Saidboboev Zokirjon Abdukarimovichning
Fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘arbiy Evropa va Rossiyada O‘rta Osiyoga oid tarixiy-geografik va kartografik bilimlar rivoji (XVI–XX asr boshlari)”. 07.00.01–O‘zbekiston tarixi; 07.00.02–Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/Tar48.
Ilmiy maslahatchi: Alimova Dilorom Agzamovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ismoilova Jannat Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Ludovit Hallon, tarix fanlari doktori, professor (Slovakiya Respublikasi); Toshov Xudoynazar Ramazonovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XVI–XX asr boshlarida G‘arbiy Evropa va Rossiyada O‘rta Osiyoga oid tarixiy-geografik va kartografik bilimlar rivojini ilmiy tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
G‘arbiy Evropada Buyuk geografik kashfiyotlar va Uyg‘onish darida shakllangan tarixiy geografiya va kartografiya mustaqil fanlar sifatida ko‘plab tarixiy-geografik va kartografik manbalarning paydo bo‘lishiga turtki bergani, bu fanlarning asosiy yo‘nalishlari, nazariy-uslubiy jihatlari bo‘yicha yaratilgan adabiyotlardagi ilmiy yondashuvlar, tarixiy-geografik va kartografik manbalarning mazmuni dalillangan;
so‘nggi o‘rta asrlarda ham O‘rta Osiyoni tarixiy-geografik va kartografik o‘rganilish darajasi past darajada qolganligi, mavjud materiallarning uzuq-yuluqligi, ko‘p hollarda yanglish ekanligi, ularning birlamchi tadqiqi asosan qadimgi va o‘rta asrlar davrida shakllangan tasavvurlar bo‘yicha turg‘un qolganligi, hududning yirik savdo yo‘llaridan uzoqda joylashganligi, ichki qismlariga tashrif buyuruvchilar uchun xavfsiz siyosiy shart-sharoitlarning mavjud emasligi asoslangan;
XVI– XVII asrlarda O‘rta Osiyo hududi aks ettirilgan kartografik manbalarning mazmuni bu erdagi davlatlar, shaharlar, yirik gidrografik va tabiiy obektlar hisobiga asta-sekin boyib borganligi, XVII asrning ikkinchi yarmi–XVIII asrning birinchi yarmida evropaliklarning ko‘plab xaritalarida “o‘zbek” (“usbek”), “o‘zbeklar mamlakati” (“Usbekia”) degan etnotoponimlari paydo bo‘lgani, O‘rta Osiyo erlari aks etgan xaritalarda faol qo‘llanilgani aniqlangan;
XIX asrning birinchi yarmida o‘lkaning tarixiy geografiyasini o‘rganish, geografik, topografik xaritalarini yaratishda O‘rta Osiyo masalasida geosiyosiy “Katta o‘yin” qarama-qarshiligi, o‘z ta’sirini kuchaytirish vositasi ham turtki berganligi, O‘rta Osiyoni geografik va kartografik jihatdan har tomonlama chuqur o‘rganish uchun yangi davrni boshlab berganligi, Rossiya imperiyasi va G‘arbiy Evropa mamlakatlarining tashrif buyurgan sayyoh, missiya, ekspedisiya, tadqiqotchi va harbiylari tomonidan mintaqaning jahon ilm-faniga noma’lum bo‘lgan tabiiy manzilgohlari, chekka erlari haqida ham batafsil ma’lumotlar to‘plash tezlashganligi, o‘lka istilo etilishi ortidan esa mustamlaka ma’muriyati bu tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yganligi va moliyalashtirilganligi isbotlangan;
XIX asrning oxiri–XX asr boshlarida Rossiya imperiyasining harbiy topograflari, kartograf va geodezist, mashhur geograf olimlari tomonidan O‘rta Osiyoning tabiiy-iqtisodiy, aholi geografiyasini o‘rganish hamda kartografik materiallari yaratish geografik miqyosda kompleks tarzda olib borilganligi, alohida mavzuli xarita va yaxlit atlaslar yaratish va nashr etish boshlanganligi, markaziy va mahalliy boshqaruv idoralari bu boradagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaganliklari, o‘lkani o‘rganish uchun turli jamiyatlar ta’sis etilib, ularga imperiyaning markaziy qismlaridan qator tadqiqotchilar jalb etilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arbiy Evropa va Rossiyada O‘rta Osiyoga oid tarixiy-geografik va kartografik bilimlarning rivoji (XVI–XX asr boshlari) mavzusidagi tadqiqot natijalarining joriy qilinishi hamda chiqarilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
O‘rta Osiyoning tarixiy-geografik va kartografik manbalari tahlili respublika oliy o‘quv yurtlarining 5120300–Tarix (jahon mamlakatlari bo‘yicha) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yozilgan “Tarixiy geografiya” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2009 yil 28 fevraldagi 037-son guvohnomasi). Mazkur darslik talabalarining tarixiy-geografik, xususan xaritalar haqidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qiladi;
XIX asrning 70-yillarida Turkistonga tashrif buyurgan va ko‘rgan- kechirganlari asosida “Rossiya Turkistoni: Qo‘qon, Buxoro va G‘uljaga sayohat qaydlari” nomli ikki jildli asarini yozib, 1876 yilda Londonda nashr ettirgan Yujin Skaylerning hayoti va faoliyati “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Yangi nashr” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining 2019 yil 30 iyuldagi 02-14/332-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda mazkur manba, uning tarixiy-geografik ahamiyati hamda uning muallifi haqidagi ma’lumotlardan foydalanilganligi tomoshabinlarda o‘lkaning tarixi, geografiyasi bo‘yicha ma’lum tasavvur va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga xizmat qilgan;
xaritalarning insoniyat tarixi va jamiyat uchun zaruriyati, ularning o‘tmish tarixni o‘rganishdagi ahamiyati, O‘rta Osiyoga oid xaritalarning yaratilish tarixi kabi masalalar mualllif ishtirok etgan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu” ko‘rsatuvida batafsil bayon etilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2020 yil 13 fevraldagi 02-70-362-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda keltirilgan ma’lumotlar, bildirilgan fikr-mulohazalar jamoatchilikning tarixiy xaritalar, xususan O‘rta Osiyoning qadimgi, o‘rta asrlar va yangi davrdagi kartografik tarixi haqidagi tasavvur va ko‘nikmalarini boyishiga xizmat qiladi;
“Kniga Bolshomu Cherteju”dagi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston hududlariga oid tarixiy-geografik, kartografik ma’lumotlar hamda Pyotr Ivanovich Richkov va uning “Orenburg topografiyasi” (1762) asari qismlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida 2012–2013 yillarda bajarilgan IFA-2012-1-6-raqamli “O‘zbekiston tarixi. Xrestomatiya. 3-jild” mavzusidagi innovatsion tadqiqot loyihani tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 25 iyundagi 3/1255-1320-son ma’lumotnomasi). Ular tegishli sharhlar asosida “O‘zbekiston tarixi (xrestomatiya). 3-jild. XVI–XIX asrlar” nomli xrestomatiyadan o‘rin olgan;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida 2017–2018 yillarda bajarilgan OT-A1-125-raqamli “O‘zbekiston manbashunosligi va tarixshunosligi: nazariya, shakllanish va rivojlanish (qadimgi davrdan hozirgi kungacha)” amaliy tadqiqot loyiha doirasida dissertatsiyaning ilmiy natijalaridan, jumladan XIII–XVIII asrlardagi rus va Evropa tillaridagi manbalarda O‘rta Osiyo tavsifi, shuningdek, XIX asr birinchi yarmida O‘rta Osiyoga jo‘natilgan diplomatik missiya, elchilik va ekspedisiyalar natijasida yaratilgan manbalar tadqiqini yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 25 iyundagi 3/1255-1320-son ma’lumotnomasi). Bunda yuqoridagi manbalarning mintaqa tarixiy-geografiyasini o‘rganishdagi o‘ziga xos ahamiyati ochib berilgan hamda ular tegishli sharhlar asosida hammualliflikda “Manbashunoslik” nomli darslikdan o‘rin olgan.