Xamidov Axrorxon Muxamadxonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xorazm vohasining sho‘rlangan erlarida g‘o‘zani tomchilatib sug‘orishning tuproqni meliorativ rejimiga ta’sirini baholash”, 06.01.02 - “Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5519.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Matyakubov Baxtiyar Shamuratovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.T.10.02 raqamli Ilmiy Kengash.
Rasmiy opponentlar:
Sherov Anvar Gulamovich – “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor (06.01.02);
Usmanov Shavkat Abbosovich – “Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti”, “Gidrometriya va metrologiya” laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim (06.01.02).
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat Agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm vohasining o‘tloqi allyuvial, o‘rtacha sho‘rlangan engil qumoq tuproqlari sharoitida global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligining salbiy oqibatlarini pasaytirish maqsadida g‘o‘zani suv tejamkor tomchilatib sug‘orish usulidagi suv iste’molini va tomchilatib sug‘orish usulining maqbul sug‘orish texnikasi elementlarini aniqlash hamda ularni sug‘oriladigan erlarning meliorativ rejimiga va g‘o‘zaning hosildorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Xorazm vohasining o‘tloqi allyuvial, o‘rtacha sho‘rlangan engil qumoq tuproqlari sharoitida g‘o‘zani tomchilatib sug‘orishda tomchilatgichning suv sarfi 2,0 l/soat, tomchilatgichlar orasidagi masofa 25 sm, sug‘orish quvurlari orasidagi masofa 60 sm bo‘lganda, g‘o‘zaning o‘sishi rivojlanishiga qulay meliorativ rejim yaratilishi aniqlangan;
maqbul sug‘orish texnikasi elementlarida g‘o‘zaning Xorazm-127 navini tomchilatib sug‘orishda sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 70-80-60 foizda ushlab turib, 4-8-3 sug‘orish sxemasida 173-258 m3/ga sug‘orish me’yorlari va 2810-3339 m3/ga mavsumiy sug‘orish me’yorlarida etishtirilganda, suv resurslari 2117 m3/ga iqtisod qilinib, g‘o‘zadan yuqori 42,9 s/ga hosil olishga erishilgan;
g‘o‘zani tomchilatib sug‘orishda maqbul sug‘orish texnikasi elementlari va sug‘orish tartibi sizot suvlari satxi va mineralizatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi hamda vegetatsiya davrida tuproqda tuz to‘planishi 0-40 sm qatlamda egatlab sug‘orishga nisbatan 0,172 % ga kam bo‘lishi aniqlangan;
tomchilatib sug‘orish texnologiyasining taklif etilayotgan maqbul sug‘orish texnikasi elementlarida tuproqning namlanish konturlari o‘lchamlarini asoslovchi matematik model ishlab chiqilgan;
maqbul sug‘orish texnikasi elementlarida g‘o‘zani tomchilatib sug‘orishda g‘o‘zaning umumiy suv iste’moli 5911m3/ga bo‘lib, tuproq namlik zahirasidan foydalanish miqdori 15,8 % ni, atmosfera yog‘inlari miqdori 3,7 % ni, sizot suvlaridan foydalanish miqdori 28,3 % ni, sug‘orish suvi miqdori 52,2 % bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm vohasining sho‘rlangan erlarida g‘o‘zani tomchilatib sug‘orishni tuproqning meliorativ rejimiga ta’sirini baholash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
“Xorazm vohasining sho‘rlangan tuproqlari sharoitida tomchilatib sug‘orish usulining samaradorligi” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 30 maydagi 05/03-04-275-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma fermer xo‘jaliklari, suvdan foydalanuvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar tomonidan qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda;
tomchilatib sug‘orish usulidagi g‘o‘zaning ilmiy asoslangan sug‘orish tartibi va maqbul sug‘orish texnikasi elementlari Xorazm viloyatining Yangibozor tumanidagi “Sherzod Diyorbek Musabek”, “Shuxrat Bog‘ibek Siroj” va “Odomboy Romozon” fermer xo‘jaliklarining sho‘rlangan mexanik tarkibi engil qumoq tuproqlari sharoitida jami 74 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 30 maydagi 05/03-04-275-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasida sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 70-80-60 % da ushlab turib, 4-8-3 tizimda sug‘orish xamda tomchilatgichlarning suv sarflari 2,0 l/soat, ularning orasi 25 sm va sug‘orish quvurlari orasi 60 sm bo‘lganda, g‘o‘zadan o‘rtacha 42-45 s/ga hosil olinib, egatlab sug‘orishga nisbatan 40 % gacha kam suv resurslari sarflangan.