Abdullaeva Kamola Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sanoat korxonalarini boshqarish uchun muhandis xodimlarni tayyorlashning kompyuterli o‘qitish tizimlari”, 05.01.08 – “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T3886.
Ilmiy rahbar: Avazov Yusuf Shodievich, texnika fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, DSc. 03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Sevinov Jasur Usmonovich texnika fanlari doktori, professor; Ivanyan Arsen Ignatevich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aralashmalarni ajratish texnologik jarayonlarini boshqarishning intellektual tizimi hamda jarayonlarni boshqaruvchi muhandis-operatorlarni o‘qitish tizimlari uchun takomillashgan funksiyali kompyuterli trenajyorni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ma’lumotlarni neyron tarmoqli intellektual tahlil qilish asosida muhandis-operatorlarning bilimini diagnostika qilish va baholash imkonini beradigan va aralashmalarni ajratish jarayonini aks ettiradigan takomillashgan funksiyali intellektual kompyuter trenajyori ishlab chiqilgan;
aralashmalarni ajratish texnologik jarayonining noaniq mantiqli modeli asosida turli vazifalarga mo‘ljallangan boshqarish tizimlari va kompyuter trenajyor-o‘quv majmualarini yaratish imkonini beruvchi algoritm ishlab chiqilgan;
sanoat ishlab chiqarishidagi vaziyatlar senariylari asosida turli avariyaviy vaziyatlar va insidentlarda qaror qabul qilish ko‘nikmalarini baholash imkonini beruvchi texnologik jarayonlarni boshqarish operatorlarining bilimlarini nazorat qilish uslubiyati ishlab chiqilgan;
matematik tavsif va moddiy balans qonuniyatlaridan foydalangan holda aralashmalarni ajratish jarayonini bosqichma-bosqich tavsiflash usuli asosida matematik modelning aniqligini oshirish imkonini beradigan matematik modellashtirish algoritmi ishlab chiqilgan;
vaziyatli boshqarish usuli va Ashyolar interneti texnologiyalari asosida aralashmalarni ajratish jarayonini boshqarish sifatini oshirish imkonini beruvchi intellektual boshqarish tizimlarining strukturalari taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sanoat jarayonlarini boshqaruvchi muhandis xodimlarni o‘qitish tizimi va boshqarish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
muhandis-operatorlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash imkoniyatini beruvchi ko‘p funksiyali kompyuterli trenajyor “Maxam-Chirchiq” AJda joriy qilingan (“O‘zkimyosanoat” AJ ning 2025-yil 28-fevraldagi 13-647-son ma’lumotnomasi). Natijada ajratish jarayonini boshqarish tizimini boshqaruvchi operatorlarni malaka va ko‘nikmalari oshib, boshqarishning sifatini yaxshilash imkonini bergan;
muhandis-operatorlarning bilim va ko‘nikmalarini diagnostika qilish, baholash algoritmi va uslubiyati “Maxam-Chirchiq” AJda joriy qilingan (“O‘zkimyosanoat” AJ ning 2025-yil 28-fevraldagi 13-647-son ma’lumotnomasi). Natijada muhandis-operatorlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada obektiv baholash imkonini bergan;
aralashmalarni ajratish jarayonini boshqarishning intellektual tizimi “Maxam-Chirchiq” AJda joriy qilingan (“O‘zkimyosanoat” AJ ning 2025-yil 28-fevraldagi 13-647-son ma’lumotnomasi). Natijada texnologik jarayonlarini boshqarish sifati yaxshilanishiga va energiya tejamkorlikka erishilgan.