Xomidov Faxriddin G‘afurovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Zol`-gel` usulida sintez qilingan, tarkibida (Mn, Fe, Co) oksidlari bo‘lgan, shpinel` strukturali (Mg, Ca, Sr) alyuminatlarning qattiq eritmalari va fazaviy o‘zaro munosabatlari», 02.00.15 - Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/K225.
Ilmiy maslahatchi: Qodirova Zulayxo Raimovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti huzuridagi DSc.02/05.05.2023.K/T.35.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Zakirov Baxtiyor Sabirjanovich, kimyo fanlari doktori, professor; Daminova Shaxlo Sharipovna, kimyo fanlari doktori, professor; Sabirov Baxtiyor Toxtaevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tarkibida marganes, temir va kobal`t oksidlari bo‘lgan shpinel` strukturali magniy, kal`siy va stronsiy alyuminatlarining qattiq eritmalarini zol`-gel` usulida sintez qilish, va fazaviy o‘zaro munosabatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zol`-gel` usuli bilan MgAl2O4, CaAl2O4, SrAl2O4, hamda CoFe2O4 va CoMn2O4 past haroratda sintez qilishda glinozyomtarkibli chiqindini ishlatish imkoniyatlari asoslangan;
magniy, kal`siy, stronsiy, temir, marganes, kobal`tning suvda eruvchan tuzlarini va glinozyomtarkibli chiqindini shpinel` strukturali qattiq eritmalarini sinteziga ta’siri, hamda 500–1300 °C harorat oralig‘idagi kuydirish jarayonida kristall faza hosil bo‘lish kinetikasi va mexanizmlari aniqlangan;
MgAl2O4 hamda uning CoFe2O4 va CoMn2O4 bilan shpinel` strukturali qattiq eritmalarini sintez qilishda «tarkib-struktura-disperslik-xossa» larining harorat va minerall hosil qiluvchi qo‘shimchalarning konsentratsiya diapazonlariga bog‘liqligi aniqlangan;
MgAl2O4, CaAl2O4, SrAl2O4 kristall fazalari glinozyomtarkibli chiqindidan foydalanilganda 4 soat ushlab turish vaqtida 1100°S haroratda to‘liq shakllanishi, 1,5 mas.% evropiy oksidi kiritilganda esa MgAl2O4 va CaAl2O4 kristall fazasining to‘liq hosil bo‘lish harorati 1 soat ushlab turish vaqtida 1100°S dan 1000°S gacha pasayishi isbotlangan;
MgAl2O4 kristall fazasining to‘liq hosil bo‘lishiga tarkibdagi magniy oksidi miqdorini 27,8 mas.% dan 40 mas.% gacha oshirishning, hamda modifikatsiyalovchi qo‘shimchalarni ((mas. %) TiO2 – 1-3; Cr2O3 – 1-3; Na2O – 1-2; CaO – 2-3; mikrokremnezyom – 1-2) birgalikda qo‘llash orqali fizik-texnik va texnologik xossalariga ta’siri qonuniyatlari aniqlangan;
magniy oksidi miqdori 40 mas.% gacha bo‘lgan va 1100 °C haroratda termik ishlov berishda, (mas. %) TiO2 – 2, Cr2O3 – 3, CaO – 3, mikrokremnezyom – 2 miqdorda modifikatsiyalovchi qo‘shimchalar qo‘shilganda shpinel` kristall fazalarining to‘liq hosil bo‘lishi isbotlangan;
magniy oksidi miqdorini 60 mas.% gacha va kuydirish haroratini 1450 °C gacha oshirish natijasida olingan material zichligi 3600 kg/m³, mustahkamligi 64 MPa gacha etishi va olovbardoshliligi 1800 °C dan ortishi aniqlangan;
«MgAl2O4 – CaAl2O4», «CaAl2O4 – SrAl2O4» ikkilamchi, «MgAl2O4 – CoFe2O4 – CoMn2O4» uchlamchi sistemalarda Mg2+ ↔ Ca2+, Ca2+ ↔ Sr2+ va Mg²⁺ ↔ Co2+, Al3+ ↔ Fe3+, Al3+ ↔ Mn3+ kationlarining izomorf almashinish mexanizmi, hamda ularning yuqori haroratda termik ishlov berishda qattiq eritmalari hosil bo‘lishining qonuniyatlari va maqbul sintez parametrlari aniqlangan;
keramik pigmentlar sintezi jarayonida toza shpinel` (MgAl2O4) uchun elementar yacheyka parametri 8,0796 Å dan ((Mg0,5Co0,5)Al1,0Fe0,8Mn0,2O4) qattiq eritma uchun 8,1602 Å gacha o‘zgarishi isbotlangan;
glinozyomtarkibli chiqindidan foydalanib shpinel` strukturali qattiq eritmalar asosida sintez qilingan qora rangli keramik pigmentlarning termik barqarorligi 1350℃ gacha ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zol`-gel` usulida sintez qilingan, tarkibida marganes temir va kobal`t bo‘lgan, shpinel` strukturali magniy, kal`siy va stronsiy alyuminatlarning qattiq eritmalarini va fazaviy o‘zaro munosabatlarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishqoriy-er va xromofor metallarning suvda eruvchan tuzlari, hamda glinozyomtarkibli chiqindilardan foydalanib polikomponent oksidli birikmalarning zol`-gel` sintezi, past haroratda kuydirishdagi struktura hosil bo‘lish jarayonlari va faza hosil bo‘lish kinetikasidan “Qurilish va texnik maqsadlardagi funksional va silikat materiallarning energiya va resurstejamkor tarkiblari va olish texnologiyalarini ishlab chiqish” byudjet mavzusi tadqiqotlarni bajarishda qo‘llanma material sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 12 maydagi 4/1255-1154-son ma’lumotnomasi). Natijada shpinel` strukturali qattiq eritmalarning sintezi, izomorfizmi, fazaviy o‘zaro munosabatlari va kristall fazalari hosil bo‘lish jarayonlari bo‘yicha ilmiy asoslangan fundamental ma’lumotlarni olish imkonini bergan;
Eu2O3 va Y2O3 kiritish orqali zol`-gel` usulida sintez qilingan shpinel`ning fizik-kimyoviy xossalari va termik ishlov berish jarayonidagi kristall faza hosil bo‘lish qonuniyatlari bo‘yicha olingan ma’lumotlardan xorijdagi 3 ta impakt-faktori yuqori ilmiy jurnallarda, sintez qilingan shpinel` strukturali birikmalarning fizik-kimyoviy tahlili uchun foydalanilgan (Environmental Science and Pollution Research 2025, V.32, P. 9593–9613, Journal Impact Factor, IF 5,8; Russian journal of inorganic chemistry, 2024, V.69, Iss.3 Journal Impact Factor, IF 1,8; Inorganic materials, 2024, V.60, Iss.6, Journal Impact Factor, IF 0,9). Natijada shpinel` strukturali yangi turdagi materiallar sintez qilish va ularning fizik-kimyoviy xossalarini tavsiflash imkonini bergan;
me’yordan ortiqcha magniy oksidi kiritilib, TiO2, Cr2O3, CaO va mikrokremnezem bilan modifikatsiyalash orqali ishlab chiqilgan periklaz-shpinelli olovbardosh material tarkibi «Bekobod-ogneupor» QKning «2026-2027 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan («Bekobod-ogneupor» QKning 2025 yil 21 maydagi 87-son ma’lumotnomasi). Natijada, amaldagi standart talablariga javob beradigan olovbardosh materiallar olish imkonini beradi;
glinozemtarkibli chiqindidan foydalanib, shpinel` strukturali qattiq eritmalar asosida, rangli glazur tayyorlash uchun ishlab chiqilgan keramik pigment tarkibi “ART GLOSS GALLERY” QK ning «2026-2027 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (“ART GLOSS GALLERY” QKning 2025 yil 15 apreldagi 10/II 2025-4-son ma’lumotnomasi). Natijada, pardozbop koshinlarga glazur tayyorlash uchun talab darajasidagi shpinel` strukturali keramik pigmentlar olish imkonini beradi.