Ibragimov Otabek Ismoilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xalqaro standartlar asosida bojxona nazoratini soddalashtirishni huquqiy ta’minlash”, 12.00.02. – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Yu671.
Ilmiy rahbar: Ergashev Vosidjon Yoqubovich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, dotsent Ruzmetov Xayrulla Ibadullaevich; yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Artikov Dilmurod Raxmatillaevich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida xalqaro standartlar asosida bojxona nazoratini soddalashtirishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
bojxona nazorati samaradorligini oshirish maqsadida Bojxona kodeksiga bojxona auditi institutini joriy etishning zarurligi iqtisodiy-huquqiy jihatdan asoslab berilgan;
bojxona nazoratini soddalashtirishda rasmiylashtiruvdan keyingi nazorat mexanizmini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish zarurati ilmiy asoslantirilgan;
bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida tovarlarning invoys va shartnoma narxini qabul qilishning huquqiy asosini qonun bilan mustahkamlash lozimligi asoslantirilgan;
bojxona nazoratini soddalashtirishning xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali Vakolatli iqtisodiy operatorlar maqomini huquqiy ta’minlash lozimligi asoslab berilgan;
xalqaro standartlar asosida tovarlarning kelib chiqish mamlakatini belgilash jarayonini soddalashtirish maqsadida bojxona qonunchiligiga dastlabki qaror berish amaliyotini joriy etish lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagilarda foydalanilgan:
Bojxona kodeksining 201-moddasiga “Tovarlar chiqarib yuborilganidan keyin bojxona organlari, agar bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari mavjud deb taxmin qilish uchun etarli va tasdiqlangan asoslar mavjud bo‘lsa, bojxona nazoratini amalga oshirishga, shu jumladan bojxona auditi usullari asosida amalga oshirishga haqli” mazmunida o‘zgartirish kiritish yuzasidan taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 1-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” O‘RQ-748-sonli Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2025-yil 23-maydagi 21/05-25-0032-son ma’lumotnomasi). Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, O‘zbekistonda bojxona nazoratini soddalashtirish bilan birga “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risida”gi Konvensiya (Kioto, 1973) hamda Jahon savdo tashkilotining “Savdo tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi Bitimi” talablarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga xizmat qilgan;
bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida tovarlarning invoys va shartnoma narxini qabul qilishning huquqiy asosini qonun bilan mustahkamlashga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-913-son Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2024-yil 13-noyabrdagi 21/05-24-0049-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida shartnoma va invoys narxini qabul qilishning amaldagi 69,3 foiz ko‘rsatkichi Jahon savdo tashkilotiga a’zo mamlakatlardagi kabi 80 foizdan ortishiga olib kelib, Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlarning bojxona to‘g‘risidagi qonunchiligi GATT (1994)ning VII moddasi qoidalarini to‘liq implementatsiya qilinishiga xizmat qilgan;
bojxona nazoratini soddalashtirishning xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali Vakolatli iqtisodiy operatorlar maqomini huquqiy ta’minlash bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 1-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-748-son Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2024-yil 13-noyabrdagi 21/05-24-0049-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi bojxona nazoratining soddalashtirilgan tartibini qo‘llash nazarda tutilgan Vakolatli iqtisodiy operatorlik institutini tashkil etishning huquqiy asosi yaratilishiga xizmat qilgan;
tovarlarni import qilishda lisenziya berish jarayonini avtomatlashtirish (raqamlashtirish)ning huquqiy asoslarini ta’minlashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-sentyabrdagi “Bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan naqd valyuta mablag‘larini deklaratsiyalash hamda bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini lisenziyalash qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 443-son qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2023-yil 29-dekabrdagi 12-15-136-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini huquqiy ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan.
Mazkur dissertatsiya xulosalari asosida ishlab chiqilgan bojxona nazoratini soddalashtirishni huquqiy ta’minlashga oid taklif va tavsiyalari qabul qilingan.