Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlarining ijrosi ustidan samarali nazorat mexanizmlarini joriy qilish, ijro natijasi bo‘yicha aniq hisobdorlikni ta’minlash, shuningdek, barcha bo‘g‘indagi rahbarlar va xodimlarning ijro intizomiga qat’iy rioya etish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini yanada oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 25 iyuldagi «Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida ijro intizomi yuzasidan jamoatchilikka hisobot berish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Oliy attestatsiyasi komissiyasi faoliyatiga taalluqliligi bo‘yicha mazkur farmon ijrosi yuzasidan 15 oktyabr kuni ilmiy-pedagogik jamaoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.Yusupov tashkilotga berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan batafsil ma’lumot berib, ijro intizomi bo‘yicha bevosita birinchi rahbar huzurida mas’ul xodimlarning har ish kunida hisobot berishi, hafta yakuni bo‘yicha ijro intizomi umumiy muhokama qilinishi va oy yakuni bo‘yicha OAK Rayosatida ma’lumot berilishi tizimli ravishda tashkil etilganini bildirdi. Joriy yilning uchinchi choragi bo‘yicha OAK faoliyatiga doir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmoni va 2 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari o‘rtasida imzolangan Bitim hamda Hukumat topshirig‘i bo‘yicha 1 ta bayonda belgilangan topshiriqlar ijrosi to‘liq ta’minlangani tegishli hujjatlar asosida ko‘rsatib o‘tildi (ma’lumot uchun: joriy yilning birinchi va ikkinchi choraklari bo‘yicha ijro intizomi to‘liq ta’minlangan).
OAK Axborot xizmati