘xori) yuqori va sifatli hosil olishda begona o‘tlarga qarshi kurash, mineral, organik o‘g‘itlar va preparatlar bilan oziqlantirish hamda qator oralariga ishlov berish agrotadbirlarini ilmiy asoslash va ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Jizzax viloyatining bo‘z-o‘tloqi tuproqlari sharoitida g‘o‘za, kuzgi bug‘doy va takroriy ekinlar (amarant, jo‘xori) almashlab ekish tizimida begona o‘tlarga qarshi kurash, mineral va organik o‘g‘itlar hamda organik preparatlar bilan oziqlantirish, qator oralariga ishlov berish agrotadbirlari qo‘llanilganda mineral o‘g‘itlar miqdorining 30 % gacha tejalishi, ekinlarning poya, ang‘iz va ildiz qoldiqlarini yuqori miqdorda to‘planishi natijasida tuproqning agrofizikaviy, agrokimyoviy xossalari va unumdorligi yaxshilanishi hamda mikroorganizmlar ko‘payishi aniqlangan;
g‘o‘za, kuzgi bug‘doy va takroriy ekinlarni (amarant, jo‘xori) almashlab ekish tizimida nanotexnologiya asosida olingan kremniyli “Sila kremniya”, “Naturamin WSP 80 %” organik preparatlari bilan bargdan oziqlantirish muddat va me’yorlari, begona o‘tlarga qarshi Biogard, Shansgard 500 g/l, Galoshans 104 g/l gerbisidlarini oldinma-keyin qo‘llash, Starpik 24 % e.k., Total, 80 % s.e.g. gerbisidlarini qo‘llashning maqbul muddat va me’yorlari ilmiy asosda ishlab chiqilgan;
g‘o‘za dalalaridagi bir va ko‘p yillik begona o‘tlarga qarshi Shansgard 500 g/l gerbisidini 3,0 l/ga me’yorda ekish bilan birga qo‘llash, vegetatsiya davrida Galoshans 104 g/l gerbisidini 1,0 l/ga me’yorda bir yillik begona o‘tlar 2-6 barg chiqargan davrida va ko‘p yillik begona o‘tlarning bo‘yi 10-15 sm bo‘lganda qo‘llash natijasida bir yillik begona o‘tlar 92,6-94,8 %gacha, ko‘p yillik begona o‘tlar 89,9-90,8 %gacha kamayishi, kuzgi bug‘doy dalalaridagi begona o‘tlarga qarshi tuplanish davrida Total, 80 % s.e.g. gerbisidini 30 g/ga me’yorda qo‘llash (87,1-89,0 %; 71-77,6 %) yuqori samara berishi ilmiy asoslangan;
kuzgi bug‘doy etishtirishda mineral o‘g‘itlarga qo‘shimcha “Sila kremniya” preparatini 200 g/ga me’yorda ikki marta qo‘llanilganda o‘simlikning faol o‘sib-rivojlanishi va hosil elementlari shakllanishi natijasida don hosili va sifati yuqori bo‘lishi ilmiy asoslangan hamda tuproqda ang‘iz-ildiz miqdorining to‘planishiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
kuzgi bug‘doydan keyin don uchun takroriy ekin sifatida 70x25-1 sxemada ekilgan amarantning “IKBA-TDAU 2” navini etishtirishda ekishdan oldin gektariga 5 t/ga biogumus qo‘llash, vegetatsiya davrida “Naturamin WSP 80 %” organik preparatini 300 g/ga me’yorda ikki marta qo‘llash maqbul ekanligi va bunda o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi, mahsuldorlik va hosildorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishi ilmiy asoslangan;
takroriy ekin sifatida ekilgan jo‘xorining “O‘zbekiston-5” va “Boyjo‘xori” navlarini parvarishlashda ikki marta qator orasiga ishlov berish, mineral o‘g‘itlarga qo‘shimcha o‘suv davrida “Sila kremniya” preparatini 200 g/ga me’yorda ikki marta qo‘llash samarali bo‘lib, hosildorlik hamda don va poya tarkibidagi qand miqdori yuqori bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘za, kuzgi bug‘doy, takroriy ekilgan amarant va jo‘xorini etishtirishda begona o‘tlarga qarshi kurash, mineral, organik o‘g‘itlar va preparatlar bilan oziqlantirish hamda qator oralariga ishlov berish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“G‘o‘za, kuzgi bug‘doy va takroriy ekinlar amarant hamda jo‘xori etishtirish agrotexnikasi bo‘yicha tavsiyanoma” ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-292-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma paxtachilikka va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari hamda agroklasterlar uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.
