Nematova Maloxat Abdurasulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘histon kovragi (Ferula kuhistanica Korovin) o‘simligining rizosferasi va uning biotexnologik potensiali», 03.00.12 - Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/V1214.
Ilmiy rahbar: Murodova Sayyora Sobirovna biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.72.02.
Rasmiy opponentlar: Norboeva Umida Toshtemirovna, biologiya fanlari doktori, professor; Aliqulov Begali Saydullaevich, biologiya fanlari falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ferula L. turkumiga mansub, Ferula kuhistanica Korovin o‘simligidan rizobakteriyalarni ajratib olish, istiqbolli shtammlarni tanlab olish, hamda tanlangan shtammlar asosida kovrak o‘simligining o‘sishini rag‘batlantiruvchi yangi biopreparat olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ferula kuhistanica Korovin dorivor o‘simligidan 3 ta sinf, 5 ta oila (Bacillaceae, Enterococcaceae, Enterobacteriaceae, Moraxellaceae, Micrococcaceae) 6 ta avlodga mansub 40 ta sof bakteriya izolyatlari ajratib olingan;
kovrak o‘simligidan ajratib olingan bakteriyalarning tuzga chidamliligi sinovdan o‘tkazilganda, izolyatlar orasida Bacillus subtilis - 1, - 2, Paenibacillus polymyxa va Enterobacter cloacae bakteriya shtammlari 2,56 M NaCl konsentratsiyasiga bardoshli ekanligi aniqlangan;
Ferula kuhistanica Korovin rizosferasidan izolyasiya qilingan bakteriyalar asosida yaratilgan biopreparatning kovrak o‘simligining o‘sishiga ta’siri baholanib, laboratoriya sharoitida bakterizatsiya qilish urug‘ unuvchanligini nazoratga nisbatan 36,7 % ga dala sharoitida esa unuvchanlik nazoratga nisbatan 22,6 % ga oshirishi isbotlangan;
P. polymyxa PM20 shtammi ISK sintezi bilan birga, fuzarisidin va polimiksin antibiotiklarini sintezlashi aniqlangan;
o‘stiruvchanlik xususiyatiga ko‘ra saralab olingan Paenibacillus polymyxa PM20 va Enterobacter cloacae EB11 shtammlarining toksikologik xususiyatlari o‘rganilib, olingan natijalar OECD bo‘yicha tasniflanganda,VI – deyarli zaharli bo‘lmagan birikmalar sinfiga mansubligi va LD50 > 5000 mg/kg ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ko‘histon kovragi (Ferula kuhistanica Korovin) o‘simligining rizosferasi va uning biotexnologik potensiali baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Ferula kuhistanica Korovin o‘simligidan ajratib olingan Paenibacillus polymyxa va Enterobacter cloacae shtammlari 16S rRNK nukleotidlar ketma - ketligi National Center for Biotechnology Information (NCBI) ma’lumotlar bazasiga Paenibacillus polymyxa PM20, PP727535 raqam bilan (2024-yil 1-may) va Enterobacter cloacae EB11, PP832594 raqami bilan (2024-yil 24-may) ro‘yxatdan o‘tkazilgan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/). Natijada, ma’lumotlar bazasiga kiritilgan mazkur shtammlarning 16S rRNK genining nukleotidlar ketma - ketligi ulardan filogenetik tahlil uchun dunyo miqyosida foydalanish imkonini bergan.
Jizzax viloyati sharoitida dorivor Ferula kuhistanica Korovin o‘simligining rizosferasidan ajratib olingan, faol rizobakteriya shtammlari asosida tayyorlangan bakterial suspenziyani kovrak urug‘lariga ekish oldidan, ko‘chatlariga o‘simlikning vegetatsiya davrida qo‘llash amaliyoti G‘allaorol ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligining 0,10 ga maydonida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 26 fevraldagi 03-03/1-03/3-1923-son ma’lumotnomasi). Natijada, mikroorganizmlar assotsiatsiyasidan foydalanish orqali, kovrak o‘simligi urug‘larining unuvchanligini nazoratga nisbatan 22,6 % ga oshirish imkonini bergan;
Ferula kuhistanica Korovin o‘simligining rizosferasidan ajratib olingan, faol rizobakteriya shtammlari asosida tayyorlangan bakterial suspenziyani 1:100 nisbatda urug‘ga ekishdan oldin qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyanoma Sh. Rashidov tumani “Tong yo‘li” fermer xo‘jaligi 1,00 gektar maydonida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 27 avgustdagi 05/06-04-497-son ma’lumotnomasi). Natijada “Lalmikor” arpa navining urug‘ unuvchanligini nazoratga nisbatan 25% ga, ildiz uzunligi 7,9 sm ga, poya uzunligi esa 10,3 sm ga oshirish imkonini bergan.