Mardiev Ulugbek Rasulovichnig
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ochiq kalitli kriptotizimlarda kalitlarni generatsiyalash va taqsimlash usul va algoritmlari”, 05.01.05 - “Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5532.
Ilmiy rahbar: Axmedova Oydin Pulatovna, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.02.
Rasmiy opponentlar: Karimov Majid Malikovich, texnika fanlari doktori, professor; Berdimurodov Mansur Alisherovich, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi ochiq kalitli kriptotizimlarda kalitlarni generatsiyalash va taqsimlashning bardoshli usul va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ochiq kalitli kriptografik tizimlar xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan, asosiy parametr sifatida katta razryadli tub sonlarni generatsiyalash jarayonida keng qo‘llanadigan ehtimollik usuliga asoslangan Rabin–Miller testida yuzaga keladigan xatolik ehtimolini kamaytirishga mo‘ljallangan algoritm taklif etilgan;
sonning tubligini tekshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan soxta guvohlarni aniqlash imkonini beruvchi, tekshiruv natijalarining ishonchliligini oshirishga yo‘naltirilgan va apparat hamda dasturiy ta’minot ko‘rinishidagi rekursiv funksiya asosida takomillashtirilgan algoritm taklif etilgan;
autentifikatsiya, ma’lumotlarning maxfiyligi va qayta takrorlanmasligini ta’minlash orqali axborot xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf eta oladigan, parametrli algebraik murakkablikka tayangan, uchinchi tomonning aralashuv ehtimolini istisno qiluvchi hamda seans kalitlarini xavfsiz tarzda uzatuvchi yangi kalitni taqsimlash usuli va algoritmi taklif etilgan;
o‘rtada turgan odam va kvant hujumlariga qarshi bardoshliligini oshirish maqsadida, an’anaviy elliptik egri chiziq tenglamasiga maxfiy parametr kiritish hisobiga oshkora bo‘lmagan murakkablikka asoslangan zamonaviy kalit taqsimlash yondashuvi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ochiq kalitli kriptotizimlarda kalitlarni generatsiyalash va taqsimlash usul va algoritmlari hamda dasturiy vositalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ochiq kalitli kriptografik tizimlarning xavfsizligini ta’minlashda muhim hisoblangan, asosiy parametrlardan biri bo‘lgan katta razryadli tub sonlari hosil jarayonida keng qo‘llaniladigan, ehtimollikka asoslangan Rabin-Miller testining xatolik ehtimolligini kamaytirish algoritmi UNICON.UZ” da kriptografik kalitlarni generatsiyalash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 5-iyundagi 33-8/3868-son ma’lumotnomasi). Rekursiv funksiya yordamida takomillashtirilgan algoritmlar mavjudlariga nisbatan samaradorligi yuqori bulib, turli bit uzunliklarda kalitlar hosil qilish jarayonida tezkorligi 1,5-2 marta oshgan natijani qayd etgan;
rekursiv funksiya asosida sonning tubligini tekshirishda yuzaga keladigan soxta guvohlarni aniqlash imkonini beruvchi, tekshirish natijalarining ishonchliligini oshirishga qaratilgan, apparat-dasturiy va dasturiy vosita ko‘rinishida amalga oshirishga qulay bo‘lgan takomillashtirilgan algoritm “ICT TuronGroup” MChJ ga tegishli bo‘lgan “EduSmart” o‘quv markazlari ishini avtomatlashtiruvchi platformaga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 5-iyundagi 33-8/3868-son ma’lumotnomasi). Platformadagi xavfsiz aloqani ta’minlash protokolida ochiq kalitlar juftini hosil qilishda tezkorligi o‘rtacha 1.5 marta oshirish imkonini bergan;
autentifikatsiya, maxfiylik va qayta takrorlanmaslik kabi axborot tahdidlariga bardoshli bo‘lgan, parametrli algebra murakkabligiga asoslangan, uchinchi tomon aralashuvini istisno etuvchi, seans kalitlarni xavfsiz uzatishga imkon beruvchi kalitlarni taqsimlash usul va algoritmi “Poytaxt Bank” AJ amaliyot boshqarmasida amaliy faoliyatida, elektron raqamli imzo kalitlarini boshqarish maqsadida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 5-iyundagi 33-8/3868-son ma’lumotnomasi). Kalitlarni taqsimlash algoritmlari asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita elektron raqamli imzo kalitlarni ro‘yxatga olish markazlarida sarflangan vaqtni o‘rtacha 10% ga qisqartirish imkonini bergan;
o‘rtada turgan odam va kvant hisoablash hujumlariga nisbatan bardoshligini oshirish maqsadida an’naviy elliptik egri chiziq tenglamasiga maxfiy parametrni kiritish orqali oshkora bo‘lmagan elliptik egri chiziq murakkabligiga asoslangan kalitlarni taqsimlash usul va algoritmi “Er qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasining, “yqfm.uz” tizimiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 5-iyundagi 33-8/3868-son ma’lumotnomasi). Parametrli algebra murakkabligiga asoslangan hamda oshkora bo‘lmagan elliptik egri chiziq murakkabligiga asoslangan kalitlarni taqsimlash algoritmlari asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita “o‘rtada turgan odam” hujumiga bardoshli ekanligi qayd etilgan.