Shomurotova Bibixon O‘ktamovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“Ingliz va o‘zbek folklorida poetik ornitonimiya” mavzusida 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya bo‘yicha).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Fil5837
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: filologiya fanlari doktori, professor Sabirova Nasiba Ergashevna.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.55.02
Rasmiy opponentlar: Sariev San’atbek Matchonboevich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Yusupova Hilola O‘ktamovna filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Ingliz va o‘zbek folklorida poetik ornitonimiya tizimini solishtirish, taxayyul va tafakkuri rivojida ornitonimiyaning o‘rnini tahlil qilish va janrlar misolida o‘rganishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
O‘zbek folklorshunosligida ilk marotaba poetik ornitonimiya tushunchasi va badiiy talqini o‘zbek hamda ingliz adabiyotidagi mif, ertak, maqol kabi xalq og‘zaki ijodi janrlari misolida ochib berilgan;
ingliz va o‘zbek folklorida poetik ornitonimiyaning ifoda imkoniyatlari, badiiy tavsir va talqindagi o‘ziga xosliklar va ularning mushtarak hamda farqli belgilari real va irreal ornitonimlar vositasida isbotlangan;
o‘zbek va ingliz folklorida poetik ornitonimiyani shakllantirgan tabiiy, ijtimoiy, madaniy kabi omillar, xususan, ularning badiiy tafakkur tadrijidagi o‘rni asoslangan;
o‘zbek va ingliz folklorida poetik ornitonimiyaning ijro jarayoni bilan bog’liq so‘z qo‘llash va estetik ta’sichalikni oshirishdagi ahamiyati dallilanib, so‘z san’ati taraqqiyotidagi roli qiyosiy-tipologik tahlil orqali ochib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ishning o‘zbek folklorshunosligida ilk marta poetik ornitonimiya tushunchasi va talqini o‘zbek va ingliz tillaridagi mif, ertak, maqol kabi xalq og‘zaki ijodi namunalari misolida yoritishiga oid materiallaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida hozirgi vaqtda olib borilayotgan FA-043429-raqamli “Qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihasini bajarishda foydalanilgan. Xususan, inson, jamiyat va atrof-muhitning o‘zaro uzviy aloqasini ta’minlaydigan poetik birlik sifatida ornitonimlarning xalq og‘zaki ijodidagi maqomini turli millatlarga mansub ijod namunalari hamda turli janrlarning o‘zaro aloqasi nuqtayi nazaridan atroflicha yoritish ehtiyoji mavzuning zaruratini hamda dolzarbligini belgilab beradi. Shunday bo‘lishiga qaramay, o‘zbek va ingliz folklorida poetik ornitonimiya tizimli ravishda o‘rganilgan emas. Muhimi, poetik ornitonimiya termini o‘zbek folklorshunosligida ilk bora muomalaga kiritilmoqda. Natijada loyihalarning ilmiy-nazariy, ilmiy-amaliy ahamiyati ortgan.
O‘zbek va ingliz folklorida poetik ornitonimiya tizimida asosiy birliklar, umumiylik va xususiylik masalasini folklorshunoslikda o‘zbek va ingliz folklorida real va irreal ornitonimlar, har ikkala xalq folklori poetik ornitonimiyasida umumiylik va xususiylik masalalariga oid tadqiqotlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida hozirgi vaqtda olib borilayotgan FA-AI-G007-raqamli “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obekti sifatida” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan. Natija loyihaning solishtirma ko‘lami ancha kengayib, nazariy mulohazalarni asoslovchi dalillarga ega bo‘lingan. Ishning o‘zbek va ingliz folklorida poetik ornitonimiya ko‘lami janrlar kesmida, maqol, ertak hamda yirik epik janrlar misolida tahlil qilinishiga oid natijalar va xulosalaridan Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom, Xorazm” ko‘ngilochar dasturi va Xorazm - 24” information dasturi va “Ma’rifatnoma” ko‘rsatuvida foydalanilgan. Bunda muayyan millat estetik ideallarini ifodalashda folklorning o‘rni alohida ahamiyat kasb etishi, xalq dostonlari insoniyat tarixiy-madaniy taraqqiyoti hamda estetik qarashlarini o‘zida aks ettirgan og‘zaki ijodiy-badiiy majmua ekanligi e’tiborga olingan. Shu bilan birga bashariyatning dastlabki badiiy estetik tafakkurini bugungi taraqqiyotga eltib bergan xolis manba deb qaralishi o‘rinli ekanligi ta’kidlangan. Natijada teledasturlarda madaniy-ma’rifiy taraqqiyotga erishishda xalq donoligi, folklor va milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan ehtiromni uyg‘unlashtirgan holda yoritish imkoniyati yaratilgan.