Nazarov Farrux Xoliyorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tovush tezligidan yuqori bo‘lgan turbulent oqimlarni ikki suyuqlik yondoshuvi asosida modellashtirish”, 01.02.05 – Suyuqlik va gaz mexanikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/FM238.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Malikov Zafar Mamatqulovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA M.T.O‘rozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.02/30.12.2019.T/FM.61.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Dalaboev Umriddin Fizika-matematika fanlari doktori, professor; Xodjiev Safar texnika fanlari doktori, dotsent; Ismoilov Baxtiyar Rashidovich texnika fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi SIMPLE algoritmi va Tompson usulidan foydalangan holda yuqori Mach raqamlariga ega bo'lgan plastinka atrofida siqiladigan hamda tovush tezligidan past va yuqori bo‘lgan reaktiv oqimlar uchun ikki suyuqlikli turbulentlik modelini ishlab chiqish va mavjud tajriba ma’lumotlari bilan taqqoslashdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
siqilmaydigan suyuqliklar va gazlar uchun Puazeyl–Kuett–Teylor hamda Teylor–Kuett oqim masalalarini sonli hisoblashni amalga oshirish maqsadida Prandtl yondashuviga asoslangan soddalashtirilgan ikki suyuqlikli turbulentlik modeli ishlab chiqilgan;
siqiluvchan reaktiv oqimlar uchun ikki suyuqlikli turbulent modelini sonli hisoblashda SIMPLE va Tomson algoritmlari taklif qilingan, ularning aniqligini tekshirish uchun mavjud tajriba hamda COMSOL Multiphysics natijalari bilan taqqoslash orqali tasdiqlangan;
Max sonlari yuqori bo‘lgan sharoitlarda ikki suyuqlikli turbulentlik modeli yordamida laminar holatdan turbulent holatga o‘tish sohalarini aniq tavsiflovchi natijalar grafik ko‘rinishda aniqlangan;
tovush tezligidan kichik bo‘lgan turbulent oqimlar uchun ikki suyuqlik yondoshuvi tenglamalari asosida yuqori aniqlik bilan echish imkonini beruvchi sonli hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
tovush tezligidan yuqori bo‘lgan oqimlar uchun ikki suyuqlikli model tenglamalari va Ri–Chou usuli yordamida yuqori Max sonlarida yuzaga keladigan tebranishlarni samarali so‘ndirish uchun sonli hisoblash usullari taklif qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tovush tezligidan yuqori bo‘lgan turbulent oqimlarni ikki suyuqlik yondoshuvi asosida modellashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
izotermik bo‘lmagan va tovush tezligidan yuqori bo‘lgan sharoitlarda ikki suyuqlikli turbulent oqimlar uchun matematik modellashtirish tenglamalarini barqaror va yuqori aniqlikda echishga imkon beruvchi sonli algoritmlar ishlab chiqilgan hamda ular “Qashqadaryo parmalash ishlari” AJda amaliy sinovdan o‘tkazilgan. Natijada uskunalar konstruksiyasi takomillashtirilib, ishlab chiqarish samaradorligi oshirilgan.
tovush tezligidan yuqori bo‘lgan oqimlar uchun ikki suyuqlik model tenglamalarini sonli hisoblashda Max sonlari yuqori bo‘lgan hollarida yuzaga keladigan tebranishlarni samarali so‘ndirish uchun Ri–Chou usuli taklif qilingan va olingan natijalar O'zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatiga (O'zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining 2025 yil 24 - apreldagi № 25-05-38 sonli ma'lumotnomasi) qo‘llanilgan. Natijada neft qazib olish hajmi 3.5% ga oshgan, energiya va suv sarfi 2% ga tejalishiga erishilgan.
soddalashtirilgan ikki suyuqlikli turbulentlik modeli asosida tovush tezligidan yuqori bo‘lgan oqimlarni hisoblash imkonini beruvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan hamda u Rossiya Fanlar akademiyasining fundamental loyihasida qo‘llanilgan. Natijada tovush tezligidan yuqori oqimlar uchun tezlik, harorat va bosim profillari aniqlangan, shuningdek hisoblash natijalari aniqligi 5–7 % ga oshirilgani tasdiqlangan.