Nurboev Shirinjon Abdushukur o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“7-9-sinflarda xalq dostonlarini o‘rganish orqali o‘quvchilarning o‘quv-biluv kompetentligini rivojlantirish metodikasi”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek adabiyoti).
Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Ped5090
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Ilmiy rahbar: Jumanazarov Umirzoq Abdurazzoqovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat pedagogika universiteti, PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02.
Rasmiy opponentlar: Boqijon To‘xliev, filologiya fanlari doktori, professor; Mahkamoy Tursunova, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 7-9-sinf adabiyot darslarida xalq dostonlarini o‘rganish orqali o‘quvchilarning o‘quv-biluv kompetentligini rivojlantirish metodikasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilariga xalq dostonlarini o‘qitishda ta’lim jarayoni, ta’lim mazmuni, o‘qitish natijasi; ta’lim istiqboli singari pedagogik ko‘rsatkichlar asosida o‘quvchilarning o‘quv-biluv kompetentligini rivojlantirish metodikasi ishlab chiqilgan; unda 7-9-sinf o‘quvchilarining ruhiy va intellektual imkoniyatlari, adabiyotdan berilgan bilimlarni o‘zlashtirganlik darajalari tadqiq qilingan;
xalq dostonlarini o‘qitishda ta’limning ilmiylik, fanlararo bog‘liqlik, tizimlilik va uzviylik, o‘quvchilarning ongliligi va ijodiy faolligi tamoyillari, shuningdek, asar qahramonlariga obraz emas, inson sifatida qarash, o‘quvchilarning nazariy fikrlash qobiliyatini o‘stirish, o‘quvchi shaxsini ustuvor mavqega ko‘tarish va baholash kabi ta’limiy-didaktik tamoyillarning ilmiy-nazariy va metodik asoslari ochib berilgan;
adabiyot darslarida o‘quvchilarning xalq dostonlari matni ustida mustaqil ishlash, savol va topshiriqlar yordamida tahlil qilish jarayonidagi ijodiy fikrlash, badiiy tahlil usullari va nutqiy kompetentligining o‘sib borishi, shuningdek, ularning yosh xususiyatlari, tafakkur darajalari, ruhiy va aqliy rivojlanish bosqichlari belgilab berilgan;
xalq dostonlarini o‘qitishda matn asosida referat, insho yozish, epik qahramonlar nutqiga daxldor she’riy parchalarni yod olish va munosabat bildirish, shuningdek, yozma va og‘zaki nutqni rivojlantirish, yozma savodxonlikka oid matnlar, badiiy ijodkorlik va mantiqiy tafakkurni o‘stirishga qaratilgan topshiriqlarni bajarish orqali o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalar o‘quvchilar ma’naviy kamolotini ta’minlash omili ekanligi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 7-9-sinf o‘quvchilarini adabiyot darslarida o‘zbek xalq dostonlarini o‘rganish, o‘quvchilar ma’naviy kamolotini ta’minlash, o‘quv-biluv kompetentligini rivojlantirish maqsadida:
tadqiqotda va ilmiy maqolalarda berilgan ma’lumotlardan, xususan, “Ravshan”, “Kuntug‘mish”, “Alpomish” dostonlarining tili, syujet voqealari, obrazlar tizimi va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, doston ijrochilarining epik mahorati, shuningdek, ta’limiy tamoyillardan ilmiylik, fanlararo bog‘liqlik, tizimlilik, onglilik, didaktik tahlil usullari bo‘yicha nazariy xulosa va metodik tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan F1-F2- 043429-sonli “Qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 11-oktyabrdagi №473/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, olingan ilmiy mulohazalar ushbu loyiha doirasida nashr etilgan ishlarda o‘z ifodasini topgan va mazkur loyihaning ilmiy-nazariy asoslarini boyitishga xizmat qilgan;
tadqiqotda va ilmiy maqolalarda berilgan ma’lumotlardan, xususan, maktab “Adabiyot” darsliklaridagi xalq dostonlarini o‘rganish bo‘yicha savol-topshiriqlar bilan birga qo‘shimcha uyushtiriladigan mustaqil ishlarni bajarish, shuningdek, naql va maqollarning qo‘llanilish tabiati, lisoniy va lingvomadaniy xususiyatlari, naql va maqollar o‘quvchilarning faollik, izchillik, onglilik, xotirasining kuchliligi, so‘zamolligi va nutq boyligining yuksak darajada bo‘lishiga sababchi omillar haqida ilmiy-nazariy va metodik fikr-mulohazalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan F1-A1-S007-sonli “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik obekt sifatida” mavzusidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasidagi belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 11-oktyabrdagi № 474/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyihaning ilmiy- nazariy asoslanishiga, naql va maqollarning lingvistik tabiati tahlillarida qo‘shimcha materiallarning kiritilishiga erishilgan; dissertatsiyadagi “Ravshan”, “Kuntug‘mish”, “Alpomish” kabi xalq an’anaviy dostonlarining syujeti, tili, epik qahramonlar faoliyatining tarbiyaviy ahamiyati bilan yosh avlodni tanishtirish va ularning yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’siriga oid tavsiyalar va xulosalardan Jizzax viloyati teleradiokompaniyasining efirga uzatiladigan “Sayqal” hamda “Subhidam” ko‘rsatuvi dasturi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Jizzax viloyati teleradiokompaniyasining 2024-yil 17-oktyabrdagi 431/2-10-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, bir qator radioeshittirish va ko‘rsatuvlar orqali viloyat aholisining xalq dostonlari haqidagi bilimlarining kengayishiga olib kelgan, shuningdek, yoshlarda xalq dostonlarini o‘rganish orqali tariximiz, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhini uyg‘otishga xizmat qilgan.