Utepbergenov Farxat Janabaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Qadimgi va ilk o‘rta asrlardagi Mizdaxkan (miloddan avvalgi IV asr – milodiy VIII asrlar) 07.00.06 – Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1(PhD)/Tar886
Ilmiy rahbar: Turebekov Mirzali, tarix fanlar nomzodi, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi, DSc.02/02.30.12.2019.Tar.45.01.
Rasmiy opponentlar:
Asqarov Axmadali Asqarovich, tarix fanlari doktori, professor, akademik
Toreniyazov Azizxan Jienbaevich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Mizdaxkanning qadimgi va ilk o‘rta asrlar davri tarixini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Miloddan avvalgi V–IV asrlarda Mizdaxkanning 8 gektar maydonni qamrab olgan shahar sifatida shakllanganligi, shaharda ark, mudofaa devorlari bilan o‘ralgan shahriston va uning atrofida joylashgan himoyalanmagan rabod mavjud bo‘lganligi dalillangan.
Mizdaxkanning sopol idishlar majmuasida miloddan avvalgi IV – milodiy IV asrlar moddiy madaniyatida yuz bergan o‘zgarishlar, jumladan, miloddan avvalgi II asrdan boshlab hayvonlar tasvirining paydo bo‘lishi va ushbu an’ananing milodning birinchi asrlarida ham davom etganligi isbotlangan hamda ushbu o‘zgarishlarning shimoliy ko‘chmanchi sarmat qabilalari bilan bog‘liqligi dalillangan.
Afrig‘iylar madaniyatiga tegishli kulolchilik charxida tayyorlangan nafis sopol idishlar hamda yarim ko‘chmanchi, ko‘chmanchi xalqlar tomonidan yaratilgan Kardar madaniyatiga oid dag‘al, qo‘lda yasalgan sopol idishlar madaniy qatlamlarda birga uchrashi asosida Mizdaxkanning ilk o‘rta asrlar moddiy madaniyatida ikki yo‘nalishdagi an’analar yonma-yon rivojlanganligi asoslangan.
Mizdaxkan shahri va uning atrofidagi mahobatli imoratlar va mustahkamlangan turar joylarda boy er egalari (dehqonlar) istiqomat qilganligi, ular atrofidagi ikki-to‘rt xonali turar-joylarda esa feodallarning erlari, ustaxonalarida mehnat qiluvchi erkin jamoa a’zolari – dehqon va xizmatchilar yashaganligi, ilk o‘rta asrlar davri ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga xosligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Qadimgi va ilk o‘rta asrlardagi Mizdaxkan (miloddan avvalgi IV asr – milodiy VIII asrlar) mavzusidagi tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
miloddan avvalgi V–IV asrlarda Mizdaxkanning 8 gektar maydonni qamrab olgan shahar sifatida shakllanganligi, shuningdek, shaharda ark, mudofaa devorlari bilan o‘ralgan shahriston va uning atrofida joylashgan himoyalanmagan rabod mavjudligi to‘g‘risidagi olingan ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniy meros boshqarmasining arxeologik yodgorliklarni turistik obektlarga aylantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan faoliyatida foydalanilgan. Bu O‘zbekiston tarixining ajralmas qismi bo‘lgan qadimgi Xorazm tarixi bo‘yicha yangi ma’lumotlar bazasini yaratishga xizmat qilgan. Bundan tashqari, Mizdaxkan yodgorligi bo‘yicha olingan ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan madaniy meros obektlari pasportlarini yaratishga, turistik marshrutlarni shakllantirishga xizmat qilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniy meros boshqarmasining 2023-yil 14-fevraldagi 01-03/04-43-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qadimgi va ilk o‘rta asrlardagi Mizdaxkan sharining topografiyasi, shahar qismlari va mudofaa devorlarining asosi yanada chuqurroq va kengroq tarzda ilmiy asoslab berilgan;
Mizdaxkanning sopol idishlar majmuasida miloddan avvalgi IV – milodiy IV asrlar moddiy madaniyatda yuz bergan o‘zgarishlar, jumladan, miloddan avvalgi II asrdan boshlab hayvonlar tasvirining paydo bo‘lishi va ushbu an’ananing milodning birinchi asrlarida ham davom etganligi isbotlangan hamda ushbu o‘zgarishlarning shimoliy ko‘chmanchi sarmat qabilalari bilan bog‘liqligi, shuningdek, Afrig‘iylar madaniyatiga tegishli kulolchilik charxida tayyorlangan nafis sopol idishlar va yarim ko‘chmanchi, ko‘chmanchi xalqlar tomonidan yaratilgan Kardar madaniyatiga oid dag‘al, qo‘lda yasalgan sopol idishlar madaniy qatlamlarda birga uchrashi asosida Mizdaxkanning ilk o‘rta asrlar moddiy madaniyatida ikki yo‘nalishdagi an’analar yonma-yon rivojlanganligi haqidagi xulosalardan Qorapalpog‘iston teleradiokompaniyasining “Qorapalpog‘iston tarixi” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (Qorapalpog‘iston teleradiokompaniyasining 2023-yil 14-fevraldagi 05-22/89-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur dasturda keltirilgan ma’lumotlar asosida qadimgi Xorazm kulolchiligi tarixiga doir yangi ishonchli ma’lumotlar berish imkoniyati yaratilgan. Yuqoridagi ma’lumotlar ko‘rsatuvni ilmiy dalillar bilan boyitish va uning ommabopligini ta’minlash bilan birga, madaniy merosimizning o‘rni va ahamiyatini xalqimizga etkazish vositasi bo‘lib xizmat qilgan;
Ilmiy izlanishlar jarayonida topilgan va badiiy qiymatga ega bo‘lgan ko‘plab noyob topilmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat tarix va madaniyat muzeyining arxeologiya bo‘limi zallarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi I.V.Saviskiy nomidagi Davlat san’at muzeyida hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi Davlat muzeyida namoyish etilgan.
Mizdaxkanning qadimgi va ilk o‘rta asrlar davri (miloddan avvalgi IV asr - milodiy VIII asr)ni o‘rganish jarayonida topilgan arxeologik ashyolar Qoraqalpog‘iston tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyasiga kiritilgan. Muzey eksponatlari orasidan joy olgan antik va ilk o‘rta asrlar davri aholisining turmush tarzi va madaniyatiga oid moddiy dalillar mahalliy va xorijiy sayyohlarga Mizdaxkanning qadimgi va ilk o‘rta asrlar aholisi, ularning turmush tarzi hamda moddiy madaniyati namunalarini targ‘ib qilishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyining 2023-yil 14-fevraldagi 56-sonli ma’lumotnomasi). Bu o‘z navbatida Mizdaxkan shahri va uning atrofidagi hududlar tarixi Markaziy Osiyo mintaqasida kechgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning ajralmas bir qismi bo‘lganligini ko‘rsatadi. Yuqoridagi ma’lumotlar Mizdaxkan yodgorligining tarixiy ahamiyatini xalqimizga etkazish vositasi bo‘lib xizmat qilgan.