Yusupov O‘ktamboy Absamadovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Korrupsiyaga qarshi kurashning fuqarolik-huquqiy muammolari”, “12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V2024.3.PhD/Yu1536
Ilmiy rahbar: Imomov Nurillo Fayzullaevich, yuridik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, dotsent Ashurova Nargiza A’zamovna, yuridik fanlar nomzodi Axmadjonov Baxtiyorjon Usubjonovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqot maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashning fuqarolik-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib tuzilgan bitim nizoli bitim sifatida sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi asoslangan;
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilganda bunday bitim tuzilganligi natijasida olingan foyda bitim bo‘yicha olingan hamma narsani qaytarib berish to‘g‘risida talab qo‘yilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga o‘tkazilishi asoslantirilgan;
korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilganda bunday bitim oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zarar aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanishi asoslangan;
korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitimni ijro etish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxsning hisobidan qoplanishi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topilishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonunining 26-moddasi birinchi qismini ishlab chiqishda (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining 2025 yil 8 iyuldagi 04/2-11-32-sonli ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Mazkur taklif manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib tuzilgan bitimlar nizoli bitim sifatida faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topish tartibiga aniqlik kiritgan;
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim bo‘yicha olingan foydani qaytarib berish to‘g‘risida talab qo‘yilmaganida bunday foyda sud tartibida davlat daromadiga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonunining 26-moddasi ikkinchi qismini ishlab chiqishda (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining 2025 yil 8 iyuldagi 04/2-11-32-sonli ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Ushbu taklifning joriy etilishi manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish va uning oqibatlarini qo‘llash mexanizmini belgilashga xizmat qilgan;
korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararning o‘rni aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonunining 30-moddasi 2-bandiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 114-moddasi to‘rtinchi qismiga kiritilgan qo‘shimchani ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025 yil 17 fevraldagi 27/2-29-25-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklif korrupsiyaviy bitimlardan jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning ishonchli tizimini yaratishga hissa qo‘shgan;
korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan holda tuzilgan bitimni ijro etish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxsning hisobidan qoplanishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonunining 30-moddasi 2-bandiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 114-moddasi uchinchi qismiga kiritilgan qo‘shimchani ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025 yil 17 fevraldagi 27/2-29-25-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklif korrupsiyaviy bitimlar bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash manbasini aniqlashtirgan.