Zaripova Dilnoza Yashinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Klinik-morfologik jihatlarni hisobga olgan holda premenopauzal osteoporozni erta tashxislash, davolash va bashoratlashga zamonaviy yondashuv” 14.00.01 - Akusherlik va ginekologiya, 14.00.02-Morfologiya  (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Tib.1291.
Ilmiy maslahatchilar: Tuksanova Dilbar Ismatovna, tibbiyot fanlari doktori,  professor; Teshaev Shuxrat Jumaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti.  
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc.04.30.04.2022.Tib.93.02.
Rasmiy opponentlar: Karimova Nilufar Nabijonovna, tibbiyot fanlari doktori (DSc), professor; Logutova Lidiya Sergeevna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Balandina Irina Anatol`evna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: klinik-morfologik ko‘rsatkichlarning osteoporoz markerlari bilan o‘zaro bog‘liqligini o‘rganish va premenopauzal davrdagi ayollarda osteoporozni erta tashxislash va davoni optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
follikula stimullovchi gormonning oshishi va estradiolning pasayishi suyak mineral zichligi (sBMD (mg/sm2)) ning kamayishi bilan bevosita bog‘liq ekanligi aniqlandi, bu premenopauza osteoporozining rivojlanishida gormonal muvozanatning hal qiluvchi ahamiyati isbotlangan;
P1NP (N-terminal telopeptid), C-terminal telopeptid (ꞵ-crosslaps), kal`siy, magniy va fosforning siydikdagi ekspressiyasini ko‘payishi premenopauzal ayollarda osteoporozni bashorat qilishda suyak rezorbsiyasi markerlari sifatida baholanishi asoslangan;
immun tizimining eng muhim biomarkerlari bo‘lgan IL-1β, TNF-α ning oshganligi, IL-4 ning esa kamayganligi va biokimyoviy markerlar vitamin 25(OH)D osteoporoz jarayonini chuqurlashishini namoyon etuvchi asosiy laborator ko‘rsatkich  ekanligi asoslangan;
qo‘llanilgan davo natijasida immunogistokimyoviy proliferatsiya markerlari ER, Ki-67 ekspressiyasining pasayishi, PR, BCL-2 apoptoz markeri ekspressiyasining ortishi, shuningdek, endometriy giperplaziyasining kamayishi, gormonal muvozanat hamda endometriy tuzilmasining tiklanishi isbotlangan;
differensiallashtirilgan davolash usuli asosida premenopauzal davrda osteoporozni endometriy uchun xavfsiz tarzda davolash va erta tashxislashni ta’minlovchi algoritm ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Keng qamrovli biokimyoviy markerlar, gistologik, immunogistokimyoviy va ul`tratovush tekshiruvlar asosida premenopauzal davrdagi ayollarda osteoporoz mexanizmlarini aniqlash, erta tashxislash va uning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish natijalariga asosan: 
birinchi ilmiy yangilik: follikula stimullovchi gormonning oshishi va estradiolning pasayishi suyak mineral zichligi (sBMD (mg/sm2)) ning kamayishi bilan bevosita bog‘liq ekanligi aniqlandi, bu premenopauzal osteoporozning rivojlanishida gormonal muvozanatning hal qiluvchi ahamiyati isbotlangan; Ijtimoiy samaradorligi: osteoporoz rivojlanishiga ta’sir qiluvchi steroid gormonlar darajasini aniqlash, shuningdek, ularning suyak to‘qimasi mineral zichligi bilan o‘zaro ta’siri suyaklarning remodellanish jarayonini baholashga yordam berdi, bu esa premenopauzal davrda osteoporozni davolash va oldini olish taktikasini aniqlashga imkon berdi. Premenopauza davrida steroid gormonlarning me’yorlashuvi hayot sifatining yaxshilanishiga hamda kelajakda travmatik sinishlar xavfini kamaytirishga ham olib keladi; Iqtisodiy samaradorligi ambulator xizmatga murojaatlar sonini qisqartirish va klimakterik sindrom va uning asoratlari rivojlanishi bilan bog‘liq tibbiy xizmatlar va dori-darmonlarga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish bilan asoslangan. Har bir bemor uchun statsionar davolanish kunlarini qisqartirish hisobiga 290000 ming so‘mgacha iqtisodiy samaradorlikka erishildi. Bemorlarning umumiy sonidan 73950000 so‘m iqtisod qilingan. Xulosa: premenopauzal davrda gormonal siklning buzilishini tashxislash va osteoporoz rivojlanish xavfi bilan bog‘liq xarajatlar kamaytirildi, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan 73950000 so‘m iqtisod qilindi.
ikkinchi ilmiy yangilik: P1NP (N-terminal telopeptid), C-terminal telopeptid (ꞵ-crosslaps), kal`siy, magniy va fosforning siydikdagi ekspressiyasini ko‘payishi premenopauzal ayollarda osteoporozni bashorat qilishda suyak rezorbsiyasi markerlari sifatida baholanishi asoslangan; Ijtimoiy samaradorligi shundaki, ikki to‘lqinli rentgen absorbsiometriya kabi funksional diagnostika usullari bilan aniqlab bo‘lmaydigan suyaklarning mineral zichligi bilan bog‘liq eng kichik o‘zgarishlarni aniqlashga yordam beradigan osteoporozning biokimyoviy markerlari aniqlandi. Bundan tashqari, davolash jarayonida suyak to‘qimasi mineral zichligi ko‘rsatkichlarini dinamikada kuzatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ish qobiliyatining cho‘qqisida bo‘lgan premenopauzal yoshdagi ayollar orasida kasallanishni kamaytirish maqsadida suyak rezorbsiyasi markerlari - P1NP (N-terminal telopeptid) va (β-crosslaps) S-terminal telopeptid matriks oqsillari, hamda siydikdagi kal`siy, magniy, fosfor miqdori - laboratoriya usullari yordamida tekshirildi. Bu osteoporozni klinik belgilari rivojlanishining dastlabki bosqichlarida aniqlash va menopauzaning keyingi bosqichlarida atravmatik sinishlarni oldini olish imkonini beradi. Iqtisodiy samaradorligi: shifoxonada davolanish muddatini 5 kungacha qisqartirish va shu asosda tibbiy xizmatlarga sarflanadigan mablag‘larni kamaytirish bilan asoslandi. Har bir bemor uchun shifoxonada davolanish kunlarini qisqartirish hisobiga 680400 ming so‘mgacha iqtisodiy samaradorlikka erishildi. Bemorlarning umumiy sonidan 173502000 so‘m tejab qolindi. Xulosa: premenopauzal davrda osteoporozning tashxislash chora-tadbirlari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlari bilan bog‘liq bir qator kamchiliklar aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi, natijada byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan 173502000 so‘m iqtisod qilishga erishildi.
uchinchi ilmiy yangilik: immun tizimining eng muhim biomarkerlari bo‘lgan IL-1β, TNF-α ning oshganligi, IL-4 ning esa kamayganligi va biokimyoviy markerlar vitamin 25(OH)D osteoporoz jarayonini chuqurlashishini namoyon etuvchi asosiy laborator ko‘rsatkich  ekanligi aniqlangan; Ijtimoiy samaradorligi: osteoporoz xavfi bo‘lgan bemorlarning immunologik holatini aniqlash ushbu kasallik va uning asoratlarini erta tashxislash uchun organizmning yallig‘lanish jarayoni bilan bog‘liq muhim sitokinlarni aniqlash imkonini beradi. Yallig‘lanishni qo‘zg‘atuvchi va yallig‘lanishga qarshi sitokinlarni aniqlash osteoporoz rivojlanishida namoyon bo‘ladigan organizmning yallig‘lanishga qarshi javobning kamayishini, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan jarayon bilan bog‘liq boshqa kasalliklarni dinamikada baholash imkonini beradi. Iqtisodiy samaradorligi: Diagnostik chora-tadbirlarni qisqartirish hisobiga ambulator xizmatga tibbiy yordam uchun murojaat qilish bilan bog‘liq xarajatlar kamayadi. Shuningdek, laboratoriya tekshiruvlari uchun har bir bemor hisobiga 200000 so‘m, jami 255 nafar bemor uchun 51000000 so‘m tejaldi. Xulosa: Menopauzadan oldingi davrda osteoporoz tashxisida bir qator kamchiliklar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larni 51000000 so‘mga va har bir bemor hisobiga 200000 so‘mga tejash imkonini berdi.    
to‘rtinchi ilmiy yangilik: qo‘llanilgan davo natijasida immunogistokimyoviy giperplaziya markerlari ER, Ki-67 ekspressiyasining pasayishi, PR, BCL-2 apoptoz markeri ekspressiyasining ortishi, shuningdek, endometriy giperplaziyasining kamayishi, suyak mineral zichligining ortishi, gormonal muvozanat hamda endometriy tuzilmasining tiklanishidan  dalolat bergan. Ijtimoiy samaradorligi: premenopauzal davrda bachadondan qon ketishini erta aniqlash usullarini takomillashtirishga qaratilgan usullardan foydalanish qon ketishi bilan asoratlangan bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga va ularning statsionar davolanishga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirishga imkon berdi. Taklif etilgan markerlar yordamida endometriy giperplastik jarayonlarini erta tashxislash va turli xil davolash usullarini qo‘llash jarrohlik usulida kuzatiladigan asoratlarni bartaraf etishga yordam beradi, davolash jarayonini tezlashtiradi va kasalxonada yotish muddatini qisqartiradi. Iqtisodiy samaradorligi: bemorning shifoxonada bo‘lish davrida taklif etilgan tekshiruv usullari qo‘llanilgandan so‘ng ayollarning shifoxonada qolish muddati 9 kundan 5 kungacha qisqardi. Bunda oldingi tekshiruv narxi bir bemor uchun 1414000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, biz taklif qilgan usulning narxi 568500 so‘mni tashkil etdi. Yil davomida har bir bemor uchun 945499 so‘m tejab qolindi. Xulosa: Yuqorida keltirilgan barcha davolash usullari kompleks qo‘llanilganda ushbu kasallik bilan bog‘liq xarajatlar kamayadi, davolash samaradorligi va xavfsizligi ortadi.
beshinchi ilmiy yangilik: differensiallashtirilgan davolash usuli asosida premenopauzal davrda osteoporozni endometriy uchun xavfsiz tarzda davolash va erta tashxislashni ta’minlovchi algoritm ishlab chiqilgan. Ijtimoiy samaradorligi: ushbu yondashuvni klinik amaliyotga joriy etish giperplastik jarayonlarni samarali nazorat qilish va ularning rivojlanish xavfini kamaytirish orqali bemorlarning hayot sifatini yaxshilaydi. Bu invaziv aralashuvlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, davolash xarajatlarini qisqartiradi va shaxsiylashtirilgan terapiyaning qulayligini oshiradi. Bundan tashqari, tadqiqot natijalari aholi salomatligini yaxshilash va sog‘liqni saqlash tizimiga ijtimoiy yukni kamaytirishga yordam beradigan giperplaziyani erta aniqlash va davolashga qaratilgan profilaktika dasturlarini ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Iqtisodiy samaradorligi: tabaqalashtirilgan individual terapiya bir bemor uchun 378000 so‘mni tashkil etadi, bu esa jami 255 bemor uchun 96390000 so‘mni tashkil qiladi. Xulosa: Olingan natijalar sog‘liqni saqlash xarajatlarini optimallashtirish va samarali davolash imkoniyatlarini kengaytirish uchun ushbu terapiyaning salohiyatini ta’kidlaydi. Ushbu uslubiy tavsiyalar premenopauza davridagi ayollarda osteoporoz xavfini, klimakterik ko‘rinishlarni o‘z vaqtida aniqlash va MGT (menopauzal gormonal terapiya)dan foydalanish xavfsizligini baholash, bemorlarning ushbu kontingentida atravmatik sinishlar darajasini kamaytirish imkonini bergan.
Tadqiqot natijalari qator tibbiyot muassasalari, jumladan, Buxoro perinatal markazi ginekologiya bo‘limlari (2025 yil 6 maydagi 30-sonli buyruq, 2025 yil 6 maydagi 31-sonli buyruq), Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasi tumanlararo perinatal markazi (2025 yil 5 maydagi 74-sonli buyruq, 2025 yil 5 maydagi 75-sonli buyruq), Andijon 2-son tug‘ruq majmuasi (2025 yil 5 maydagi 21-sonli buyruq, 2025 yil 5 maydagi 22-sonli buyruq) amaliy faoliyatiga joriy etilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish