Qobilov Fazliddin Bozorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tangachaqanotlilar (Lepidóptera) turkumiga mansub hashoratlarga qarshi Bacillus thuringiensis insektisid genlarini skringlash, klonlash va ekspressiyasini taxlil qilish», 03.00.12 – Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/V1520.
Ilmiy rahbar: Xalilov Ilhom Mamatqulovich, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mikrobiologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Toshmuxamedova Shoxista Sobirovna, biologiya fanlari doktori, professor; Qurbonov Abrorjon Yorqinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston hududlaridan ajratib olingan B.thuringiensis bakteriyasining mahalliy shtammlaridan Lepidoptera turkumiga mansub zararli hasharotlarga qarshi samarali insektisid genlarni aniqlash, ularni klonlash va ekspressiyasini amalga oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ilk marotaba mahalliy Bacillus thuringiensis 1Fo shtammining to‘liq genom ketma-ketligi tahlil qilingan. Genomik tahlillar natijasida ushbu shtamm tarkibida oltita asosiy insektisid gen — cry1Aa, cry1Ac, cry1Ia, cry2Aa, cry2Ab, vip3Aa mavjudligi aniqlangan, ushbu genlarning kombinatsiyasi shtammning yuqori darajadagi entomopatogen potensialini ko‘rsatdi hamda Lepidoptera turkumiga mansub zararkunandalarga qarshi keng spektrli ta’sir mexanizmini shakllantirishi asoslangan;
Lepidóptera zararkunandalariga qarshi 8 xil cry va vip insektisid genlari uchun ekspressiya vektor konstruksiyalari yaratilgan hamda ularning E.coli hujayralarida muvaffaqiyatli ekspressiyalash natijasida tegishli rekombinant oqsillari olingan;
B. thuringiensis 1Fo shtammidan olingan Cry1Ia rekombinant oqsili Helicoverpa armigera lichinkalariga nisbatan taxminan 90% gacha bo‘lgan yuqori insektisid faollik namoyon qilishi aniqlangan;
mahalliy Bt1Fo shtammidan olingan Cry va Vip rekombinant oqsillarining H.armigera lichinkalariga nisbatan yuqori biofaolligi laboratoriya sharoitida bioassay tajribalarida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tangachaqanotlilar (Lepidóptera) turkumiga mansub hashoratlarga qarshi Bacillus thuringiensis insektisid genlarini skringlash, klonlash va ekspressiyasini taxlil qilishda olingan ilmiy natijalar asosida:
Toshkent viloyati Qibray tumani xududlarida Lepidóptera oilasining Galleria monolella mum qurtidan ajratilgan va Helicoverpa armigera ko‘sak qurti zararkunandalariga qarshi faol bo‘lgan Bacillus thuringiensis 1Fo shtammi 16S rRNK nukleotid ketma-ketligi aniqlanib GenBank va National Center for Biotechology Information (NCBI) ma’lumotlar bazasida Bacillus thuringiensis 1Fo (PP150759/1) raqamlar ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Pespublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 11 dekabrdagi 4/1255-2743-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu shtammning nukleotidlar ketma-ketliklari ma’lumotlarini dunyoning turli mintaqalarida uchraydigan shtammlar bilan taqqoslash imkonini bergan;
Bacillus thuringiensis shtammlarini genetik identifikasiya qilishda gyrB va pycA genlari sekvinslangan ham cry va vip genlarining qisman va to‘liq nukleotid ketma-ketligi aniqlanib GenBank va National Center for Biotechology Information (NCBI) ma’lumotlar bazasida Bt cry1Aa-PP897827.1 (to‘liq), cry1Aa-PP763467.1 (qisman), cry1Ac-PP897828.1 (to‘liq), cry1Ac-PP763468.1 (qisman), cry1Ia-PP897829.1, cry2Aa-PP907159.1, cry2Ab-PP907160.1 va vip3Aa-PP897826.1 raqamlar ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Pespublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 25 apreldagi 4/1255-1036-son ma’lumotnomasi). Natijada Bacillus turlarini genetik identifikasiyasi va filogenetik taxlil qilishda genetik marker sifatida qo‘llash imkonini beradi.