Zuxriddinov Muxriddin Raxmon o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tipik bo‘z tuproqlar sharoitida rijik (Camelina sativa L.) etishtirish texnologiyasi elementlarini ishlab chiqish”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Qx1542
Ilmiy rahbar: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Nasriddin Xalilov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Jumaboev Zuxriddin Mo‘minovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida rijik navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishda maqbul ekish muddati hamda me’yorlarini aniqlash va ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida rijikning Kristall, Karat va Penzyak navlarini kuzda 8 mln.dona/ga me’yorda, Kristall navini bahorda 6 mln dona/ga me’yorda ekish maqbul ekanligi aniqlangan hamda mazkur ekish muddati va me’yorlarida o‘simlikning faol o‘sishi va rivojlanishi, yozgi ekish muddatida esa havo haroratining yuqori va nisbiy namligi past bo‘lishining Kristall navi o‘sish-rivojlanishiga salbiy ta’siri ilmiy asoslangan;
rijikning Kristall, Karat va Penzyak navlari kuzda 8 mln. dona/ga me’yorda ekilganda ekinzordagi fotosintetik faoliyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, barcha navlar bo‘yicha maqbul (57,2; 60,2 va 54,1 ming m2/ga) barg yuzasi shakllangani holda, fotosintez jarayoni jadal kechib, sof fotosintez mahsuldorligi yuqori va kam ekish me’yorlariga nisbatan sutkasiga 0,08-1,09; 0,05-0,91 va 0,20-1,31 g/m2 ga ortishi natijasida bir gektar maydonda eng yuqori (164,7; 198,1 va 221,1 s/ga) quruq massa to‘planib, qolgan ekish me’yorlarida bu ko‘rsatkich mos ravishda 9,4-27,1; 10,3-22,9 va 3,4-29,8 % gacha kamayganligi hamda navlar orasida Penzyak navi ustun ekanligi, bahorgi muddatda esa Kristall navi 6 mln. dona/ga me’yorda ekilgan variantda ko‘rsatkichlar yuqori bo‘lishi aniqlangan;
rijik navlari kuzda turli ekish me’yorlarida ekilganda, ekish me’yorlari oshib borishi bilan navlar bo‘yicha bir tup o‘simlikdagi qo‘zoqcha soni 95,5-60,7-65,7 donagacha, qo‘zoqcha vazni 1,28-1,23-1,77 g.gacha, urug‘ vazni 0,69-0,63-1,06 g.gacha, 1000 dona urug‘ vazni 0,06-0,06-0,09 g.gacha hamda urug‘ moydorligi 2,0-1,05-3,0 % gacha kamayib borganligiga qaramay, 8 mln. dona/ga me’yorda ekilgan variantda maqbul tupsoni va ularda o‘rtacha hosil elementlari shakllanishi evaziga urug‘ hosildorligining 1,9-4,5-4,8 s/ga.gacha, moy chiqishining 79,1-158,5-150,8 kg/ga.gacha yuqori bo‘lganligi, bahorgi muddatda yuqori natijalar Kristall navi 6 mln. dona/ga me’yorda ekilganda olinganligi ilmiy asoslangan;
barcha ekish muddatlarida ekish me’yorlari oshib borishi bilan rijik navlari hosildorligi va o‘simlik poya balandligi o‘rtasida (r=0,986, R2=0,9613), barg yuzasi o‘rtasida (r=0,731 R2=0,5348), quruq massasi o‘rtasida (r=0,921, R2=0,8485) egri chiziqli kuchli ijobiy bog‘liqlik mavjudligi va qaytish (sinish) nuqtasi 10 mln. dona/ga ekish me’yorida yuzaga kelishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tipik bo‘z tuproqlar sharoitida rijik etishtirish texnologiyasi elementlarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida rijik navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishda maqbul ekish muddatlari va me’yorlarini belgilash borasida “Rijik etishtirish texnologiyasi bo‘yicha tavsiyalar” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-280-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyanoma viloyat qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi xodimlari, fermerlar va mutaxassislar uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
tipik bo‘z tuproqlar sharoitida rijik navlarini maqbul muddat va me’yorlarda ekib etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyatining Bekabod tumanidagi “Uchqun agro omad” fermer xo‘jaligining 1,5 gektar maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-280-son ma’lumotnomasi). Natijada, kuzda gektariga 8 mln. dona (9,0 kg) me’yorda urug‘ ekilgan Kristall navidan 21,7 s/ga, Karat navidan 22,9 s/ga, Penzyak navidan 23,7 s/ga, bahorgi va yozgi muddatda gektariga 6 mln/dona (7,0 kg) urug‘ ekib, parvarishlangan Kristall navidan mos ravishda 20,2 va 8,9 s/ga hosil olishga erishilgan.
rijikning Kristall, Karat va Penzyak navlarini kuzda gektariga 8 mln. dona (9,0 kg), “Kristall” navini bahorgi va yozgi muddatda gektariga 6 mln. dona (7,0 kg) ekib etishtirish texnologiyasi Bo‘ka tumanidagi “Xurram Rustam agro” fermer xo‘jaligining 2,5 gektar maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/04-04-280-son ma’lumotnomasi). Natijada, kuzda ekilgan rijik navlaridan mos ravishda 21,0; 22,3 va 23,4 s/ga hosil olingan holda 155,6; 172,4 va 185,6 % rentabellikkka erishilgan,  bahorgi va yozgi muddatda ekilgan Kristall navining hosildorligi 20,4 va 8,6 s/ga.ni, rentabellik darajasi 147,2 va 44,4 % ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish