To‘lakov Ulug‘bek Toshmamatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘chmas mulkni soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Iqt646.
Ilmiy maslahatchi: Xudoyqulov Sadirdin Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Kuzieva Nargiza Ramazanovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Axrorov Zarif Oripovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Bozorov Akmal Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Kimyo xalqaro universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kadastr qiymati asosida ko‘chmas mulkni soliqqa tortishga o‘tish sharoitida byudjet tizimining barqaror rivojlanishini ta’minlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni minimallashtirish uchun ko‘chmas mulkni soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘chmas mulk obektlarini soliqqa tortishda davlat kadastr organlari, soliq ma’muriyatlari va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida institusional o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini nazarda tutuvchi, fazoviy axborot texnologiyalariga asoslangan soliq va baholash integratsiyasini ta’minlovchi institusionallashuv modeli orqali uchta darajada (markaziy, mintaqaviy va mahalliy) soliqqa tortish jarayonlarini samarali muvofiqlashtirish imkoni asoslangan;
ko‘chmas mulkni soliqqa tortishning mualliflik modelida obektning huquqiy maqomi, funksional foydalanish maqsadi, joylashuv jihati va bozordagi nisbiy likvidligini inobatga olgan holda soliq miqdorini hisoblashga imkon beradigan parametrik yondashuv orqali ko‘chmas mulk soliq tushumlarini 18-22% ga oshirish imkoni asoslangan;
hududlar bo‘yicha toifalangan holda ko‘chmas mulk obektlarining bozor qiymatini aniqlashning “hududiy indikatorlarni tuzish – har bir sektorda aniq obektlar bo‘yicha baholash o‘tkazish – kadastr qiymatlarini tartibga solish”dan iborat uch bosqichli davriy ommaviy baholash mexanizmini joriy etish orqali har bir 3 yillik baholash davrida soliq bazasini real bozor holatiga yaqinlashtirishni ta’minlash taklifi asoslangan;
ko‘chmas mulkni kadastr baholash jarayonini davlat tomonidan boshqarishni joriy etish, ko‘chmas mulkni kadastr baholash bo‘yicha Milliy markazni tashkil etish hamda oliy ta’lim tizimida yangi “Soliq bahosi” mutaxassisligini joriy etish orqali soliq solish va ko‘chmas mulkni kadastr baholash institutini barqaror rivojlantirish taklifi asoslangan;
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun ko‘chmas mulk solig‘ida ijtimoiy imtiyozlarning turli ssenariylari va ko‘chmas mulkni soliqqa tortishda ommaviy baholashni takomillashtirish maqsadida ekonometrik modellar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ko‘chmas mulkni soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
ko‘chmas mulk obektlarini soliqqa tortishda davlat kadastr organlari, soliq ma’muriyatlari va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida institusional o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini nazarda tutuvchi, fazoviy axborot texnologiyalariga asoslangan soliq va baholash integratsiyasini ta’minlovchi institusionallashuv modeli orqali uchta darajada (markaziy, mintaqaviy va mahalliy) soliqqa tortish jarayonlarini samarali muvofiqlashtirish taklifidan “O‘zbekiston Respublikasi 2025-2027-yilga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasi”ni ishlab chiqishda hamda byudjet-soliq siyosatiga oid ishchi hujjatlari va qarorlarini shakllantirishda hamda uslubiy tavsiyalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 18-apreldagi 21/1-46110-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu modelni amaliyotga joriy qilinishi natijasida soliq tizimini umumiy takomillashtirish doirasida ko‘chmas mulk solig‘ining yangi modeliga muvozanatli o‘tish bosqichlari, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli davrlarda ko‘chmas mulk solig‘ining yangi modeli parametrlari ishlab chiqilgan. Ko‘chmas mulkni soliqqa tortish modeli “O‘zbekiston Respublikasi 2025-2027-yilga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasi” uchun muhim asos bo‘lib, u davlat va mahalliy darajada moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga, soliqqa tortish jarayonini takomillashtirishga hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga katta hissa qo‘shib, O‘zbekistonning soliq tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkonini bergan;
hududlar bo‘yicha toifalangan holda ko‘chmas mulk obektlarining bozor qiymatini aniqlashning “hududiy indikatorlarni tuzish – har bir sektorda aniq obektlar bo‘yicha baholash o‘tkazish – kadastr qiymatlari tartibga solish”dan iborat uch bosqichli davriy ommaviy baholash mexanizmini joriy etish orqali har bir 3 yillik baholash davrida soliq bazasini real bozor holatiga yaqinlashtirishni ta’minlash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-martdagi “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-43-son Farmonida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 18-apreldagi 21/1-46110-sonli ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida 2025-2027-yillarda hududlarda ommaviy baholash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilib, ommaviy baholash tizimi joriy etilishi natijasida mulkning real bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymati aniqlanib, soliq bazasi 20-30% ga kengayib, taklif etilgan mexanizm joriy qilinganidan keyin kelgusi 3 yil ichida ko‘chmas mulk sohasidagi investisiya hajmini kamida 30% oshirish imkonini yaratgan;
ko‘chmas mulkni soliqqa tortishning mualliflik modelida obektning huquqiy maqomi, funksional foydalanish maqsadi, joylashuv jihati va bozordagi nisbiy likvidligini inobatga olgan holda soliq miqdorini hisoblashga imkon beradigan parametrik yondashuv orqali ko‘chmas mulk soliq tushumlarini 18-22% ga oshirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-martdagi “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-43-son Farmonini shakllantirishda hamda uslubiy tavsiyalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 18-apreldagi 21/1-46110-sonli ma’lumotnomasi). Ommaviy baholash metodologiyasining amaliyotga joriy etilishi ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va muntazam yangilanib boradigan yagona raqamli platforma hamda metodologiyaga asoslangan axborot bazasining shakllanishiga turtki berib, bu esa adolatlilik tamoyilini ta’minlaydi, shaffoflikni oshiradi va korrupsiya xavfini kamaytiradi. Qolaversa, ushbu taklif asosida ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasidagi organlar va ularning vazifalari belgilangan;
ko‘chmas mulkni kadastr baholash jarayonini davlat tomonidan boshqarishni joriy etish, ko‘chmas mulkni kadastr baholash bo‘yicha Milliy markazni tashkil etish hamda oliy ta’lim tizimida yangi “Soliq bahosi” mutaxassisligini joriy etish orqali soliq solish va ko‘chmas mulkni kadastr baholash institutini barqaror rivojlantirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-martdagi “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-43-son Farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 18-apreldagi 21/1-46110-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu model amaliyotga joriy etilganidan keyin, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish va baholash sohasi bo‘yicha “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash Milliy markazi” tashkil etildi. Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kadastr agentligi hamkorligida mamlakatimizda ko‘chmas mulkni soliqqa tortish va baholash instituti yoʻlga qo‘yildi. Ko‘chmas mulkni soliqqa tortishning va kadastr baholash institusionallashuvi modeli nafaqat soliq tizimini modernizatsiya qilish, balki hududlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, moliyaviy barqarorlikni kuchaytirish va soliq siyosatida xalqaro standartlarga mos mexanizmlarni joriy etish yoʻlida muhim qadam hisoblandi. Shuningdek, mazkur taklif O‘zbekistonning 2027-yilgacha mo‘ljallangan fiskal strategiyasi doirasida barqaror rivojlanishga erishish uchun muhim vosita bo‘lgan;
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun ko‘chmas mulk solig‘ida ijtimoiy imtiyozlarning turli ssenariylari va ko‘chmas mulkni soliqqa tortishda ommaviy baholashni takomillashtirish maqsadida qurilgan ekonometrik modellari “O‘zbekiston Respublikasining 2025-2027-yilga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasi”ni ishlab chiqishda hamda byudjet-soliq siyosatiga oid ishchi hujjatlari va qarorlarini shakllantirishda, uslubiy tavsiyalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 18-apreldagi 21/1-46110-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ekonometrik modellarga asoslangan prognoz baholash ko‘chmas mulkning real bozor qiymatini aniqroq baholash, hisoblash uchun adolatli va shaffof bazani yaratish, turli hududlardagi mulk qiymatini taqqoslash imkonini berib, O‘zbekiston Respublikasining moliyaviy strategiyalarini rivojlantirishda, soliqqa tortish jarayonini yanada optimallashtirishda va fiskal barqarorlikni ta’minlashda hamda byudjet-soliq siyosatini samarali yuritishda muhim asos yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish