Abdrimov Zarifboy Erkinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xorazmshoh – Ma’muniylar sulolasi davrida Xorazmning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy ahvoli”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Tar1874.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Abdalov Umidbek Matniyazovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti. DSc.03/06.04.2024.Tar.20.05
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi, unvoni:
Sulaymanov Salamat Arepbaevich, tarix fanlari doktori (DSc), professor$ Masharipov Qudrat Yuldashevich, tarix fanlari doktori (DSc), dotsent
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Etakshi tashkilot: Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedogogika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazmshoh – Ma’muniylar sulolasi davrida Xorazm vohasida kechgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlarni yozma manbalar hamda eng so‘nggi tarixshunoslik tadqiqotlari ma’lumotlarini har tomonlama o‘rganish va tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Ma’muniylar sulolasining etnik kelib chiqishi borasidagi mavjud qarashlar ilmiy tahlil qilinib, bu boradagi tarix fanida shakllangan turli qarashlarning tarixiy haqiqatga mos kelmasligi hamda ularning etnik jihatdan arab qavmlaridan bo‘lganligi haqiqatga ko‘proq yaqinligi isbotlangan;
Ma’muniylar suloasining taxtga kelishi borasidagi mavjud qarashlar ham izchil ilmiy tahlil qilinib, Xorazmda Ma’muniylar sulolasining hokimiyatga kelishi ilgarigi qarashlar bo‘yicha X asrning 90-yillariga emas, balki, hozirda mavjud yozma manbalar ma’lumotlari asosida X asrning o‘rtalariga to‘g‘ri kelishi dalillangan;
Xorazmshoh – Ma’muniylar sulolasi davrida savdo munosabatlari ko‘lami ancha keng bo‘lganligi, Buyuk Ipak yo‘lining deyarli hamma yo‘nalishlarida savdo munosabatlari qizg‘in olib borilganligi, ayniqsa Buyuk Ipak yo‘lining Shimoliy tarmog‘i Ma’muniylar olib borgan iqtisodiy siyosat natijasida yanada gullab – yashnaganligi so‘nggi arxeologik va numizmatik manbalar asosida ochib berilgan;
jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Ma’mun akademiyasida faqat qadimgi yunon madaniyatini tiklash asosidagi ilmiy natijalarga erishilganligi borasidagi sovet davri qarashlari tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, akademiyada faoliyat olib borgan olimlarning aksari qismi asarlari fanning turli sohalari taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilganligi, fanning yangi sohalarining vujudga kelishiga turtki bo‘lganligi, qolaversa, bu erda olib borilgan tadqiqotlar natijalari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamyati: Tadqiqotning ilmiy ahamiyati Xorazmshoh-Ma’muniylar sulolasi davrida Xorazm vohasida kechgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar tarixini qiyosiy-tarixiy usullardan foydalangan holda olingan nazariy xulosalar, Xorazm Ma’mun akademiyasining jahon madaniy taraqqiyotida tutgan o‘rnini xolisona yoritish uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qilishi bilan izohlanadi.
Tadqiqotning amaliy ahamiyati shundaki, dissertatsiyada umumlashtirilgan ma’lumotlardan O‘zbekiston tarixi, davlatchilik tarixini yozishda, oliy o‘quv yurti talabalari uchun yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarni yozishda, shuningdek, virtual muzeylar ekspozisiyalarini yaratishda hamda tarixiy-madaniy merosni targ‘ib qilishda foydalanish mumkin.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi:
Xorazmshoh – Ma’muniylar sulolasi davrida Xorazmda siyosiy va ijtimoiy – iqtisodiy munosabatlar tarixiga oid yozma manbalarda va mavzuga oid tarixshunoslik tadqiqotlarida aks etgan Xorazm vohasi iqtisodiyoti asosini tashkil etgan savdo yo‘llari yo‘nalishlari, Xorazm vohasi etnik tarkibi va etnografiyasi, Ma’muniylar davri Xorazm adabiy muhiti va san’ati xususidagi ma’lumotlardan, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda foydalanilgan. (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2024 yildagi 01-32/13-08-24-sonli ma’lumotnomasi). Dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiyalardan xalq tafakkurida tarixiy ongning shakllanishi va mustahkamlanishiga, mamlakatimiz tarixini o‘rganishga qaratilgan ilmiy ko‘nikma va yondashuvlar bo‘yicha malakaga ega bo‘lishga, tarix fani sohasidagi bilimlarini oshirishga imkon yaratgan;
Ma’muniylar suloasining etnik kelib chiqishi borasidagi mavjud qarashlar ilmiy tahlil qilinib, bu boradagi tarix fanida shakllangan turli qarashlarning tarixiy haqiqatga mos kelmasligi hamda Ma’muniylar suloasining taxtga kelishi borasidagi mavjud qarashlar qayta ko‘rib chiqish zarurati borasidagi xulosalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar instituti Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023-yil uchun chora tadbirlar dasturining III yo‘nalishida belgilangan “G‘oya va mafkura masalasi hamda ilm-fan va ma’rifat targ‘iboti” 16-bandi “Buyuk alloma va mutafakkirlarimiz hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, boy ma’naviy va madaniy meroslarini asrab avaylash, ilmiy-ijodiy asarlarini keng targ‘ib qilish” mavzusida targ‘ibot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar institutining 2024 yil 24 sentyabr 10/91-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur materiallar, xalqimizning ma’naviy ildizlarini mustahkamlashda va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda xizmat qilmoqda;
Ma’muniylar sulolasi davridagi Xorazm vohasi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tarixi borasidagi aniq ilmiy mulohazalar, fikrlar, xulosalar va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali” DUK qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Aslida qanday” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanildi (“O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2024 yil 27 sentyabrdagi 06-28-898-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Ma’muniylar sulolasi davridagi Xorazm vohasi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tarixiga oid ma’lumotlar tarix fanini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, xalqimizning ma’naviy ildizlarini mustahkamlashda va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.