Quriyozov Elmurod Rajabboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): O‘zbek tili uchun transformerga asoslangan til modeli va dasturiy ta’minoti, 05.01.11 – Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5802
Ilmiy rahbar: Aripov Mersaid, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Muxamediyeva Dilnoz Tulkunovna, texnika fanlari doktori, professor; Jernej Vičič, PhD, dotsent (Sloveniya).
Yetakchi tashkilot: Ozarbayjon Respublikasi Fan va Ta’lim vazirligi, Boshqaruv tizimlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili morfologik xususiyatlarini hisobga oluvchi va transformer texnologiyasiga asoslangan til modelini yaratish, turli xil – niqobli til modeli (MLM), sentiment tahlili, matnlarni tasniflash va atoqli otlarni aniqlash (NER) kabi NLP vazifalarida ishlovchi algoritmlar va dasturiy ta’minotnini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tili morfologik xususiyatlarini hisobga oluvchi yangi morfologik ongli tokenizator algoritmi ishlab chiqilgan;
turli hajm va sifatdagi matn korpuslaridan foydalangan holda o‘zbek tili uchun transformer texnologiyasi asosida BERTbek modeli yaratilgan;
sentiment tahlili, matnlarni tasniflash, va artoqli otlarni aniqlash kabi fundamental NLP vazifalari uchun bilimlar bazasi shakllantirildi;
BERTbek modelini o‘zbek tili uchun sentiment tahlili, matnlarni tasniflash hamda atoqli otlarni aniqlash kabi NLP ilovalariga tadbiqi texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: O‘zbek tili matnlari uchun morfologik sezgir tokenizatsiyaga ega bo‘lgan va transformer texnologiyasi asosida qurilgan BERTbek til modeli, uning turli NLP vazifalarga mo‘ljallangan modellari hamda yaratilgan dasturiy ta’minoti yordamida olingan ilmiy yangiliklar asosida:
BERTbek modeli, morfologik tokenizator va dasturiy ta’minot “MAAB Innovation MChJ” faoliyatida “data analytics” xizmatlari doirasida amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 6-avgustdagi 34-8/5532-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tashkilotning foydalanuvchilar murojaatlarini tahlil qilish tezligi 15-20% ga yaxshilangan;
sentiment tahlili va matnlarni tasniflash vazifalarini bajaruvchi modellar “Soft Sources SS MChJ” kompaniyasining biznes intellekti va ma’lumotlar muhandisligi xizmatlari doirasida amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 6-avgustdagi 34-8/5532-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu NLP vositalari ma’lumotlarni qayta ishlash tezligini 20% ga oshirish va analitik hisobotlarning aniqligini sezilarli darajada yaxshilash imkonini bergan;
BERTbek modeli Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida o‘qitiladigan Sun’iy intellekt fani doirasida amaliy mashg‘ulotlar uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 6-avgustdagi 34-8/5532-sonli ma’lumotnomasi). Natijada darsni tashkil qilish jarayoninida vaqtdan 10-15% tejalishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish