Nurillaev Ilhom Xolbek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sabzavot (shirin) makkajo‘xori nav-duragaylarini ertagi va takroriy ekinlar sifatida o‘stirilganda qulay ekish muddatlarini belgilash”, 06.01.06 – Sabzavotchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Qx1618
Ilmiy rahbar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Aramov Muzaffar Xoshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Azizov Qobiljan Qaxramonjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi janubiy hudud Qashqadaryo viloyati sugʻoriladigan och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida sabzavot (shirin) makkajo‘xori nav-duragaylar to‘plamini asosiy va takroriy ekinlar sifatida har tomonlama baholash asosida moslanuvchan istiqbollilarini ajratib, ulardan barqaror yuqori va sifatli hosil olish texnologiyasining asosiy elementi maqbul ekish muddatlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor janubiy hudud Qashqadaryo viloyati sharoitida sabzavot (shirin) makkajo‘xori nav-duragaylari to‘plami asosiy va takroriy ekinlar sifatida Megaton F1, Bonus F1, Gold F1, Sentinel F1, Favorite, Zamon, Zamin, Yangi hayot nav-duragaylarida qimmatli xo‘jalik belgilari (tezpisharligi, don va silos massa xosildorligi va maxsulotning sifat ko‘rsatkichlari) aniqlangan;
ajratilgan Megaton F1, Yangi hayot va Sherzod nav-duragaylarining ekish muddatlari asosiy ekin sifatida mart oyining uchinchi dekadasida, takroriy ekin sifatida esa iyun oyining uchinchi dekadasi va iyul oyining birinchi dekadasi ekanligi isbotlangan;
moslanuvchan nav-duragaylar 20 va 30 mart muddatlarida ekilganda tupdagi so‘talar soni 2,0-2,2 dona, so‘talar vazni 318,6-374,6 g, so‘tadagi don qatorlar soni 14,0-16,0 dona, so‘ta bir qatoridagi donlar soni 37,0-41,3 dona, bitta so‘tadagi donlar soni 518,0-690,6 donani tashkil etishi aniqlangan;
takroriy ekin sifatida erta (30 iyun – 10 iyulda) ekilganda tupdagi so‘talar soni 1,9-2,2 dona, so‘talar vazni 311,3-367,6 g; so‘tadagi don qatorlar soni 12,0-14,0 dona, so‘ta bir qatoridagi donlar soni 35,0-35,6 dona, bitta so‘tadagi donlar soni 420,0-519,0 dona bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qashqadaryo viloyati eskidan sug‘oriladigan sho‘rlanmagan och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida sabzavot makkajo‘xori o‘stirish texnologiyasini takomillashtirish asosida barqaror yuqori va arzon hosil olishga imkon beruvchi nav-duragaylarni tanlash va agrotexnologiyasini yaratish borasida olib borilgan tadqiqotlar asosida:
fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari uchun “Qashqadaryo viloyati sharoitida sabzavot (shirin) makkajo‘xoridan yuqori va sifatli hosil olishda nav-duragaylarni tanlash va maqbul ekish muddatlarini belgilashga oid tavsiyalar” tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziining 2025-yil 2-iyun 05/06-04-306-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyanoma fermer xo‘jaliklari rahbar-mutaxassislari, ilmiy izlanuvchilar va sabzavot (shirin) makkajo‘xori etishtiruvchi erdan foydalanuvchilarga muhim ilmiy-uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Qashqadaryo viloyati sharoitida asosiy ekin sifatida sabzavot (shirin) makkajo‘xorining Sherzod, Yangi hayot va Megaton F1 ajratilgan moslanuvchan nav duragaylarini maqbul ekish (18-20 mart) muddatlari ishlanmasi viloyatning Qarshi tumanidagi “Turdieva Gulzoda” fermer xo‘jaligining 1,5 gektar, “Ergash bobo o‘g‘li Farhod” fermer xo‘jaligining 1,2 gektar, “Toshniyoz o‘g‘li Turdiqul” fermer xo‘jaligining 0,8 gektar, jami 3,5 gektar maydonda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziining 2025-yil 2-iyun 05/06-04-306-sonli ma’lumotnomasi). Natijada asosiy ekinlar sifatida gektardan o‘rtacha 5,3-7,3 tonna don hosil olishga erishilgan;
Qashqadaryo viloyati sharoitida takroriy ekin sifatida sabzavot (shirin) makkajo‘xorining ajratilgan moslanuvchan Sherzod, Yangi hayot va Megaton F1 nav durgaylarini maqbul ekish muddatlari (29-30 iyun) ishlanmasi viloyatning Qarshi tumanidagi “Turdieva Gulzoda” fermer xo‘jaligining 2,0 gektar, “Ergash bobo o‘g‘li Farhod” fermer xo‘jaligining 1,0 gektar, “Toshniyoz o‘g‘li Turdiqul” fermer xo‘jaligining 1,3 gektar, jami 4,3 gektar maydonda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziining 2025-yil 2-iyun 05/06-04-306-sonli ma’lumotnomasi). Natijada takroriy ekinlar sifatida gektardan o‘rtacha 4,7-6,6 tonna don hosil olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish