Kulieva Dilafruz Radjabovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Maxsus kiyimlarni loyihalashda, ularning ekspluatatsion ko‘rsatkichlarini takomillashtirish maqsadida bazalt tolali gazlamalardan foydalanish”, 05.06.04 – Tikuvchilik mahsulotlari texnologiyasi va kostyum dizayni.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/T4928.
Ilmiy rahbar: Avezov Mavlonjon Fazlievich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat texnika universiteti, PhD.03/29.10.2021.T.101.03
Rasmiy opponentlar: Muminova Umida Tuxtasinovna, texnika fanlari doktori, professor; Asadova Sitora Sadullaevna, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi maxsus kiyimning ekspluatatsion ko‘rsatkichlarini takomillashtirish maqsadida bazalt tolali matodan foydalanishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
maxsus kiyimda ilk bor bazalt tolali gazlamalarni qoʻllash maqsadida, elimli emulsiya bilan ishlov berish usulini qo‘llash orqali tikish imkoniyatlari kengaytirilgan va maxsus kiyimga qo‘yilgan ekspluatatsion talablar asosida shakllantirilgan.
ilk bor bazalt tolali gazlamaning ipli strukturasiga kuchlanishli deformasiya ta’sir darajasini aniqlash asosida ularning tikish usullari takomillashtirilgan va maxsus tanlangan tikuv chokining mustahkamligi nazariy asoslangan hamda eksperimental isbotlangan;
maxsus kiyimning asosiy funksional qismlarida qo‘llanilgan bazalt tolali gazlamaning sitiluvchanligini kamaytirishga elimli emulsiya konsentratsiyasi, quritish davomiyligi, quritish temperaturasi va tikuv chokining mustahkamligini oshirishga baxya uzunligi, emulsiya miqdori va ipning chiziqli zichligi kabi ta’sir etuvchi omillarning maqbul qiymatlari aniqlangan.
maxsus kiyimda shim og‘ qirqimi parametrining bazalt tolali gazlamaning sitiluvchanlik xususiyatlariga bog‘liqligidan kelib chiqqan holda, og‘ qirqimi o‘lchamining uzaytirilgan optimal qiymati tavsiya etilgan va maxsus kiyimning takomillashgan konstruksiyasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Payvandchilar uchun bazalt tolali mato qo‘llanilgan maxsus kiyimni ishlab chiqarishga yonaltirilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
taklif etilayotgan maxsus kiyimga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining sanoat namunasiga patent olingan (“Qurilish-montaj, elektr va gazpayvandlash sohalari ishchilari uchun bazalt tolali matodan maxsus kiyim komplekti”, № SAP 02496). Natijada payvandchilar uchun bazalt tolali mato qo‘llanilgan olovbardosh xususiyatli maxsus kiyimining zamonaviy modellari va ratsional konstruksiyasini ishlab chiqish, hamda ekspluatatsiyalash paytida payvandchilar harakatlari erkinligini ta’minlanish imkoniyati yaratilgan;
taklif etilayotgan payvandchilar uchun maxsus kiyim yangi komplektlari va ularning konstruktorlik-texnik hujjatlari paketi “O‘zto‘qimachiliksanoat” Uyushmasi tarkibidagi korxonalarda, jumladan, “Sharq teks lyuks” MChJ (Buxoro viloyati), “G‘ayrat Chodak” MChJ (Buxoro viloyati) hamda “Buxoro Sarkor qurilish plus” MChJ (Buxoro viloyati) korxonalarida joriy qilingan. («O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining 2024 yil 7 avgustdagi 03/25-2010-sonli ma’lumotnomasi). Natijada payvandchilar uchun olovbardosh xususiyatli maxsus kiyimni ishlab chiqish asosida mehnat unumdorligi 12,55 % va ekspluatatsion ko‘rsatkichlari takomillashgan maxsus kiyimni ishlab chiqish asosida elektr va gazpayvandlash sohalari ishchilariga qulay, komfort va arzon maxsus kiyim bilan taminlashga imkon yaratilgan.