g‘o‘za dalalaridagi bir va ko‘p yillik begona o‘tlarga qarshi ekish bilan birga 3,0 l/ga me’yorda Shansgard 500 g/l gerbisidini, vegetatsiya davrida 1,0 l/ga me’yorda Galoshans 104 g/l gerbisidini oldinma-keyin qo‘llash hamda mineral o‘g‘itlarni N200P150K100 kg/ga me’yorda va “Sila kremniya” organik preparatini 150 g/ga me’yorda 3 martagacha qo‘llash texnologiyasi Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida 59 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-292-son ma’lumotnomasi). Natijada, bir yillik begona o‘tlar 93,8 %, ko‘p yillik begona o‘tlar 92,6 % kamayishiga, shuningdek g‘o‘za hosildorligi 43,2 s/ga.ni tashkil qilib, rentabellik darajasi nazoratga nisbatan 18,4% yuqori bo‘lishiga erishilgan;
Kuzgi bug‘doyning “Asr” va “Vassa” navlarini etishtirishda N200P150K75 + 200 g/ga me’yorda ikki marta “Sila kremniya” bilan oziqlantirib, begona o‘tlarga qarshi Total, 80 % s.e.g. gerisidini 30 g/ga me’yorda qo‘llash agrotadbirlari Mirzacho‘l tumanida 72 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-292-son ma’lumotnomasi) Natijada, kuzgi bug‘doyning “Asr” navi dalasida bir yillik begona o‘tlar 76,7 %ga, ko‘p yillik begona o‘tlar 65,8 %ga kamayib, gektaridan 65,8 s don, 98,7 s somon hosili olinib, rentabellik 44,4%ni tashkil etgan bo‘lsa, “Vassa” navi dalasida bir yillik begona o‘tlar 77,5 %ga, ko‘p yillik begona o‘tlar 68,4 %ga kamayishiga hamda 72,3 s/ga don va 86,8 s/ga somon hosili olinib, rentabellik darajasi 54,6 % bo‘lishiga erishilgan;
Kuzgi bug‘doydan keyin amarantning Gultojixo‘roz “IKBA-TDAU 2” navini 70x25-1 sxemada ekib, o‘suv davrida 2 marta qator orasiga ishlov berib, Biogumus 5 t/ga+Naturamin WSP 80 % 300 g/ga me’yorda ikki marta oziqlantirib etishtirish texnologiyasi Mirzacho‘l tumanida 6,3 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-292-son ma’lumotnomasi). Natijada, 23,9 s/ga don hosili olinib, rentabellik 54,0 % bo‘lishiga erishilgan;
Kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekin sifatida jo‘xorining “O‘zbekiston-5” va “Boy jo‘xori” navlarini etishtirishda 2 marta qator orasiga ishlov berish hamda N200P100K50 + Sila kremniya 200 g/ga me’yorda 2 marta oziqlantirish agrotadbirlari Mirzacho‘l tumanida 10,7 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-292-son ma’lumotnomasi). Natijada, jo‘xorining “O‘zbekiston-5” navidan 43,1 s/ga, “Boy jo‘xori” navidan 35,2 s/ga don hosili olinib, rentabellik darajasi mos ravishda 39,6 va 14,0 % bo‘lishiga erishilgan.