Yakibova Dilafruzning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoya haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Metallurgiya gazlaridan sulfat kislotasi ishlab chiqarishda ishlatilgan vanadiyli katalizatorlarni kompleks qayta ishlash, 11.00.05 – Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy rusurslardan oqilona foydalanish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T3052.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Dadaxodjaev Abdulla Tursunovich texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.18/30.11.2022.T.153.01 raqamli Ilmiy Kengash.
Rasmiy opponentlar: Alimov Zikrilla Bobomurotovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy hodim; Po‘latov Xayrulla Lutfullaevich kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot – Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan ishlatilgan vanadiyli katalizatorlarni ekologik xavfsiz va chiqindisiz qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mis ishlab chiqarishda ajralib chiqayotgan metallurgiya tashlandiq gazlaridan sulfat kislota olish jarayonida hosil bo‘ladigan ekologik xavfli, ishlatilgan vanadiyli katalizatorlardan vanadiy besh oksidini gidrometallurgiya usulida eritmaga o‘tkazishning eng maqbul texnologik parametrlari aniqlangan;
ishlatilgan vanadiyli katalizatorlarni qayta ishlash jarayonida hosil bo‘lgan ammoniy sulfovanadat eritmasidan ammoniy metavanadatni ajratib uni 600 °C da 1,5 soat davomida termik parchalash yo‘li bilan vanadiy besh oksidini olish sxemasi ishlab chiqilgan;
qayta ishlash jarayonidan keyin hosil bo‘lgan qattiq qoldiqlardan ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalanib, chiqindisiz ishlab chiqarish tamoyillariga mos yangi tarkibli, ekologik xavfsiz va yuqori faollikka ega vanadiyli katalizator sintez qilish usuli ishlab chiqilgan;
vanadiyli chiqindilarining atmosfera havosi va tuproq qatlamiga zararli moddalarning tarqalishini oldini olish maqsadida ilk bor xavfsiz utilizatsiya qilish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Metallurgiya gazlaridan sulfat kislotasi ishlab chiqarishda ishlatilgan vanadiyli katalizatorlarni kompleks qayta ishlashning ilmiy asoslari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
metallurgiya tashlandiq gazlaridan hosil bo‘ladigan ishlatilgan vanadiyli katalizator chiqindilarini qayta ishlash va undan vanadiy besh oksidini ajratib olish texnologiyasi "OKMK" AJ tomonidan ishlab chiqilgan (OKMK ma’lumotnomasi № 06-25/01-00833, 13.06.2025 yil). Mazkur texnologiya asosida yig‘ilib qolgan hamda kelgusida hosil bo‘ladigan vanadiyli katalizator chiqindilarini zararsizlantirishga yo‘naltirilgan sanoat qurilmasi loyihasi "OKMK" AJning 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar dasturiga kiritilgan va mazkur qurilmaning texnologik reglamenti ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, sanoat miqyosida chiqindilardan vanadiy birikmalarini ajratib olish va ularni qayta foydalanishga yo‘naltirish bo‘yicha amaliyotga joriy etish imkoniyati yaratilgan;
ishlatilgan vanadiyli katalizatorlardan vanadiy besh oksidini gidrometallurgiya usuli bilan ajratib olish texnologiyasi "OKMK" AJ Rux ishlab chiqarish sexi laboratoriyasida 2022 yil aprel–noyabr oylarida sinovdan o‘tkazilgan (OKMK–TDTU dalolatnomasi, 13.02.2023 yil). Natijada, ekologik xavfli sanoat chiqindisi hisoblangan ishlatilgan vanadiyli katalizatorlardan vanadiy besh oksidini gidrometallurgiya usuli bilan eritmaga ajratishning optimal texnologik sharoitlari aniqlanib, u asosida samarali va ekologik xavfsiz qayta ishlash texnologiyasi ishlab chiqilgan;
qayta ishlash jarayonidan hosil bo‘ladigan qattiq qoldiqlardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish asosida yangi tarkibli vanadiyli katalizator sintez qilish usuli O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan rasmiylashtirilgan ixtiro patenti (IAP № 7744) bilan huquqiy jihatdan himoyalangan. Natijada, chiqindilarning miqdorini kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirish hamda sanoat jarayonida hosil bo‘ladigan qattiq chiqindilardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish orqali yangi tarkibli vanadiyli katalizatorlar sinteziga asoslangan, chiqindisiz texnologik yondashuv tamoyillariga mos keluvchi kompleks sanoat jarayoni ishlab chiqilgan.