Abduvahitov Bozormurodning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Differensial topshiriqlar vositasida o‘quvchilarni biologiya fani olimpiadalariga tayyorlash metodikasini takomillashtirish (akademik liseylar misolida)», 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari (biologiya)).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Ped4947.
Ilmiy rahbar: Qodirov G‘ayrat O‘roqboevich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi PhD.03/27.09.2024.V.82.03 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xushvaktova Xusnobod Solievna, pedagogika fanlari doktori, professor; Xo‘janazarov O‘ktam Eshtemirovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: differensial topshiriqlar vositasida o‘quvchilarni biologiyadan fan olimpiadalariga tayyorlash metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
biologiya fanidan olimpiadalarga tayyorgarlikka oid o‘quv-metodik modulning tayanch, amaliy va ijodiy kompetensiyalarni shakllantiruvchi integrativ o‘quv-amaliy materiallar majmuasining mazmuni nazariy, amaliy va ijodiy bloklar uyg‘unligi hamda muammoli echimlar va tahliliy ko‘nikmalaridan foydalanish asosida Blum taksonomiyasi klassifikatsiyasi orqali kognitiv qobiliyatlarni bosqichma-bosqich rivojlantirishga ko‘ra takomillashtirilgan;
biologiya fanidan iqtidorli o‘quvchilarni olimpiadalarga samarali tayyorlashda qo‘llaniladigan vaqt taymeri, motivatsiya, tanqidiy tahlil kabi metodlar moslashuvchan vaqtni boshqarish vositalari, o‘yinli-texnologik elementlar va kichik guruhlarda raqobat muhitini yaratadigan o‘quv-pedagogik dasturlar bilan mantiqan uyg‘unlashtirilib, Google Shees, LMS va Moodle avtomatlashtirilgan rag‘batlantirish platformalariga konstruktivistik yondashuv orqali integratsiya qilinishi asosida takomillashtirilgan;
o‘quvchilarni olimpiadalarga tayyorlashda uyg‘unlashtiruvchi pedagogik mexanizmlarning tarkibiy qismlari amaliy-tadqiqot ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘quvchilar individual profili negizida tuzilgan moslashuvchan o‘quv modullari orqali o‘quvchining individual bilim ehtiyojlariga mos traektoriya tuzish asosida takomillashtirilgan;
iqtidorli o‘quvchilarni olimpiadalarga tayyorlashda tanqidiy fikrlash va ijodiy muammolarni hal qilish kompetensiyalarini rivojlantirishning strukturaviy-komponentli modeli xalqaro tajribada keng qo‘llanilayotgan inquiry-based learning (tadqiqotga yo‘naltirilgan o‘qitish) va cognitive apprenticeship (mutaxassis tajribasi orqali o‘qitish) elementlarini milliy ta’lim amaliyotida empirik-eksperimental tahlillarning metodik aprobatsiyasi asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Differensial topshiriqlar vositasida o‘quvchilarni biologiya fani olimpiadalariga tayyorlash metodikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishda bevosita akademik lisey o‘quvchilarini biologiya fanidan asosiy, qo‘shimcha va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash yuzasidan zamonaviy metodlar ishlab chiqilib, ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan. Mazkur tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishda akademik liseyda biologiya fani doirasidagi tadqiqotchilik ko‘nikmalarini kompetensiyaga aylantirish, ularning tadqiqot ishlariga yo‘naltirishda bugungi zamonaviy fan texnologiyalarini joriy etish asosida rivojlantirish, shuningdek, xalqaro fan olimpiada dasturlarining tadqiqotchilikka yo‘naltirishdagi mazmun – mohiyati, tadqiqot yuzasidan olingan ilmiy natijalarning xulosalari va tavsiyalaridan foydalanildi. Ilmiy izlanish natijalari fan olimpiadasida ishtirok etuvchi O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi uchun tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslarida qo‘llanilgan va yuqori samaradorlikka erishilgan. Tadqiqotchi tomonidan tayyorlangan o‘quvchilar tajriba - sinov davri mobaynida asosiy olimpiadaning Respublika bosqichida to‘rtta sovrinli o‘rin, xalqaro olimpiadalarda Yaponiyaning Nagasaki shahrida kumush, Portugaliyaning Lissabon shahrida oltin, Armanistonning Erevan shahrida merit diplomi, Tailandning Bangkok shahrida bronza medalini qo‘lga kiritishgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-200-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida akademik liseylar uchun fizika, kimyo hamda biologiya fanlaridan xalqaro fan olimpiadani laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash maqsadida tashkil qilingan ishchi guruh tarkibida laboratoriya jihozlarini saralash yuzasidan tadqiqot natijalari asosida tavsiyalar qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2024-yil 05-noyabrdagi 03/14-3187-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyalar asosida Jizzax davlat pedagogika universiteti akademik liseyida Respublikamizda ilk bor biologiya fani olimpiadalari amaliy mashg‘ulotlarini bajarishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil qilingan;
mavzu yuzasidan ilmiy tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tashkil etilgan fan olimpiadalarda olimpiada materiallarini tayyorlash, aprobatsiyadan o‘tkazish, fan olimpiadasini tashkil etish, hakamlar hay’ati va appelyasiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish jarayonlarida keng tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining 2023-yil 16-oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi maktablarning o‘quvchilari uchun o‘tkaziladigan “Agentlik olimpiadasi” metodik jihatdan ta’minlangan hamda muayyan tizimga keltirilgan.