Botirov Elyor Arabboevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi Noctuini tunlamlari (Insecta: Noctuidae) faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/V871.
Ilmiy rahbar: Shermatov Malikjon Raxmatjonovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori, professor; Yunusov Mirzakarim Mirzahalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi Noctuini tunlamlari faunasining zamonaviy tur tarkibi va tarqalish areallarini aniqlash, morfologik va molekulyar-taksonomik va ekologik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona vodiysi Noctuini tribasining tur tarkibi 2 ta kenja triba, 8 ta avlod 29 turdan iborat ekanligi aniqlangan;
Noctuini tribasining 5 ta avlodga mansub 14 ta turi, jumladan, 12 tur   O‘zbekiston entomofaunasi uchun, 2  tur tadqiqot hududi uchun ilk bor aniqlangan, ular orasida ilk marotaba Actebia, Chersotis, Eugnorisma kabi avlodlar O‘zbekiston entomofaunasida uchrashi asoslangan; 
ilk bor aniqlangan turlarning tashqi morfologik belgilari, qanot tomirlanishi, shuningdek erkak va urg‘ochi individlar genitaliya tuzilishining turga xos jihatlari ochib berilgan;
Farg‘ona vodiysida identifikatsiyasi bahsli bo‘lgan Agrotis ipsilon hamda Dichagyris perturbansning tur maqomi molekulyar genetik tahlillar asosida  aniqlangan; 
Noctuini tunlamlarining hayot sikliga ko‘ra 3 ta, imagolik bosqichidagi faollik davrlariga ko‘ra 4 ta, qishlash xususiyatlariga ko‘ra 3 ta, ozuqaga ixtisoslashuvining kenglik darajasiga ko‘ra 2 ta, o‘simliklarning hayotiy shakllari bilan aloqasiga ko‘ra 5 ta, ozuqa o‘simliklari organlariga trofik ixtisoslashuviga ko‘ra 5 ta ekologik guruhlari asoslab berilgan;
Noctuini tunlamlarining ozuqa spektrida tabiiy hamda madaniy o‘simliklarning ulushi tahlil etilib, 16 ta (55%) tur tabiiy hamda madaniy o‘simliklar bilan, 12 ta (41 %) tur faqat tabiiy o‘simliklar,  1 ta (4%) tur esa faqat madaniy o‘simliklar bilan trofik aloqada ekanligi aniqlangan;
Noctuini tunlamlarining xilma-xillik indeksi (µ) cho‘l (7,9±0,40) – adir (8,5±0,57) – tog‘ oldi (16,8±0,78) ekotoplari ketma-ketligida ortib borishi, aksincha, nisbatan baland tog‘ ekotoplariga tomon bir oz pasayishi (14,6±0,76), dominantlik indekslari (C) esa cho‘l va adir ekotoplarida tog‘ oldi va tog‘ ekotoplariga nisbatan yuqori ekanligi statistik asoslangan;
Noctuini turlarining dominantlik me’zoni (shkalasi) asosida superdominant (>10%), dominant (5-10%), subdominant (2-5%) hamda kam sonli (<2%) turlar guruhlari ajratilib, ularning  ekotopik hududlar bo‘yicha o‘ziga xosligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi Noctuini tunlamlari faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysining tabiiy hamda antropogen ekotizimlaridan yig‘ilgan  Noctuini tribasiga mansub 62 nusxa namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan Zoologiya instituti “Zoologiya kolleksiyasi” noyob obektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 21-avgustdagi 4/1255-2031-son ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar hasharotlar kolleksiyasi fondini boyitgan va turlar xilma-xilligini aniqlash hamda elektron ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini bergan;
Dichagyris perturbans hamda Agrotis ipsilon turining COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBank bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi (NCBI) ning 2025-yil 24-iyundagi ma’lumotnomasi). Natijada, PV822239 va PV822240 inventar raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda ushbu turning filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish