Ubaydullaev Malik Shavkatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): Atmosferada radioaktiv moddalarning mezomashtabli ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlarini modellashtirish, 05.01.07 - Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/T4871.
Ilmiy rahbar: Axmedov Dilshot Dilmuradovich, texnika fanlari falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Eshmatov Baxtiyor Xasanovich - fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Shafiev Tursun Rustamovich - texnika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi atmosferada radioaktiv moddalar tarqalishining mezomasshtabli jarayonlarini matematik modellarini, ekologik monitoring va radiatsion xavfsizlikni nazorat qilish masalalarini echish uchun sonli algoritmlar va dasturiy ta’minotlar majmuasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
meteorologik sharoitlar, yog‘ingarchilik yordamida yuvilish, cho‘kish va radionuklidlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda atmosferada radioaktiv moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonining matematik modeli takomillashtirilgan;
chiziqli algebraik tenglamalar tizimini hisoblash bosqichlarini parallellashtirish asosida vaqt va fazoviy o‘zgaruvchilarga nisbatan yuqori tartibli aniqlikka ega bo‘lgan atmosferadagi radioaktiv moddalar konsentratsiyasi maydonlarini hisoblashning samarali algoritmi ishlab chiqilgan;
meteorologik sharoitlarni, hududning xususiyatlarini, radioaktiv zarrachalarning xususiyatlarini va vaqt bo‘yicha tashlanma massasining o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi tegishli fizik omillarni hisobga olgan holda atmosferada radioaktiv moddalarning turbulent ko‘chishi mezomasshtabli jarayonining skrining modeli ishlab chiqilgan;
modellashtirishning yuqori aniqligi va turg‘unligini ta’minlaydigan Van Leer cheklovchisi bilan yarim oshkormas Krank-Nikolson sxemasi va ikkinchi tartibli TVD sxemasining kombinatsiyasi asosida atmosferada radioaktiv moddalarni turbulent ko‘chishining mezomasshtabli jarayoni masalasini sonli echish algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Sanoat hududlari atmosferasining ekologik holatini tahlil qilish, baholash va bashorat qilish uchun matematik modellar, sonli algoritmlar hamda ularning dasturiy ta’minotini qo‘llash asosida:
Atmosferaning chegara qatlamidagi ifloslantiruvchi aralashma konsentratsiyasini hisoblash va tasvirlash uchun matematik va dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan. Dasturiy ta’minot zararli zarrachalarning fizik-mexanik xususiyatlarini, o‘simliklarning yutish qobiliyatini va joyning relefini hisobga oladi. Mazkur dasturiy ta’minot “505-sonli MKMK” MChJ faoliyatiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligining 2024-yil 6-sentyabrdagi 07-07/732-sonli ma’lumotnomasi). Joriy etish natijasida asfalt ishlab chiqarishda texnologik uskunalardan chiqadigan zararli aralashmalarning atmosferadagi konsentratsiyasini bashorat qilish aniqligi 10-12 foizga oshirilgan.
Sanoat zonalari yaqinidagi atmosferada va er yuzasida aerozol zarrachalarining konsentratsiyasini hisoblashni avtomatlashtirish uchun matematik va dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan. Ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot zarrachalarning fizik-mexanik va kimyoviy xususiyatlarini, shuningdek, ob-havo sharoitlari va atrof-muhitning yutish qobiliyatini hisobga oladi. Ushbu tizim “Jomboy yashil chiroqlari” MChJ faoliyatiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligining 2024-yil 6-sentyabrdagi 07-07/732-son ma’lumotnomasi). Natijada, tozalash uskunalariga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, sement va qurilish aralashmalarini ishlab chiqarishda ruxsat etilgan chiqindilar me’yorlari buzilishining oldini olish orqali moliyaviy va mehnat xarajatlari 6-8 foizga kamayishiga erishilgan.
Atmosferada va er yuzasi sathidagi mayda zarrachalar konsentratsiyasini hisoblash hamda vizuallashtirish uchun mo‘ljallangan matematik va dasturiy ta’minot, aralashmalarning fizik-mexanik xususiyatlarini, shuningdek, hududning ob-havo sharoiti va relefini inobatga olgan holda, “Shirinkent nuri” MChJ faoliyatiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligining 2024-yil 6-sentyabrdagi 07-07/732-sonli ma’lumotnomasi). Joriy etish natijasida donni maydalash va po‘stlog‘ini ajratish qurilmalarining ishlashi paytida atmosferadagi zararli moddalar konsentratsiyasini baholash aniqligi 9-11 foizga oshirilgan.