Kayumov Umid Kayumovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘zaning plastik navlarini yaratishda geografik jihatdan uzoq duragaylash usuli orqali seleksiya ishini jadallashtirish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/Qx312.
Ilmiy maslahatchi: Avtonomov Viktor Aleksandrovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/08.05.2024.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: G‘o‘zaning S-6601 (NAP 00359), S6602 (NAP 00358) va Surxon-105 (NAP 00360) navlari.
II. Tadqiqotning maqsadi istiqbolli boshlang‘ich manbani baholash va tanlab olish hamda eng yaxshi duragay va seleksion shakllardan foydalanish asosida turli etishtirish sharoitlariga moslashuvchanlik va yuqori raqobatbardoshlikka ega intensiv tipdagi plastik g‘o‘za navlarini yaratish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
geografik uzoq duragaylash usuli orqali olingan g‘o‘zaning boshlang‘ich manba va duragaylari morfologik, qimmatli-xo‘jalik hamda biokimyoviy belgilari bo‘yicha kompleks baholandi va F₁ duragaylarda seleksiyada ayrim kombinatsiyalardan samarali foydalanish imkoniyatini asoslab beruvchi dominantlik darajasi (hp), standart og‘ish (σ) va variatsiya koeffisienti (V%) ning namoyon bo‘lish qonuniyatlari aniqlandi;
seleksiya ishlariga F₁ duragaylarini jalb qilish samarasini oshirish maqsadida asosiy belgilar bo‘yicha geterozis samarasiga ega hamda o‘suv davri davomiyligi va mikroneyr belgilari bo‘yicha to‘liq dominantlikning salbiy ta’siri bilan birga namoyon bo‘luvchi kombinatsiyalardan foydalanish zarurligi aniqlandi;
F₂-F₃ duragaylarida asosiy xo‘jalik belgilarining o‘zgaruvchanligi va irsiylanishi (h²)ni o‘rganish irsiyatga eng yaxshi beriluvchi va seleksiya uchun ahamiyatli belgilarni aniqlash imkonini berishi hamda «tolaning shtapel uzunligi», «mikroneyr», «solishtirma uzilish uzunligi» va «tola chiqimi» kabi belgilarning o‘rta qiymatlari bilan bir qatorda irsiylanish koeffisientini hisobga olish seleksiya jarayonini dastlabki bosqichlarda optimallashtirishi va tanlov samaradorligini oshirishi aniqlandi;
F₂ duragaylarida «tola chiqimi» belgisi bilan «bir ko‘sakdagi paxta xom-ashyosi vazni», «tezpisharlik» va tola sifat belgilari o‘rtasida kompleks tanlov uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan juft korrelyasion bog‘liqliklar mavjudligi aniqlandi;
qimmatli xo‘jalik belgilarining majmuiga ega, V.dahliae Kleb.ga bardoshlilik va tolaning yuqori sifati bilan ajralib turuvchi seleksiya uchun ahamiyatli duragay va oilalarni ajratib olish imkoniyati aniqlandi va bu fitoimmunitetning marker fermentlari - peroksidaza, polifenoloksidaza va fenilalanin ammiak-liaza qo‘llanilgan biokimyoviy tahlil usullari bilan tasdiqlandi;
g‘o‘zaning turli iqlim sharoitlariga moslashuvchan S-6601, S-6602 va Surxan-105 navlari yaratilgan, ular ishlab chiqarishga joriy etish uchun istiqbolli bo‘lib, bu tanlov, davlat va ishlab chiqarish sinovlari natijalari bilan tasdiqlangan hamda ularning yangiligini patent bilan sdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Geografik jihatdan uzoq duragay usuli bilan g‘o‘zaning plastik navlarini yaratish va seleksiyani jadallashtirish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:
o‘rta tolali va ingichka tolali g‘o‘zaning S-6601, S-6602 hamda Surxon-105 navlari yaratilgan va Respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlarida 211 ga maydonda ishlab chiqarishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 30 maydagi  №05/01-05/02-05/04-03-222 ma’lumotnomasi). Natijada, ular ertapisharligi (105-115 kun), paxta xom ashyosi hosildorligi (50 va undan ortiq s/ga), 10 oktyabrgacha davrda asosiy paxta xom ashyosi hosilining yuqori ko‘rsatkichi, tolaning yuqori sifati (IV va Ia turi), tola chiqimi (S-6601 va S-6602 – 38–39%, Surxon-105 - 35-36%) va V.dahliae ga yuqori tolerantligiga erishish imkonini bergan;
istiqbolli S-6601 g‘o‘za navi Navoiy viloyatida 2021-2024 yillarda 134 ga maydonda joriy etilgan va urug‘lari ko‘paytirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 30 maydagi  №05/01-05/02-05/04-03-222 ma’lumotnomasi). Natijada, bu nav andoza S-6524 naviga nisbatan paxta xom ashyosi hosildorligi bo‘yicha 5,7-5,9 s/ga yuqori, 4-6 kunga ertapisharlik ko‘rsatib, uning rentabelligi 22,1% ni tashkil etgan;
geografik jihatdan uzoq, navlararo gibridlashtirish natijasida yaratilgan V.dahliae ga barqaror, yuqori hosildor, ertapishar, tola chiqishi va sifati yuqori (IV tip) bo‘lgan S-6602 o‘rta tolali g‘o‘za navi Toshkent viloyatida 39 ga maydonda dastlabki ko‘paytirish maqsadida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 30 maydagi №05/01-05/02-05/04-03-222 ma’lumotnomasi). Natijada, yangi navdan avndoza S-6524 naviga nisbatan har gektardan qo‘shimcha 4,6-4,8 sentner yuqori paxta xom-ashyosi olingan va rentabellik 25,4% ni tashkil etgan;
Surxon-105 navi 2021-2023 yillarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan yangi g‘o‘za navlarini dastlabki ko‘paytirish elita urug‘chilik xo‘jaligida 38 ga maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 30 maydagi №05/01-05/02-05/04-03-222 ma’lumotnomasi). Natijada, yangi navdan andoza Surxon-14 naviga nisbatan har gektardan qo‘shimcha 5,3-5,5 sentner paxta xom ashyosi olinib, rentabelliki 20,1% ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish