Koryog‘diev Bobur Umidjon o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Tasvirga bo‘lgan huquqni fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Yu1921.
Ilmiy rahbar: Imomov Nurillo Fayzullaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.  
Rasmiy opponentlar: Hamroqulov Bahodir Mamasharifovich, yuridik fanlar doktori, professor, Paluaniyazov Xolmuhammed Aytjanovich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi fuqarolarning tasvirga bo‘lgan huquqini fuqarolik huquqining obekti sifatida nazariy va amaliy jihatdan chuqur o‘rganish, ushbu huquqning mazmun-mohiyatini aniqlash, uni huquqiy jihatdan himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish hamda tasvirdan roziliksiz foydalanish holatlarida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarni tartibga solishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fuqaroni tasvirga olish va undan foydalanishda rozilik olish majburiyligi, 16 yoshga etgan shaxslar rozilik berishda mustaqil subekt bo‘la olishligi hamda jamoat va davlat manfaatlarini hisobga olganda roziliksiz ham tasvirdan foydalanish mumkin bo‘lgan holatlar mavjudligi asoslantirilgan;
tasvirga bo‘lgan huquq shaxsiy hamda ommaviy manfaatlar kesishmasida muvozanatni ta’minlash vazifasini keltirib chiqarishi tahlil qilinib, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalar taniqli vakillarining tasviridan jamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otadigan axborotni tarqatish maqsadlarida foydalanilganda rozilik talab etilmasligi asoslantirilgan;
fuqaroning shaxsiy hayoti, shu jumladan, uning kelib chiqishi, yashash joyi, shaxsiy va oilaviy hayoti to‘g‘risidagi har qanday axborotni yig‘ish, saqlash, tarqatish va foydalanishga uning roziligisiz yo‘l qo‘yilmasligi asoslantirilgan;
huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish uchun javobgarlikni kuchaytirish asoslantirilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tasvirga bo‘lgan huquqni fuqarolik-huquqiy tartibga solish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
fuqaroni tasvirga olish va undan foydalanishda rozilik olish orqali himoya qilish bilan bog‘liq taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-apreldagi F-5464-son Farmoyishi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasining 109-moddasi birinchi qismida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik departamentining 2025-yil 22-iyuldagi 8/0010-02-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi tasvirga bo‘lgan huquq muhofazasi uchun huquqiy asos yaratishga, shuningdek shaxs tasviridan foydalanishni tartibga solishga xizmat qilgan;
ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalar taniqli vakillarining tasviridan jamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otadigan axborotni tarqatish maqsadlarida foydalanilganda rozilik talab etilmasligi bilan bog‘liq taklif yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasining 28-moddasi uchinchi qismi ikkinchi bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik departamentining 2025-yil 22-iyuldagi 8/0010-02-son dalolatnomasi). Ushbu taklif jamoat arboblari, mashhurlarning tasvirga bo‘lgan huquqini maxsus rejimda muhofazalashga hamda axborot olishga bo‘lgan erkinlikni ta’minlashga xizmat qilgan;
fuqaroning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq axborotdan foydalanish tartibiga oid taklif yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasining 110-moddasi birinchi-ikkichi qismlarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik departamentining 2025-yil 22-iyuldagi 8/0010-02-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi fuqaroning shaxsiy hayotini fuqarolik huquqiy muhofaza qilishga xizmat qilgan;
huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish uchun ma’muriy javobgarlikka oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1952-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasining 2025-yil 17-iyuldagi 27/2-158-25-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tasvirga bo‘lgan huquqlarini samarali himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish orqali ularning shaxsiy-nomulkiy huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish