Raxmonova Gulnora G‘ulomovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tannin saqlovchi mahalliy Rhus glabra L. o‘simligidan olingan polifenollarning biologik faolligi», 02.00.10–Bioorganik kimyo (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/B1540.
Ilmiy rahbar: Abdulladjanova Nodira Gulomjanovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo institute, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Nosir Muxammadjanovich, biologiya fanlari doktori, professor; Gafurov Maxmudjon Bakievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy Rhus glabra L. o‘simligi xom ashyosidan istiqbolli biologik faol tabiiy birikmalar – polifenollar yig‘indisini olish va uning biologik faolliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta mahalliy Rhus glabra L. o‘simligi barglaridan polifenollar yig‘indisi – Glabtan ajratib olingan va YuSSX usulida fraksiyalarga ajratish natijasida tarkibida 24 xil individual birikma borligi aniqlangan;
SX-MS usulida polifenollar yig‘indisi tarkibidagi individual birikmalar identifikatsiya qilingan va unumi yuqori bo‘lgan 7 ta gidrolizlanuvchi tanninlar: 1,2,3,4-tetra-O-galloil-β-D-glyukoza, penta-O-galloil-β-D-glyukoza, geksa-O-galloil-β-D-glyukoza, 3-6-bis-O-galloil-1,2,4-tri-O-galloil-β-D-glyukoza, okta-O-galloil-β-D-glyukoza, tergall kislota dilaktoni va digall kislota ajratib olingan;
Glabtanning yallig‘lanish jarayonlariga – periferik og‘riqlarga, ekssudasiyaga, kapillyar o‘tkazuvchanlikka va karrageninli shishga qarshi faolliklari laboratoriya hayvonlarida in vivo tajriba modellarida isbotlangan;
in vivo tadqiqotlar natijasida Glabtanning 100 mg/kg dozada gipoksiyaga qarshi va antimutagen faollikka hamda 200 mg/kg dozada oksidativ stressga qarshi himoyalovchi ta’sirga ega ekanligi aniqlangan;
Glabtan va uning individual birikmalari antiradikal faolliklarga egaligi va birikmalarning antiradikal faolligi ulardagi gidroksil guruhlar soniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq ekanligi in vitro tadqiqotlarda sharoitida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. R. glabra L. o‘simligidan olingan polifenollar yig‘indisidan iborat bo‘lgan Glabtanning biologik faolligini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Glabtanning gipoksiyaga qarshi faolligi boyicha olingan ma’lumotlardan va tadqiqot usullaridan «Herba leonuri, Gnaphalii uliginosi herba, Chamomillae recutitae flores, Crataegi flores dorivor o‘simliklari asosida yurak-qon tomir tizimiga samarali ta'sirga ega dori vositasini yaratish» mavzusidagi A-FA-2021-372 – amaliy loyihasi doirasida Herba leonuri, Gnaphalii uliginosi herba, Crataegi flores o‘simliklaridan olingan ekstraktlarning normobarik gipoksiyaga qarshi faolliklarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2024 yil 11 dekabrdagi 4/1255-2752-sonli ma'lumotnomasi). Natijada, normobarik gipoksiya modeli sharoitida Herba leonuri va Crataegi flores, Gnaphalii uliginosi herba ekstraktlari hayvonlarning yashash davomiyligini statistik ahamiyatli farqlar bilan uzaytirish imkonini bergan;
Glabtanning kimyoviy tarkibidan ajratib olingan alohida birikmalardan, ularning biologik faolligi boyicha olingan ma’lumotlardan va tadqiqot usullaridan Xitoy Xalq Respublikasi Xalqaro fan va texnologiyalari markazining №2022VBA0015 “Markaziy Osiyo uchun endemik bo‘lgan dorivor o‘simliklarning polisaxaridlari va polifenollarini fundamental tadqiq qilish” loyihasida foydalanilgan (Xitoy Fanlar Akademiyasi Shinjon fizika va kimyo texnika institutining 20.09.2024 yildagi ma'lumotnomasi). Natijada, organizmning turli patologik jarayonlardagi oksidativ stress holati va polifenol moddalarning antioksidant xususiyati o‘rtasidagi bog‘liqlik qonuniyatini aniqlash imkonini bergan.