Kuchkarbaev Rustam Utkurovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):  “Binolar qurilishini tashkillashtirishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni modellashning ilmiy-texnikaviy asoslari”,  05.09.03 – “Issiqlik ta’minoti. Ventilyasiya, kondisionerlash. Gaz ta’minoti va yoritish” va  05.09.08 - “Qurilish texnologiyasi va qurilish jarayonlarini tashkil qilish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4. DSc/T868
Ilmiy maslahatchi: Sharipov Kongratbay Avezimbetovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi Toshkent arxitektura-qurilish universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti DSc.26/04.07.2023.T.11.01
Rasmiy opponentlar: Xodjaev Abbas Agzamovich Texnika fanlari doktori, professor; Djabriev Akbarali Normurodovich  iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Klichev Shavkat Isakovich texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning qattiq kontinental iqlim sharoitlariga mos keluvchi, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan texnologiyalarni integratsiya qilgan holda energiyatejamkor passiv binolarni yaratish uchun metod va texnik echimlarni ishlab chiqish hamda ilmiy jihatdan asoslash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta O‘zbekiston iqlim zonalari uchun passiv binolarning issiqlik muhofazasiga oid miqdoriy parametrlar ilmiy asoslab berildi. Gradus-sutka hisoblari va meʼyoriy talablar asosida to‘siq konstruksiyalarining talab etiladigan issiqlik o‘tkazmaslik qarshiligi va turli hududlar uchun izolyasiyaning optimal qalinligi aniqlandi. Masalan, markaziy viloyatlarda (Toshkent, Samarqand) taxminan 6–8 sm qalinlikdagi issiqlik izolyasiyasi etarli bo‘lib, u R = 1,2–1,3 m²·°C/Vt ni ta’minlaydi, eng sovuq shimoliy hududlarda esa 7–10 sm qalinlik talab qilinadi (R = 1,4 m²·°C/Vt). Olingan natijalar amaldagi meʼyorlarni to‘ldirib, binolarning issiqlik muhofazasi talablarini iqlim kamarlari bo‘yicha differensiatsiya qilish imkonini beradi;
Jovanni diagrammasi qo‘llanilgan holda binolar mikroklimati bioklimatik modellashtirishining original usuli amalga oshirildi. Birinchi marta respublikadagi 12 ta hudud uchun havo parametrlarining qulaylik va passiv strategiyalar zonalari bo‘yicha taqsimoti hisoblab chiqildi. Aniqlanishicha, passiv arxitektur-klimatik usullar binolar ichida qulaylikni yilining o‘rtacha 20–40% davomiyligida (hududga qarab) ta’minlay oladi va bu davrda faol isitish va sovutishga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli ravishda kamaytiradi;
passiv isitish va sovutish usullarining salohiyati miqdoriy baholandi. O‘tkazilgan sonli tajribalar shuni ko‘rsatdiki, quyoshdan tushadigan issiqlik hisobiga binolarni isitishda mavsumiy issiqlik ehtiyojining 20% gacha qoplash mumkin, bu esa anʼanaviy energiya sarfini ekvivalent ravishda kamaytiradi. Shuningdek, binolarning konstruktiv issiqlik sig‘imi, tungi shamollatish va sovutish kombinatsiyasi yoz faslida xona ichida havo haroratini 5–10 °C ga pasaytirishi, kondisionerlar ishlash davomiyligini qisqartirishi va elektr energiyasi sarfisiz qulaylikni ta’minlashi tasdiqlandi;
issiqlik nasosi va quyosh tizimlari asosida passiv binolarni energiya bilan ta’minlashning kompleks matematik modeli ishlab chiqildi. Toshkent shahri iqlim sharoitida maydoni 100m² bo‘lgan tipovoy passiv bino uchun yillik energetik balansning batafsil hisob-kitobi amalga oshirildi, bu jarayonda quyosh issiqlik kollektori, fotoelektr stansiyasi (FES) va zaxira elektr isitgichi integratsiyasi hisobga olindi;
passiv bino uchun “issiqlik nasosi + quyosh energiyasi” kombinatsiyalangan tizimining samaradorligi haqida yangi ma’lumotlar olindi. To‘g‘ri loyihalashtirilgan tizim yillik issiqlik ehtiyojining 94% gacha qismini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga ta’minlay olishi ko‘rsatildi, bunda ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasining taxminan 60%i issiqlik nasosi hissasiga to‘g‘ri keladi, quyosh kollektorlari va fotoelektr stansiyasi hissasi 30–34% atrofida, zaxira elektr isitish ulushi esa 6%dan oshmaydi.
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qo‘llangan passiv binolarning ekologik va iqtisodiy samaradorligi anʼanaviy echimlar bilan solishtirib baholandi. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, issiqlik nasosi tizimi va quyosh uskunalaridan foydalanish binolarni isitishdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri SO₂ chiqindilarini deyarli butunlay bartaraf etadi (maydoni 100m² bo‘lgan bino uchun gazli isitishga nisbatan yiliga taxminan 0,8t SO₂ kamayishi ta’minlanadi).
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Respublika oliy ta’lim muassasalari binolarini qurishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning ilmiy-texnikaviy asoslarini modellashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar asosida:
passiv ijtimoiy va turar-joy binolarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kompleks qo‘llashning sonli modellashtirish metodologiyasi ishlab chiqildi hamda O‘zbekistonning turli iqlim zonalari uchun binolar energiya samaradorligini oshirish maqsadida iqlimiy yoʻnaltirilgan arxitektura-planirovka usullari ilmiy asoslandi (binolarning ratsional yoʻnaltirilishi va kompaktligi, yoz faslida quyoshdan va soyadan himoya qilish, tabiiy ventilyasiyani tashkil etish va h.k.), ular binolarning ichki mikroklimati yaxshilanishiga va energiya isteʼmolini kamaytirishga xizmat qiladi, qo‘llanilganda esa miqdoriy samara ko‘rsatib o‘tildi. Natijada oliy ta’lim muassasalari binolarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish modellari ishlab chiqildi va binolar energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha innovatsion texnologiya echimlari taklif etildi;
passiv bino standartiga mos kelish uchun zarur bo‘lgan binolarning issiqlik muhofazasi va energiya isteʼmoli ko‘rsatkichlarining meʼyoriy jihatdan asoslangan qiymatlari ishlab chiqildi va taklif etildi. Jumladan: to‘siq konstruksiyalarining issiqlik o‘tkazmaslik qarshiligi va hududlar bo‘yicha izolyasiya qalinligi, shuningdek binolarning “nearly zero-energiya” darajasini ta’minlash uchun issiqlik energiyasi sarfining maksimal menejment ko‘rsatkichlari belgilandi.
passiv binolarning (maydoni taxminan 100 m² bo‘lgan turar-joy) isitishning kombinatsiyalangan tizimi optimal konfiguratsiyasi taklif etildi. O‘zbekiston sharoitida iqtisodiy va texnik jihatdan optimal hisoblangan echimlar quyidagicha: 100m² isitiladigan maydon uchun taxminan 2–5 kVt issiqlik quvvatiga ega teplovoy nasos; maydoni 4 m² bo‘lgan solnechniy kollektor va 3 kVt fotoelektricheskaya stansiya, ular birgalikda quyosh energiyasi hisobiga issiqlik ehtiyojining 30% gacha qismini ta’minlaydi; zaxira elektr isitgich esa yillik issiqlik yuklamasining 10%dan kamini qoplaydi. Ushbu konfiguratsiya qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga yillik issiqlik ehtiyojining 94%ini qoplashni ta’minlaydi. (Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 21-iyuldagi 34-06/8122-son ma’lumotnomasi).

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish