Mirzaliev Abdujabbor Mamatyusuf o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi sharoitida Eriosoma lanigerum (Hausmann, 1802)ning bioekologik xususiyatlari», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/B879.
Ilmiy rahbar: G‘aniev Komolidin Xalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Xusanov Alisher Karimovich, biologiya fanlari doktori, professor; Turaeva Zuxra Rajaboevna, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi sharoitida Eriosoma lanigerum (Hausmann, 1802)ning bioekologik xususiyatlarini ochib berish, morfoekologik o‘zgaruvchanligi, xo‘jayin o‘simlikni zararlashi hamda unga qarshi kurashni ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysida uchrovchi E. lanigerum mtDNK COI geni yordamida identifikatsiya qilingan, dunyoning boshqa hududlaridan qayd etilgan E. lanigerum bilan tur doirasidagi genetik farqlanishga (K2P=0,3%) egaligi asoslangan;
Eriosoma lanigerum ning morfometrik ko‘rsatkichlari Farg‘ona vodiysining tog‘, adir va tekislik hududlarida fasllar (bahor, yoz va kuz) kesimida tahlil etilganida tekislik hududidagi shiralarda hududga nisbatan mikromoslashuv xususiyatlari mavjudligi aniqlangan;
vertikal mintaqalar (tog‘, adir va tekislik) bo‘yicha E. lanigerum ning morfometrik ko‘rsatkichlari orasidagi korrelyasion bog‘liqlik tog‘dagi populyasiyalarda 24 ta, adirda 15 ta va tekislikda 9 ta ko‘rsatkichlarda yuqori (r > 0,90) ekanligi asoslangan;
Eriosoma lanigerum ning tog‘, adir va tekislik mintaqalarida olma daraxtining o‘rta yarusidagi ekologik tokchani kuchli egallashi aniqlangan;
vertikal mintaqalar kesimida E. lanigerum bir mavsum davomida tog‘ hududida 14, adirlikda 16 va tekislikda 15 avlod berishi qayd etilgan hamda havo harorati 20-25°C va namlik 80% gacha bo‘lganda shiralarning faol ko‘payishi aniqlangan;
Eriosoma lanigerum ning zarar etkazishi “Renet-Simirenko” qishki olma navi misolida kuzatilganda daraxtning umumiy holdagi o‘sish, gullash va meva tugish jarayonlariga salbiy ta’siri asoslab berilgan;
Eriosoma lanigerum populyasiya va koloniyalarini tabiiy usulda nazorat qilishda uning entomofagi Aphelinus mali ning roli ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi sharoitida tarqalgan Eriosoma lanigerum (Hausmann, 1802)ning bioekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Eriosoma lanigerum turining COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBanki bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, ncbi.hlm.hih.gov). Natijada, OR654384 inventar raqami olingan va u xalqaro miqyosda ushbu turning filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan;
Eriosoma lanigerum turining Farg‘ona vodiysidagi tarqalish hududlari (aniq koordinatalari bilan), biotsenozlardagi soni va morfologik tuzilishiga oid to‘plangan ma’lumotlar hamda fotosuratlar Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar tarmog‘iga (GBIF) joylashtirilgan (Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar tarmog‘ining 2025 yil 2 apreldagi 031-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar tarmog‘i (GBIF)da Farg‘ona vodiysidagi Eriosoma lanigerum turining tarqalishi bo‘yicha global tahlil qilish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish