Ramazanov Daniyar Baxitbay ulining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘istonda AQSh va Meksika g‘o‘za namunalari asosida intensiv, tubi optimal konstruksiyaviy ashyolar yaratish”, 06.01.05– Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Qx1516
Ilmiy rahbar: Aytjanov Uzakbay Eshanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/29.08.2023.Qx.172.01.
Rasmiy opponentlar: Xojambergenov Nasim Mamenovich, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Abdumalikov Ulug‘bek Ziyodilla o‘g‘li, qishloq xo‘jaligi fanlari boʻyicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoraqalpog‘iston sharoitida g‘o‘zani ekolo-geografik uzoq, ya’ni Meksika, AQSh namunalarini mahalliy navlar bilan duragaylash asosida intensiv, tubi optimal konstruksiyaga ega, tezpishar hamda mahsuldor bo‘lgan o‘rta tolali yangi boshlang‘ich ashyolarni amaliy seleksiya ishlariga tavsiya etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Meksika va AQSh namunalari ishtirokida olingan F1-F2-F3 duragay tahlillari asosida tubi optimal, tezpishar, mahsuldor, tola chiqimi va sifati yuqori Qoraqalpog‘iston tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan yangi F3 (HS-23 x KK-3535) kombinatsiyasidan 5 ta va F3 (DP1-SR-383 x Sulton) kombinatsiyasidan 4 ta duragay oillalar tanlab olingan;
ekolo-geografik uzoq, ya’ni Meksika, AQSh namunalari va mahalliy navlar ishtirokida olingan duragay o‘simliklarda asosiy qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanish darajasi aniqlangan;
o‘rganilgan duragaylarda aksariyat qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha keng miqyosda o‘zgaruvchanlik aniqlanib, o‘simlik bo‘yi va vegetatsiya davri (0,24-0,42) boshqa qimmatli xo‘jalik belgilari bilan ijobiy bog‘langanligi isbotlangan;
ekolo-geografik uzoq namunalar va mahalliy navlar ishtiroki asosida noyob genotiplar yaratilgan bo‘lib, tezpisharligi, mahsuldorligi (70-80 gr), tola chiqimi (39-40 %) va indeksi (6,3-6,9 gr) kabi belgilari andoza S-4727 navidan yuqori bo‘lgan intensiv, tubi optimal konstuksiyaga ega boshlang‘ich ashyo sifatida tavsiya etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpog‘iston sharoitida o‘tkazilgan Meksika, AQSh namunalarini mahalliy navlar bilan duragaylash asosida intensiv, tubi optimal konstruksiyaga ega boshlang‘ich ashyolarni yaratish ilmiy-tadqiqot ishlar asosida:
Meksika, AQSh namunalari va mahalliy navlarni chatishtirish orqali olingan yangi F3 duragay avlodlarda seleksion tanlash ishlari asosida tezpishar, mahsuldorligi va tola chiqimi yuqori bo‘lgan, tolaning sifat ko‘rsatkichlari jahon adozalariga javob beradigan, yuqori hosildorlikga ega bo‘lgan 9 ta yangi noyob oilalarni ajratib olingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 16 apreldagi 02/017-1111-son ma’lumotnomasi). Ushbu noyob oilalar genetik-seleksion tadqiqotlarda asosiy qimmatli xo‘jalik belgilari yuqori bo‘lib intensiv, tubi optimal konstruksiyaga ega va boshqa qimmatli xo‘jalik belgilari majmuasi bilan o‘z ustunligini namoyon etgan;
G‘o‘zani Meksika, AQSh namunalari va mahalliy navlar ishtirokida olingan F3 duragaylardan F3 (HS-23 x KK-3535) kombinatsiyasidan 5 ta va F3 (DP1-SR-383 x Sulton) kombinatsiyasidan 4 ta yangi oilalar ajralib chiqqanligi aniqlangan. Mazkur yangi oilalar Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutning tajriba xo‘jaligida 1,2 gektar maydonda ko‘paytirilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 16 apreldagi 02/017-1111-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu oilalar intensiv, tubi optimal konstruksiyaga ega o‘simlik bo‘yi past bo‘lsada (96-105 sm) tezpishar (106-112 kun), ko‘saklar soni ko‘pligi (12-14 dona), bir dona ko‘sak vazni (5,3-5,7 gr) va bir tup o‘simlik mahsuldorligi (70-80 gr) hamda tola chiqimi (39-40 %) va indeksi (6,3-6,9 gr) yuqori bo‘lganligi, tola sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha IV-tipga mansub bo‘lib, g‘o‘za seleksionerlari uchun yangi boshlang‘ich ashyolar sifatida foydalanilmoqda.
Yaratilgan yangi oilalar o‘zining o‘ta tezpisharligi, yuqori mahsuldorligi va tola sifati IV-tipga javob beradigan hamda asosiy qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha intensiv, tubi optimal konstruksiyaga ega boshlang‘ich ashyolar ajratilib olingan hamda ishlab chiqarishda Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti “G‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi” laboratoriyasida yangi nav yaratish uchun boshlang‘ich ashyolar tavsiya etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 16 apreldagi 02/017-1111-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi F3 avlod oilalarida hosildorlik gektariga 45,5 sentnerdan 55,5 sentnergacha bo‘lib, andoza S-4727 navidan hosildorligi 3,5-5,5 s/ga yuqori bo‘lganligi, shu bilan bir qatorda tola chiqimi 2,5-3 % yuqori bo‘lgan.