Turdialieva Mahzuna Muxtaralievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kurka go‘shtini kimyoviy tarkibi asosida tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha tasniflash va sertifikatlash hamda uni xavfsizlik bilan o‘zaro bog‘liqligi masalalari», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T5026.
Ilmiy rahbar: Hamroqulov Mahmud G‘ofurjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/29.10.2021.K/T.60.05.
Rasmiy opponentlar: Isaev Yusupjon Tojimamatov, kimyo fanlari doktori, professor; Mo‘ydinov Nurillo To‘xtarovich, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: kurka go‘shtining kimyoviy tarkibi va tarkibidagi qo‘shimcha kimyoviy moddalar asosida TIF TN ga muvofiq yangi tovar kodlarini ishlab chiqish hamda mahsulotning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlariga muvofiq sertifikatlashtirish mexanizmini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ayrim mamlakatlarda etishtirilgan kurka go‘shti namunalarining kimyoviy tarkibi (namlik, oqsil, yog‘, uglevod, kul) kimyoviy usullar yordamida o‘rganilib, ularning tarkibiy farqlari aniqlangan hamda bu natijalar ishlab chiqarish sharoiti, oziqlantirish omillari va ekologik muhitning mahsulot sifati hamda oziqaviy qiymatiga ta’sirini baholovchi ilmiy-amaliy mezonlari aniqlangan;
turli mamlakatlarda etishtirilgan kurka go‘shti namunalarining yog‘ kislotalari tarkibi gaz xromatografiyasi usuli yordamida o‘rganilib, barcha namunalarda palmitin (C16:0), olein (C18:1) va linolein (C18:2) kislotalari miqdori 20% dan yuqori miqdorda ekanligi isbotlangan;
ayrim mamlakatlarda etishtirilgan kurka go‘shti tarkibida inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan antibiotiklar va pestisidlar miqdorining amaldagi me’yorlardan oshib ketganligi, takomillashtirilgan uslubiy yondashuv asosida aniqlangan;
turli mamlakatlarda etishtirilgan kurka go‘shti namunalari tarkibidagi makro- va mikroelementlar miqdori induktiv bog‘langan plazmali optik emission spektrometriya yordamida aniqlash natijalari ushbu kurka go‘shlari tarkibida inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan biogen elementlar miqdori yuqoriligi, shuningdek zararli bo‘lgan og‘ir metallar qoldiqlari miqdori barcha namunalarda mavjud emasligi isbotlangan;
ilk bor yangi so‘yilgan, sovutilgan va muzlatilgan kurka go‘shti namunalarining kimyoviy tarkibi asosida ularni Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi bo‘yicha sinflash amaliyoti takomillashtirilib, yangi 4 ta tovar kodlari ishlab chiqilgan;
mamlakatimizda iste’mol qilinayotgan kurka go‘shtining kimyoviy tarkibi belgilangan me’yorlarga muvofiqligini baholash imkonini beruvchi kompleks sinov dasturi ishlab chiqilib, kurka go‘shtini sertifikatlashtirish jarayoni takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. TIF TNga muvofiq kurka go‘shtining kimyoviy tarkibi va tarkibidagi qo‘shimcha kimyoviy moddalariga ko‘ra tasniflanishi va sertifikatlanishini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kurka go‘shti va tarkibidagi inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi zaharli va kanserogen moddalar asosiy mezon ko‘rsatkich sifatida tanlab olinib, TIF TN asosida ishlab chiqilgan 0207 24 100 1, 0207 24 900 1, 0207 25 100 1 hamda 0207 25 900 1 yangi kod raqamlari O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tomonidan amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining 2024 yil 20 iyundagi  17/05-24-1185-son ma’lumotnomasi). Natijada, kurka go‘shtining kod raqamlarini to‘g‘ri belgilash orqali mamlakat iqtisodiy xavfsizligini hamda ichki bozorini sifatsiz va xavfli parranda go‘shtlaridan himoya qilish va bojxona statistikasini to‘g‘ri yuritish imkonini bergan;
kurka go‘shti uchun ishlab chiqilgan kompleks sinov dasturi “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” Davlat muassasasi va uning hududiy filiallari amaliyotiga joriy qilingan (“O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” Davlat muassasasining 2024 yil 27 yanvardagi 01-184-son ma’lumotnomasi). Natijada, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha texnik reglament talabalari asosida sertifikatlash tizimini takomillashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish