Axmedova Nozima Farxod qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “Katta hajmli ma’lumotlarning hayotiy siklida axborotni himoyalashning model va algoritmi”, 05.01.05 - “Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5293.
Ilmiy rahbar: Tashev Komil Axmatovich texnika fanlar nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.02.
Rasmiy opponentlar: Botirov Fayzulla Baxtiyorovich DSc., dotsent, Ibroximov Azizbek Ravshanbek o‘g‘li texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: “UNICON.UZ” MChJ - Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi katta hajmli ma’lumotlarning hayotiy siklida axborotning sirqib chiqishini va ruxsatsiz foydalanilishni oldini olishga imkon beruvchi himoyalashning model va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
katta hajmli ma’lumotlar tizimida subekt va obekt atributlari to‘plamiga xavfsizlik atributlarini hamda bajarilishi talab etiladigan beshta shartlarni kiritish asosida foydalanuvchilarga vakolat taqdim etish aniqligini oshirishga imkon beruvchi boshqaruv modeli takomillashtirilgan;
katta hajmli ma’lumotlar tizimlarida himoya tizimini xavfsizlik talablari asosida boshqa tizimlar bilan integratsiya qilish imkonini beruvchi atributga asoslangan shifrlashning ochiq kalitlarni tarqatish siyosatini qo‘llovchi foydalanishni boshqarishning arxitekturasi ishlab chiqilgan;
katta hajmli ma’lumotlar tizimida yangi  turdagi risklarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonida klassik noravshan matematik baholash usulini qo‘llash orqali xavfsizlikni ta’minlashning dinamik siklini hosil qilish imkonini beruvchi risklarni boshqarish modeli takomillashtirilgan;
boshlang‘ich massa markazini tanlash hamda o‘rtacha markaz usuliga ikki o‘rtachali klasterlash hamda “greedy” elementlarini kiritish asosida ma’lumotlarning foydalanuvchanligini saqlash imkonini beruvchi K-anonim-lashtirish algoritmi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Katta hajmli ma’lumotlar tizimida takomillashtirilgan modellar va taklif etilgan algoritmlar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vositalar bo’yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
katta hajmli ma’lumotlar tizimida subekt va obekt atributlari to‘plamiga xavfsizlik atributlarini hamda bajarilishi talab etiladigan beshta shartlarni kiritish asosida atributlarga asoslangan foydalanishni boshqarishning takomillashtirilgan modeli bo‘yicha ishlab chiqilgan “BDSS dasturi” dasturiy vositasi “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasining amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 6-noyabrdagi 24-8/7511-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasi foydalanuvchilarga vakolat berish aniqligini 0,2% oshirish, ruxsat etilmagan vakolatlarni taqdim etish xatoligini 0,8 foizga kamaytirish imkonini bergan;
katta hajmli ma’lumotlar tizimlarida himoya tizimini xavfsizlik talablariga asosan boshqa tizimlar bilan integratsiya qilish uchun atributga asoslangan shifrlashning ochiq kalitlarni tarqatish siyosatini qo‘llovchi ishlab chiqilgan foydalanishni boshqarishning arxitekturasi asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasining amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 6-noyabrdagi 24-8/7511-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya ishida taklif etilgan modellar va algoritmlar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vositadan foydalanish katta hajmli ma’lumotlarda foydalanishni boshqarish jarayonida foydalanuvchiga taqdim etilgan har qanday noto‘g‘ri vakolatlar sababli yuzaga keluvchi axborot xavfsizligining tashkil etuvchilari hisoblangan maxfiylikka, butunlikka va foydalanuvchanlikka qaratilgan tahdidlardan himoyalash imkoniyati paydo bo‘lgan;
katta hajmli ma’lumotlar tizimida yangi turdagi risklarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonida klassik noravshan matematik baholash usulini qo‘llash orqali takomillashtirilgan risklarni boshqarishning ko‘p bosqichli modeli asosida ishlab chiqilgan “BDSS dasturi” dasturiy vositasi “Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie markazi” davlat unitar korxonasining amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 6-noyabrdagi 24-8/7511-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida dasturiy vosita subektlarga foydalanish vakolatini belgilash uchun mavjudlariga nisbatan 3 sekund kamroq vaqtni talab etgan;
katta hajmli ma’lumotlar tizimlarida axborotni sirqib chiqishini oldini olish va ma’lumotlarni foydalanuvchanligini saqlash maqsadida ikki o‘rtachali klasterlash hamda “greedy” elementlari asosida takomillashtirilgan K-anonimlashtirish algoritmining “Big Data security analyzer dasturi” dasturiy vositasi “UZINFOCOM Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MChJning faoliyatiga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 6-noyabrdagi 24-8/7511-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida dasturiy vosita anonim jadvallarni shakllantirish uchun mavjudlariga nisbatan 0,03 sekund kam vaqt talab etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish