A’zamjon Akmaljon o‘g‘li Mamadjanovning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Muhammad Vafo Karminagiyning “Tuhfat al-xoniy” asari tarixiy manba sifatida”. 07.00.08 – “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2023.3.PhD/Tar1626
Ilmiy rahbar: Azamat Ziyo, tarix fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Qahramon Kenjaevich Rajabov, tarix fanlari doktori, professor; 
Shodmon Husayinovich Vohidov, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Muhammad Vafo Karminagiy “Tuhfat al-xoniy” asarining tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
“Tuhfat al-xoniy” asari asosida 380ga yaqin jug‘rofiy nomlarning aniqlanganligi ashtarxoniylar va mang‘itlar davri mintaqa tarixiy geografiyasiga oydinlik kiritishda; 330dan ortiq shaxs nomlarining keltirilishi Turkiston siyosiy hayotida ishtirok etgan tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganishda; 60dan ortiq urug‘ va elat nomlari bilan bog‘liq ma’lumotlar 18-yuzyillikdagi etnik jarayonlarda ishtirok etgan urug‘ va elatlar tarkibini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etganligi dalillangan;
Mang‘itlar sulolasi hukmronligining ilk davrlarida Muhammad Rahimxon tomonidan harbiy-boshqaruv sohasida islohot o‘tkazilib, zamonaviy qurol-yarog‘ (miltiq va jazoir)lar bilan qurollangan 12 ming kishilik muntazam otliq qo‘shinga asos solingani sulolaning ichki barqarorligi (kenagas, yuz va xitoy-qipchoq urug‘larini bo‘ysundirish) va tashqi xavfsizligini ta’minlash (Eron, Afg‘oniston va Qo‘qon bosqinlaridan himoya qilish), shuningdek, mamlakatdagi Miyonqol, Karmana, Nurota, Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Hisor kabi tarqoq bekliklarni iqtisodiy jihatdan birlashtirishda asosiy omil bo‘lgani aniqlangan;
ayrim tarixiy adabiyotlarda talqin qilinganidek, Buxoro xonligida ashtarxoniylar sulolasi o‘rniga mang‘itlarning hokimiyatga kelishi “xudbinlik va sotqinlik natijasi”da yuz bermaganligi, aksincha, Abulfayzxon taxtdan tushirilib, hokimiyatga Muhammad Rahimxon kelishi bilan bog‘liq jarayonlar aslida Nodirshohning jiyani Aliqulixon (xonning kuyovi sifatida Buxoroni o‘z qo‘lida saqlab qolish) rejalariga qarshi qaratilgan tadbir bo‘lib, bu hol xonlik aholisini qizilbosh askarlar talon-tarojidan saqlab qolgani, Eron bosqiniga qarshi milliy ozodlik kurashini vujudga keltirgani hamda mamlakat mustaqilligining qayta tiklanishiga olib kelgani dalillangan; 
Buxoro xonligida Muhammad Rahimxon boshchiligida mang‘it sulolasining taxtga kelishi boshqaruvda hukmdor tayinlashning nasliy-shajaraviy tamoyillarga asoslanmagan (ya’ni, hukmdorning yetakchilik qobiliyati, iqtidor va salohiyatiga tayanadigan) yangicha dunyoqarash va siyosiy tafakkurni vujudga keltirgani, bu Turkistonda mavjud bo‘lgan taxt egasi kelib chiqish jihatidan chingiziylardan bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi tamoyilning emirilishiga sabab bo‘lgani, 1785-yilda Shohmurod ibn Doniyolbiyning amir unvoni bilan rasman taxtga o‘tirishi esa ushbu jarayonning mahsuli bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
“Tuhfat al-xoniy” da  Buxoro xonligida kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga oid 330dan ortiq shaxs, 380ga yaqin jug‘rofiy va 60dan ortiq urug‘ va elat nomlarining mavjudligi Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etgan tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganish, sulola davri tarixiy geografiyasini belgilash, etnik jarayonlarda ishtirok etgan urug‘ va elatlar tarkibini aniqlash borasidagi ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Javohir”, “Qismat” ko‘rsatuvlari ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2024-yil 31-iyuldagi 06-31-903 son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot natijalarining joriy etilishi 18-yuzyillik Buxoro xonligining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan tarixiy shaxslar, urug‘ va elatlar bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni ommalashtirishga xizmat qiladi.
Mang‘itlar sulolasi hukmronligining ilk davrlarida Muhammad Rahimxon tomonidan 12 ming kishilik muntazam otliq qo‘shinga asos solingani sulolaning ichki barqarorligi va tashqi xavfsizligini ta’minlash hamda xonlik tarkibidagi viloyatlarini iqtisodiy jihatdan birlashtirishga sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi ilmiy yangiliklaridan FA Tarix institutida 2022 – 2024-yillarda amalga oshirilgan № FZ – 202007287 “O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi manbalari (eng qadimgi davrlardan 1991-yilgacha) elektron “aqlli kutubxona” platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2025-yil 25-apreldagi 3/1255-1040-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi Muhammad Rahimxon tomonidan Buxoro amirligida 12 ming kishilik muntazam otliq qo‘shinga asos solingani, sulolaning ichki barqarorligi va tashqi xavfsizligini ta’minlashda asosiy omil bo‘lgani to‘g‘risida ilmiy xulosalar chiqarishga xizmat qiladi.
Buxoro xonligida 1747-yilda Abulfayzxon taxtdan tushirilib, hokimiyatga Muhammad Rahimxon kelishi bilan bog‘liq jarayonlar aslida Nodirshohning jiyani Aliqulixon rejalariga qarshi qaratilgan tadbir bo‘lib, bu hol xonlik aholisini qizilbosh askarlar talon-tarojidan saqlab qolgani, Eron bosqiniga qarshi milliy ozodlik kurashini vujudga keltirib, mamlakat mustaqilligining qayta tiklanishiga olib kelgani haqidagi ilmiy yangiliklaridan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Javohir”, “Qismat” ko‘rsatuvlari ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2024-yil 31-iyuldagi 06-31-903 son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ikki sulola – ashtarxoniylar va mang‘itlar o‘rtasidagi hokimiyat almashinuvi davrining bahsli masalalariga oydinlik kiritishga xizmat qiladi.
Muhammad Rahimxon boshchiligida mang‘it sulolasining taxtga kelishi boshqaruvda hukmdor tayinlashning nasliy-shajaraviy tamoyillarga asoslanmagan, yangicha dunyoqarash va siyosiy tafakkurni vujudga keltirib, bu Turkistonda mavjud bo‘lgan taxt egasi kelib chiqish jihatidan chingiziylardan bo‘lishi to‘g‘risidagi tamoyilning emirilishiga sabab bo‘lgani borasidagi ilmiy xulosalardan FA Tarix institutida 2022 – 2024-yillarda amalga oshirilgan № FZ – 202007287 “O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi manbalari (eng qadimgi davrlardan 1991-yilgacha) elektron “aqlli kutubxona” platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2025-yil 25-apreldagi 3/1255-1040-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Muhammad Vafo Karminagiyning “Tuhfat al-xoniy” asari to‘g‘risidagi yangi ma’lumotlarni ommalashtirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish