Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Oliy attestatsiya komissiyasida yosh olimlar va innovatorlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda senatorlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Fanlar akademiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi rahbarlari, Yoshlar parlamenti a’zolari, ilmiy izlanuvchi yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada kuzatilayotgan tizimli muammolar va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha istiqbollar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida attestatsiya jarayonlarini raqamlashtirish, arizalarni onlayn qabul qilish va baholash mexanizmlarini soddalashtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar joriy etilmoqda.

Shuningdek, Yoshlar parlamenti a’zolari yosh ilmiy-pedagog kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida taklif va mulohazalar asosida yoshlarni ilm-fanga jalb etish, ilmiy izlanuvchilar sonini oshirish hamda sohaga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga qaratilgan Qo‘mita tavsiyalari ishlab chiqildi.

Manba: https://senat.uz/oz/events/post-4276

Yangiliklarga obuna bo‘lish